Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari tashkil etiladi 

O‘zbekiston 13:00 / 02.06.2020 2828

Vazirlar Mahkamasining “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

Markazlarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

zamonaviy oilaning namunali shaklini hamda “Oila – muqaddas”, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat”, “Oila jamiyat va davlat himoyasida” va “Farovon oila – jamiyat ravnaqining asosi” konseptual g‘oyalarini nikohlanuvchilarning ongiga singdirib borish;

nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va budjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha tizimli tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;

nikohlanuvchi shaxslarda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda sog‘lom ma'naviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirishda ko‘maklashish;

mashg‘ulotlar, nazariy-amaliy kurslar, mahorat saboqlari, davra suhbatlari, seminar-treninglarni ilg‘or ijobiy xorijiy tajribalarni inobatga olib, o‘quv jarayoniga eng so‘nggi ilmiy-uslubiy texnologiyalar
va reklama-axborot usullarini joriy etgan holda tashkil etish;

turmush qurish oldidan Markazlarda o‘qitilgan yosh oilalarning holatini har tomonlama o‘rganish va monitoring natijalaridan kelib chiqib,  o‘quvlarni yanada takomillashtirib muvofiqlashtirib borish.

Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarida Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larining “mahalla va oila” yo‘nalishining asosiy faoliyati turlaridan kelib chiquvchi tadbirlarga ajratiladigan qismi hisobidan moliyalashtiriladigan, qo‘shimcha bittadan shtat birligi – yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha yetakchi mutaxassis lavozimi joriy etiladi.

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha yetakchi mutaxassislar markazlarning faoliyatini samarali tashkil etishga shaxsan mas'ul hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: