«Ikkinchi Mehnat kodeksi» bizga kerakmi? Yangi qonun loyihasi haqida mulohazalar

Jamiyat 14:08 / 03.06.2020 10316

Bir necha kun oldin Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Aytish kerakki, qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatchisiga amaldagi qonunchilikdagidan ko‘ra ancha qat'iy cheklovlar ko‘zda tutilmoqda.

Masalan, qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatchisi:

  • haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyat bundan mustasno);
  • shaxsan yoki ishonchli vakillar tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga;
  • tijorat tashkiloti boshqaruvi organi a'zosi bo‘lishga (davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlar bundan mustasno) haqli emasligi ko‘rsatilgan.

Endi ushbu cheklovlarning amaldagi qonunlarga muvofiqligi haqida mulohaza yuritib ko‘ramiz.

Amaldagi qonun hujjatlarida haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga oid cheklov Oliy Majlis deputati, sudya kabilarga belgilangan va bunday qat'iy cheklov ular faoliyatining o‘ziga xos va nozik jihatlaridan kelib chiqib belgilangan. Shuningdek, ularga beriladigan nisbatan ko‘proq ish haqi va yuqori darajadagi ijtimoiy kafolatlar bunday cheklovni belgilashga yo‘l ochadi.

Davlat fuqarolik xizmatchilarining barchasiga birday ushbu cheklovni qo‘yganga yarasha ularning barchasiga xuddi deputat yoki sudyalarnikidek oylik maosh beriladimi? Ijtimoiy kafolatlar-chi?

Bu cheklov amaldagi qonunchilikka qanchalik mos keladi?

Ma'lumki, Mehnat kodeksiga muvofiq xodim o‘rindoshlik va bir necha kasbda (lavozim)da ishlashi mumkin. O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra:

  • O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlari (texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari), davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari va tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va a'zolari;
  • viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlanadi.

Yuqoridagi qoidadan ko‘rinib turibdiki, haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga cheklov, asosan, yuqori lavozimlardagi davlat xizmatchilariga qo‘yilgan. Ushbu lavozimlar esa ishning xususiyatidan kelib chiqib belgilangan. Ya'ni, barchaga birday cheklov o‘rnatilmagan.

Shaxsan yoki ishonchli vakillar tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga oid taqiq haqida ham yuqorida bildirilgan mulohazalarni aytish mumkin. Bu borada ham taqiq amaldagi qonunchilikka binoan faqat ayrim toifadagi davlat xizmatchilariga nisbatan belgilangan. Hukumat qaroriga ko‘ra, quyidagi mansabdor shaxslarga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadi:

  • davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga;
  • davlat banklari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlariga, xizmat yuzasidan pul belgilariga va pul (bank) hujjatlariga bevosita aloqasi bo‘lgan mansabdor shaxslarga;
  • davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari rahbarlariga va ularning bank hujjatlariga imzo qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan o‘rinbosarlariga;
  • davlat ta'minot va savdo-sotiq korxonalari va tashkilotlarining rahbar xodimlariga;
  • tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish yoki bunday faoliyatni nazorat qilish vazifasiga kiruvchi davlat organlarining rahbar xodimlari va mutaxassislariga.

Ko‘rib turganimizdek, bunda ham, asosan, rahbar yoki rahbar o‘rinbosari lavozimidagi davlat xizmatchilariga cheklov o‘rnatilgan. Shunga ko‘ra, aytaylik, biror davlat muassasasi rahbari va ularning bank hujjatlariga imzo qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan o‘rinbosarlaridan tashqari boshqa lavozimdagi xodimlarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi mavjud. Endilikda esa bu huquqni bekor qilish taklif etilmoqda.

Tijorat tashkiloti boshqaruvi organi a'zosi bo‘lishga oid cheklovni ham barcha toifadagi davlat fuqarolik xizmatchilariga nisbatan tatbiq etish maqsadga muvofiq emas.

Qiziq jihati, qonun loyihasida ushbu cheklovlar qatorida tijorat tashkiloti ustav fondiga ulush qo‘shishga, tijorat tashkilotining aksiyalarini sotib olishga qo‘yilgan taqiqni uchratmaymiz. Axir, bu orqali ham davlat xizmatchilarining alohida toifalari tomonidan o‘z lavozimidan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanish holatlari yuzaga kelishi mumkin-ku?

Binobarin, davlat fuqarolik xizmatchisining tijorat tashkiloti boshqaruvi organi a'zosi bo‘lishida yuz berishi mumkin bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli davlat xizmatchisining tijorat tashkiloti ustav fondiga ulush qo‘shishdagidan ancha pastroq emasmi?!

Qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatchisiga qo‘llanishi mumkin bo‘lgan quyidagi beshta intizomiy jazo turlari nazarda tutilgan:

  • hayfsan;
  • xizmatga to‘liq munosib emasligi to‘g‘risida e'lon qilish;
  • malaka martabasini pasaytirish;
  • davlat lavozimida pasaytirish
  • egallab turgan davlat lavozomidan ozod qilish va Milliy kadrlar rezervidan chiqarish.

Mehnat kodeksimizning 181-moddasida esa xodimga mehnat intizomini buzgani uchun ish beruvchi tomonidan faqatgina hayfsan, jarima va mehnat shartnomasini bekor qilish kabi uch turdagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashi mumkinligi, xodimga ushbu moddada nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qo‘llash taqiqlanishi belgilangan.

Loyihadagi bu norma ham amaldagi qonunchilikka zid bo‘lib qolmoqda. Chunki, Mehnat kodeksi mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda qo‘llanadi. Qolaversa, ushbu Kodeksning 18-moddasida ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning belgilanadigan xususiyatlari ushbu Kodeksda nazarda tutilgan mehnat huquqlari va kafolatlarining darajasini pasaytirishi mumkin emasligi belgilangan.

Qonun loyihasiga e'tirozli jihatlardan yana biri – bu undagi normalar Mehnat kodeksining ko‘plab normalarini takrorlab kelayotganidadir. Masalan, mehnat shartnomasi, ish vaqti, xizmat safari, ijtimoiy himoya, mehnat va ijtimoiy ta'tillar, pensiya ta'minoti, davlat ijtimoiy sug‘urtasi, xizmatchining hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga yetkazilgan zararni to‘lash kabi masalalar Mehnat kodeksi orqali tartibga solingan. Bu qoidalarni qonunga ham kiritib, normalar takroriyligiga erishishdan ma'no yo‘q. Qonun imkoni boricha qisqa, lo‘nda, tushunarli va takrorlardan xoli bo‘lishi lozim. Yangi qonunda Mehnat kodeksida nazarda tutilmagan hamda davlat fuqarolik xizmati uchun xos bo‘lgan masalalar o‘z yechimini topishi kerak. Qonun loyihasida bunday masalalar ham yetarlicha topiladi. Davlat lavozimlarining guruh va kategoriyalari, davlat fuqarolik xizmatchilarining malaka va martaba darajalari, milliy kadrlar zaxirasi, davlat fuqarolik xizmatchilarining attestatsiyasi kabilarni bunga misol qilish mumkin.

Qisqa qilib aytganda, qonun loyihasidagi Mehnat kodeksida bor bo‘lgan normalarni chiqarib tashlash orqali qonunchilikda amaldagi kodeks bilan bir vaqtda davlat tashkilotlarida amal qiladigan «ikkinchi Mehnat kodeksi» paydo bo‘lishining oldi olinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Abbos Salaydinov
huquqshunos

Ko‘proq yangiliklar: