Soliqchilarning hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risidagi so‘rovnomasiga 5 kun ichida javob berish kerak bo‘ladi

Jamiyat 09:06 / 03.06.2020 4900

Norma’ning yozishicha, kameral soliq tekshiruvi soliq organi tomonidan soliq to‘lovchi (soliq agenti) taqdim etgan quyidagi hujjatlarni tahlil qilish asosida o‘tkaziladi:

soliq hisobotlari;

moliyaviy hisobotlar;

uning faoliyati to‘g‘risida soliq organida mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar va ma'lumotlar.
 
U soliq majburiyati bo‘yicha da'vo muddati o‘tmagan davrlarga nisbatan o‘tkazilishi mumkin. Tekshiruv soliq organi joylashgan joyda amalga oshiriladi, soliq to‘lovchining hudud va binolarini ko‘zdan kechirish (SK 145-moddasiga muvofiq) bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno.
 
Kameral soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining buyrug‘i asosida quyidagi hollarda o‘tkaziladi:

soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori yoki o‘rtacha bo‘lganda;

soliq organiga jismoniy va yuridik shaxslarning soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi haqidagi murojaatlari kelib tushganda;

soliq hisobotida xato va (yoki) tafovutlar aniqlanganda.
 
Kameral tekshiruv jarayonida soliq organi so‘rovnoma (talabnoma) orqali soliq to‘lovchidan (soliq agentidan, uchinchi shaxsdan) hisob hujjatlarini, soliq hisoboti va hisob hujjatlariga doir tushuntirishlarni, soliqlarni va (yoki) yig‘imlarni hisoblab chiqarish va to‘lash bilan bog‘liq boshqa axborotlarni talab qilib olishi mumkin. So‘rovnoma soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi va jo‘natilgan sanadan e'tiboran 3 kundan keyin olingan deb hisoblanadi. Shaxsiy kabinet mavjud bo‘lmasa, so‘rovnoma pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi va u jo‘natilganidan so‘ng 5 kundan keyin olingan deb hisoblanadi.
 
Soliq organi tomonidan talab qilingan hujjatlar va tushuntirishlar so‘rovnoma (talabnoma) olingan kundan e'tiboran 5 kun ichida taqdim etilishi kerak. Soliq to‘lovchi uzrli sabablarga ko‘ra mazkur muddatda hujjatlarni taqdim etishga ulgurmasa, so‘rovnomani olgan paytdan boshlab 1 kun ichida uni uzaytirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishi kerak. Hujjatlar belgilangan muddatda taqdim etilmaganda Soliq kodeksining 111-moddasiga muvofiq soliq organi soliq to‘lovchining bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishga haqli.
 
Soliq nazoratini amalga oshirish uchun ahamiyatga ega biror-bir holat ma'lum bo‘lgan har qanday voyaga yetgan jismoniy shaxs ko‘rsatmalar berish uchun guvoh sifatida chaqirilishi mumkin. Zarurat tug‘ilganda soliq tekshiruvini amalga oshirishga doir tadbirlarda ishtirok etish uchun shartnoma asosida ekspert, mutaxassis va tarjimon jalb etilishi mumkin.
 
Kameral soliq tekshiruvi yakunlariga ko‘ra taqdim etilgan soliq hisobotida tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlangan hollarda, soliq organi soliq to‘lovchiga hisobotga tuzatish kiritish haqida talabnoma yuboradi. Soliq hisobotiga tuzatish kiritish haqida talabnoma yuborilgan sana kameral soliq tekshiruvi tugatilgan sana hisoblanadi. 
 
Kameral nazorat natijalari yuzasidan xulosa tuzilib, unda aniqlangan muhim dalillar va holatlar, xatolar va nomuvofiqliklar, boshqa axborot ko‘rsatiladi. Soliq organi rahbari kameral nazorat natijalarini 3 kun ichida ko‘rib chiqadi hamda tasdiqlaydi. Shundan so‘ng 2 kunlik muddatda soliq to‘lovchiga tegishli talabnoma yuboriladi.
 
Kameral soliq tekshiruvi materiallari soliq to‘lovchi hisobda turgan joydagi soliq organida tekshiruv tugagan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
 
Soliq to‘lovchi tekshiruvda aniqlangan soliq hisobotidagi tafovut va (yoki) soliq hisobotidagi xatolar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki tafovutlarni asoslantiruvchi hujjatlarni talabnoma olingan kundan boshlab 10 kun ichida taqdim etishi lozim.
 
Soliq organi talabnomaga javoban soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni 15 kun ichida ko‘rib chiqadi, shundan so‘ng soliq to‘lovchiga aniqlashtirilgan talabnoma yuboriladi. Soliq to‘lovchi ushbu talabnomani olgan kundan boshlab 5 kun ichida uni bajaradi.

Taqdim etilgan tafovut asosnomalariga to‘liq yoki qisman rozilik berilgan taqdirda soliq organi soliq to‘lovchiga ilgari yuborilgan talabnoma bekor qilinganligi to‘g‘risida bildirish xati yoxud soliq to‘lovchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summalari to‘g‘risida aniqlashtirilgan talabnoma yuboradi.
 
Soliq to‘lovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmasa (sh.j. aniqlashtirilgan talabnomadan keyin) yoki aniqlangan tafovutlar bo‘yicha asosnomalarni taqdim etmasa yoxud taqdim etgan asosnomalar yetarli emas deb topilsa, soliq organi soliq to‘lovchiga soliq auditini tayinlashga haqli.
 
Soliq (hisobot) davri uchun soliq monitoringi o‘tkazilayotgan bo‘lsa, bunday davr uchun kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.
 
Nizom talablari QQS summalarini qoplash bilan bog‘liq kameral soliq tekshiruvlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
 
Hujjat 29.05.2020 yildan kuchga kirgan.

Ko‘proq yangiliklar: