«Mavsum sen uchun tugadi deyishgandi, ammo koronavirus yordam berdi». Azar, Suares, Reshford va safga qaytgan yana 5 yulduz

Sport 13:33 / 02.06.2020 13083

Qizig‘i, pandemiya og‘ir jarohatlar sababli uzoq muddatga safdan chiqqan aksariyat futbolchilar foydasiga ishladi. Bir necha oy oldin ular uchun mavsum yakunlangani aytilgan bo‘lsa, karantin bois majburiy ta'tilda jarohatidan tiklangan bu yetakchilar endi mavsumning yakuniy pallasini intizorlik bilan kutishmoqda.

Luis Suares

Klubi: «Barselona»

Qachon jarohat oldi: 11 yanvar kuni «Atletiko»ga qarshi kubok bahsida

Jarohat tashxisi: o‘ng tizza to‘qimasining shikastlanishi

Tiklanish uchun ketgan vaqt: 4 oy

 «Barselona» hujumchisi Luis Suares Ispaniya Superkubogi doirasida «Atletiko»ga qarshi bahsda o‘ng tizzasidan olgan jarohati sabab jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazgandi. Shundan keyin «Barsa» urugvaylik hujumchi uchun mavsum yakunlanganligini e'lon qilib, qishki transfer oynasida Luisning o‘rniga Martin Breytueytni yarim yilga taklif etgandi. Ammo 4 oylik tanaffusdan keyin Suares tiklanib, yana jamoasi bilan birga.

 «Mashg‘ulotlarda yaxshi sport formasiga kira oldik. Jamoa bilan birga mavsumning yakuniy pallasiga tayyorgarlik ko‘rayapman. «Mavsum sen uchun tugadi», deyishgandi. Ammo koronavirus menga vaqtdan yutishga yordam berdi. Endi «Barsa»ga yana yordam bera olaman», - deydi Luis Mundo Deportivo nashriga.

Usmon Dembele

Klubi: «Barselona»

Qachon jarohat oldi: 11 fevral kuni mashg‘ulot paytida

Jarohat tashxisi: son mushaklarining yorilishi

Tiklanish uchun ketgan vaqt: 5 oy

 Jarohatlarga moyilligi uchun «billur oyoq» nomini olgan Usmon Dembele La Ligada mavsumning eng omadsiz futbolchilaridan biriga aylanishga yaqin. 103 million yevrolik transfer o‘zini oqlay olmayotgani ispan matbuoti tomonidan bot-bot takrorlanmoqda. Pandemiya sababli yuzaga kelgan majburiy tanaffusdan fransiyalik hujumkor futbolchi unumli foydalana oldi va jamoaviy mashg‘ulotlarni boshladi. Kataloniya klubini tark etishi kutilayotgan Dembele jamoasining chempionlikni qo‘lga kiritishi yo‘lida o‘z ulushini qo‘shish uchun kurashsa ajabmas.

Pol Pogba

Klubi: «Manchester Yunayted»

Qachon jarohat oldi: 26 dekabr kuni «Nyukasl»ga qarshi tur o‘yini

Jarohat tashxisi: boldir bilan tovon suyagini biriktiruvchi bo‘g‘in shikastlanishi

Tiklanish uchun ketgan vaqt: 5 oy

 Pol Pogba oldida mavsumning eng omadsiz futbolchilari ro‘yxatidan chiqib ketish imkoniyati mavjud. Ushbu mavsumda ketma-ket ikki marta jarohat olib uzoq muddatga safdan chiqqan «MYu»ning fransiyalik yarimhimoyachisi 5 oylik tanaffusdan keyin jamoasi safida. Pogba mavsumning qolgan qismida «MYu»ga Yevropa ligasida zafar quchish hamda YeChL yo‘llanmasiga ega chiqish uchun yordam bera olsa, «qora ro‘yxat»dan o‘chirilishi mumkin. Sulsher maydon markazida Pogba-Fernandesh tandemini sinab ko‘rmoqchiligi haqida gapirgandi. Ko‘ramiz, manchesterliklar Pol qaytgach ham mavsumni yuqori kayfiyatda yakunlay olisharmikan...

Markus Reshford

Klubi: «Manchester Yunayted»

Qachon jarohat oldi: 15 yanvar kuni «Vulverhempton»ga qarshi Angliya kubogining 3-bosqichi

Jarohat tashxisi: bel va umrtqa pog‘onasi shikastlanishi

Tiklanish uchun ketgan vaqt: 4 oy

 «Manchester Yunayted» safida joriy mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘lib turgan Markus Reshford yanvar oyida belidan og‘ir jarohat olib, jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Natijada 4 oy maydonga tusha olmasligi taxmin qilinib, angliyalik 22 yoshli forvardning Sulsher jamoasiga mavsum oxirigacha yordam bera olmasligi ta'kidlangandi. Ammo karantin sababli Reshford yana safga qaytishga ulgurdi. Markus to‘purarlik salohiyati bilan endi yana jamoasini olg‘a boshlashi mumkin. Bungacha u so‘nggi 30 o‘yinda 19ta gol va 5ta golli uzatmaga mualliflik qilgandi.

 Harri Keyn

Klubi: «Tottenhem»

Qachon jarohat oldi: 1 yanvar kuni «Sauthempton»ga qarshi tur o‘yini

Jarohat tashxisi: son mushaklari shikastlanishi

Tiklanish uchun ketgan vaqt: 4 oy

 

 Mourino tarkib borasida inqirozli holatda qolgani haqida gapirganida haq edi. Portugaliyalik murabbiy APL mavsumi yakuni tobora birin-ketin yetakchilaridan ayrilgandi. Jumladan, 2020 yilning ilk kunida «Tottenhem» yetakchisi Harri Keyn uchun joriy mavsum yakuniga yetgani ma'lum bo‘ldi. Angliyalik forvard oyog‘idan olgan jarohati sababli jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘ldi va 4 oyga safdan chiqdi. Keyn va Mourinoning baxtiga karantin cho‘zilib, hozirda Harri «MYu»ga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Klub YeChL yo‘llanmasi uchun kurashishga umid qilayapti.

Son Hyon Min

Klubi: «Tottenhem»

Qachon jarohat oldi: 15 fevral kuni «Aston Villa»ga qarshi tur o‘yini

Jarohat tashxisi: o‘ng qo‘l sinishi

Tiklanish uchun ketgan vaqt: 2 oy

 

 Keyndan keyin «Tottenhem»ning yana bir hujumchisi Son Hyon Min ham 26-tur doirasidagi «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda qo‘lini sindirib olib, safdan chiqdi. Fevral oyi yakunidagi jarrohlik amaliyotidan keyin 27 yoshli koreyalik futbolchining ikki oyga safdan chiqishi ma'lum qilingandi. Tuzalgach o‘z vatani armiyasida xizmat qilib kelishga ham ulgurgan Son hozirda «Tottenhem» safida mavsum boshlanishini intizorlik bilan kutmoqda.

 Marko Asensio

Klubi: «Real»

Qachon jarohat oldi: 2019 yil 22 iyul kuni «Arsenal»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yini

Jarohat tashxisi: xochsimon paylarning shikastlanishi

Tiklanish uchun ketgan vaqt: 10 oy

 La Liga restarti oldidan «Real»ning yana bir futbolchisi uzoq muddatli jarohatidan nihoyat qutuldi. Joriy yilgi mavsum oldidan xalqaro chempionlar kubogi doirasida «Arsenal» bilan bahsda og‘ir jarohatga yo‘liqqan Marko Asensio uchun mavsum boshlanmay, tugaganligi aytilgandi. Ammo 10 oylik oraliqdan keyin ispaniyalik hujumkor yarimhimoyachi Zidan qo‘l ostida shug‘ullanishni boshladi. Asensio mavsum yakunida Zidan uchun «sehrli tayoqcha»ga aylanishi hech gapmas.

Eden Azar

Klubi: «Real»

Qachon jarohat oldi: 22 fevral kuni «Levante»ga qarshi tur o‘yini

Jarohat tashxisi: o‘ng oyoq to‘piq qismi shikastlanishi

Tiklanish uchun ketgan vaqt: 3 oy

 22 fevralda La Liga doirasidagi «Levante»ga qarshi o‘yinda jarohat olgan Eden Azar ham tiklanishga ulgurdi. 29 yoshli futbolchi uchun mavsum yakunlangani va u Yevro-2020da ham qatnasha olmasligi e'lon qilinganida, ispan matbuoti «Real»ning bu yilgi asosiy xaridiga «omadsiz» tamg‘asini bosgandi. Ammo koronavirus tufayli futbol uch oyga to‘xtatilganida Azar tayyorgarlikni boshladi. Belgiyalik yarimhimoyachi La Liga restartidan keyin «Real»dagi ilk o‘yinini 14 iyun kuni «Eybar»ga qarshi o‘tkazishi kutilmoqda. Azar kabi yetakchining qaytishi «Real»ga mavsumning yakuniy qismi uchun ayni muddao bo‘ldi.

U.Ibodov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: