Oila kodeksiga «ko‘p bolali oila» tushunchasi va uning huquqiy maqomini belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda

O‘zbekiston 13:50 / 03.06.2020 8632

Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Parlament saytiga ko‘ra, ko‘p bolali oilalarning huquqiy maqomini aniq belgilash, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida ushbu tushunchaning bir xilda qo‘llanilishini ta'minlash maqsadida loyiha bilan Oila kodeksiga ham “ko‘p bolali oila” tushunchasi va uning huquqiy maqomini belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Unga ko‘ra, ota-ona yoki ulardan biri bilan birga yashayotgan to‘rt va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, shuningdek, kunduzgi ta'lim shaklida ta'lim olayotgan yigirma ikki yoshga to‘lmagan bolalari bo‘lgan oilalar ko‘p bolali oilalar hisoblanishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Soliq, Mehnat kodekslari hamda “Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari Oila kodeksiga kiritilishi taklif etilayotgan qo‘shimchaga muvofiqlashtirilmoqda.

Deputatlarning fikricha, mazkur hujjatning qabul qilinishi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotidagi turli xil yondashuvlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: