Qashqadaryoda giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirgan shaxs ushlandi

Jamiyat 09:53 / 04.06.2020 4453

2020 yil 27 may kuni soat 22:30da Qarshi shahri IIO FMB xodimlari tomonidan “Qoradori-2020” tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Tadbir davomida 30 yoshli A.N.ning Qarshi tumani “To‘qmang‘it” qishlog‘i hududidan ijaraga olgan uyi ko‘zdan kechirilganida, ushbu uyda jami 11 tup yashil rangli, o‘tkir hidli o‘simlikni maxsus idishlarga ekib, parvarishlab, yetishtirib kelayotganligi, shuningdek, ushbu o‘simlik barglarini quritgan holda saqlab kelayotganligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda hujjatlashtirib olingan. 

Sud kimyoviy ekspertiza xulosasida A.N.ning yashash xonadonidan olingan sof og‘irligi 188 gramm o‘tkir hidli o‘simliklar “kannabis” o‘simligi ekanligi, sof og‘irligi 13,5 grammni tashkil qilgan quritilayotgan o‘tkir hidli o‘simlik barglari esa “marixuana” giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlangan. 

Holat yuzasidan Qarshi shahri IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan A.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi (Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) va 25,273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.N. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

Ko‘proq yangiliklar: