O‘zbekiston JSTga a'zo bo‘lishi uchun maxsus komissiya tuzildi

O‘zbekiston 12:55 / 02.06.2020 5993

Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya  O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishi bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi va yo‘nalishlarni belgilaydigan kollegial organ hisoblanadi. Nizom bilan Idoralararo komissiyaning vazifalari va funksiyalari, tarkibi, faoliyatini tashkil etish va ishlash tartibi belgilangan. 
 
Norma’ning yozishicha, quyidagilar Idoralararo komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

JST Kotibiyatiga yoki JSTga a'zo mamlakatlarga kelgusida yuborish uchun Idoralararo komissiyaga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan hujjatlarni kelishish va tasdiqlash;

JST qoidalari va tamoyillariga muvofiqlashtirish va uyg‘unlashtirish maqsadida Idoralararo komissiya a'zolari va sohaga oid ishchi guruhlarning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarini kelishish;

JST bilan ishlash bo‘yicha muzokaralar guruhi bilan birgalikda strategik masalalar bo‘yicha, shu jumladan, O‘zbekistonning JSTga kirishi shartlari, shuningdek, JST a'zosi bo‘lgan mamlakatlar bilan ikki tomonlama, ko‘p tomonlama va har taraflama savdo muzokaralari jarayonidagi kelishuvlar va shartnomalar bo‘yicha O‘zbekistonning umumiy pozitsiyasini ishlab chiqish.
 
Idoralararo komissiya o‘z faoliyatini yig‘ilishlar shaklida amalga oshiradi, ular bir yilda kamida ikki marta o‘tkaziladi. Idoralararo komissiya yig‘ilishlariga materiallarni tayyorlash uning Kotibiyati – Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining JST bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi. Ko‘riladigan masalalar bo‘yicha qarorlar komissiya a'zolari tomonidan ochiq ovoz berish orqali ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
 
Idoralararo komissiya Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha hisobot kiritadi.
 
Hujjat 29.05.2020 yildan kuchga kirgan.

Ko‘proq yangiliklar: