Hazoraspda ilg‘or dehqonning yerlari qaytarib olindi. Hokimlik o‘z xatosi uchun fermerni balogardon qildimi?

Jamiyat 12:00 / 02.06.2020 25608

Hazorasp tumanining Yangibozor qishlog‘idagi «Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligi 2005 yildan beri paxta-g‘alla yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritib kelyapti. Unga tumandagi ilg‘or fermerlardan biri, 83 yoshli otaxon Bolta Davletov rahbarlik qilmoqda. 2019 yil yanvar oyidagi optimallashtirish natijasida fermer xo‘jaligi yerlari umumiy hisobda 109,9 gektarga yetkazildi.

Hokim yerni zaxiraga qaytarish va fermer xo‘jaligini tugatish jarayonini boshlash haqida qaror chiqardi

2020 yil 20 aprel kuni Hazorasp tumani hokimi O‘ktam Masharipovning «Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligiga tegishli 109,9 gektar yerni davlat zaxirasiga qaytarish, fermer xo‘jaligini qonunchilikda belgilangan tartibda tugatish jarayonini amalga oshirish, yerlarni esa qayta tanlovga qo‘yish haqida qaror chiqardi.  

Bunday qaror qabul qilinishiga nimalar sabab bo‘lgani fermer xo‘jaligiga tuman hokimligi tomonidan yuborilgan ogohlantirish xatida ko‘rsatilgan.

Unda 2019 yil hosili uchun (!) asosiy maydonga 52 gektar paxta ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 54,9 gektar (2,9 gektar ortiqcha) paxta ekilgani, 23,5 gektar g‘alla ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 23,5 gektar g‘alla ekilgani, 1,4 gektar sabzavot, 8,9 gektar poliz, 1 gektar kunjut, 2,7 gektar ozuqa ekinlar, 5,6 gektar sholi ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 4 gektar (1,6 gektar kam) sholi ekilgani va 9,1 gektar ekin yer maydoni ekilmasdan samarasiz foydalanilgani ko‘rsatilgan. Shuningdek, takroriy maydonga 2 gektar sabzavot, 1 gektar kungaboqar, 1,6 gektar kunjut umuman ekilmagani, 1 gektar dukkakli ekinlar o‘rniga 3 gektar, 17,9 gektar sholi o‘rniga 18,8 gektar va o‘zboshimchalik bilan 1,7 gektar ozuqa ekinlari ekilgani ta'kidlangan.

Bundan tashqari, «fermer xo‘jaligi rahbari M.Ro‘zmetov» tuman hokimligi bilan uzoq muddatli yer ijarasi shartnomasini tuzmasdan, yer maydonlaridan noqonuniy foydalanib kelayotgani ko‘rsatilgan. Aslida esa fermer xo‘jaligi rahbari B.Davletov hisoblanadi.

Hazorasp tumani hokimligi o‘z xatida «Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligiga ajratib berilgan yer maydonlarini ixtiyoriy ravishda 2020 yil 20 aprel kuniga qadar (ya'ni 3 kun ichida) tuman zaxirasiga qaytarib olish haqida ariza berishni, aks holda, yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olinishi haqida ogohlantirgan.

8 kun (!) kechikib jo‘natilgan va bir xil matndagi 2ta ogohlantirish xati

«Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligiga xuddi shunday mazmundagi yana bir ogohlantirish xatini «Yergeodezkadastr» Hazorasp tumani bo‘limi ham jo‘natgan. Qizig‘i shundaki, Hazorasp tumani hokimligi va «Yergeodezkadastr» Hazorasp tumani bo‘limi tomonidan yuborilgan xatlar nuqta-verguligacha bir xil bo‘lgan matnga ega. Buni qanday tushunish mumkin? Xatni kim kimdan va nima maqsadda ko‘chirgan?

Bundan tashqari, 18 aprel kuni yozilgan ogohlantirish xati va 20 aprelda yer zaxiraga qaytarilgani haqidagi Hazorasp tumani hokimligi qarori pochta orqali bir xil sanada – 26 aprel kuni (!) jo‘natilgan va 27 aprel kuni fermerga yetkazilgan. Amalda «Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligi rahbari Bolta Davletov 3 kun muhlat berilgani haqidagi ogohlantirish xati va qaytarib olingani haqidagi hokim qarorini 8 kundan (!) keyin olgan.

Ogohlantirish xatidagi tushunarsiz va asossiz ayblovlar

Hazorasp tumani hokimligining «Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligiga jo‘natilgan ogohlantirish xatida keltirilgan sabablarga e'tibor qaratamiz.

Birinchidan, ogohlantirish xatida keltirilgan sabablar 2019 yil (!) hosili bo‘yicha xulosa qilinmoqda. Agar bu sabablar rost bo‘lsa, nega Hazorasp tumani hokimligi yerni qishda emas, balki dehqonchilik mavsumi o‘rtasida, aprel oyida, ya'ni juda katta mablag‘lar evaziga ekish, sug‘orish ishlari amalga oshirilganidan keyin qaytarib olmoqda? Nima uchun bu «kamchiliklar»ga odatda hamma ish sarhisob qilinadigan yanvar va fevral oylarida e'tibor qaratilmagan?

Ikkinchidan, ogohlantirish xatida fermer xo‘jaligi rahbari M.Ro‘zmetov (aslida Bolta Davletov – izoh Kun.uz) tuman hokimligi bilan uzoq muddatli yer ijarasi shartnomasini tuzmasdan, yer maydonlaridan noqonuniy foydalanib kelayotgani ko‘rsatilgan. Ammo Bolta Davletovning qo‘lida Hazorasp tuman hokimligi bilan tuzilgan uzoq muddatli yer ijarasi shartnomasi bor va u yerlardan qonuniy foydalanib kelmoqda.

Hokimlik fermerni 9,1 gektar yerga ekin ekmaganlikda aybladi

«Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligi rahbari Bolta Davletov ogohlantirish xatida ko‘rsatilgan va hosildagi kamchiliklar bo‘yicha ayblovlarni asossiz deb hisoblayapti.

Bolta ota 15 yildan beri fermer bo‘lib ishlayotgan bo‘lsa, biror marta paxta yoki g‘alla hosili rejasini bajarishda jiddiy kamchilikka yo‘l qo‘ymagan. 2013 yilda otaxon gektaridan 40 sentner (!) paxta yetishtirib, o‘sha vaqtda bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyevning avtomobil mukofotiga sazovor bo‘lgan. To‘g‘ri, 2019 yil yakuniga ko‘ra paxta hosili 98 foizga bajarildi. Ammo fermer gektariga hisoblaganda paxtadan 35 sentner hosil olgan (odatda, hosildorlik o‘rtacha 30 sentner bo‘ladi), bu esa yuqori ko‘rsatkich.

Hazorasp tumani hokimligining ogohlantirish xatida «Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligi 9,1 gektar ekin yer maydoni ekilmasdan samarasiz foydalanilgani ko‘rsatilgan.

2019 yil yanvar oyida, optimallashtirish doirasida «Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligiga 9,1 gektar yer maydoni qo‘shib berilgan.

Aslida bu yer ekin maydonlari avvalroq shu joyga yaqin mahalla aholisiga tomorqa uchun ajratilgan va taqsimlab berilgan. Ammo maydonga chegaradosh bo‘lgan dalaga egalik qiluvchi fermer tomonidan yagona suv yo‘li o‘zboshimchalik bilan to‘silgan. Natijada, aholining tomorqalari suvsiz qolib ketgan. Bundan tashqari, fermer aholi yashash joylari va tomorqa yerlari yaqin bo‘lishiga qaramay, o‘ziga ajratilgan maydonga sholi ekkan. Sholi maydonidagi suv tomorqa yerlariga sizib o‘tgan va zax bosib ketgan. Natijada, tomorqa yerlari yaroqsiz holatga kelib qolgan.

Tomorqadan foydalanib kelayotgan aholi dehqonchilik qilish ilojsiz bo‘lib qolgani, ammo soliqlar baribir hisoblanayotgani, to‘lanishi shartligi tufayli yer maydonlarining tuprog‘ini noqonuniy ravishda qazib olib, sotib yuborishgan. Keyinchalik tomorqa yerlaridan foydalanishdan voz kechishgan.

2019 yil yanvar oyida mana shu 9,1 gektar yer maydonlari «Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgan.

Ayni paytda bu yerlarning ahvoli achinarli darajada: tuprog‘i qazib olinishi natijasida past-baland bo‘lib qolgan, sholi maydonidan suv sizib o‘tishi tufayli zax bosib yotibdi.

Hokimlik o‘z xatosini fermerning kuchi va mablag‘i bilan to‘g‘rilamoqchimi?

Fermer Bolta Davletov so‘zlariga ko‘ra, bu yer maydonlarini epaqaga keltirish uchun 400-500 mln so‘m mablag‘ talab qilinadi. Bunday mablag‘ unda yo‘q. Hazorasp tumani hokimligi esa fermerni bu yer maydonlariga ekin ekmaganlikda ayblamoqda. Aslida tuman hokimligi ushbu 9,1 gektar yerlarning meliorativ holatini nazorat qilganida, suv yo‘llarini ochib berganida, boshqa fermerlar aholi yashash joylariga yaqin hududda noqonuniy sholi ekishiga yo‘l qo‘ymaganida bu yer maydonlari achinarli ahvolga kelib qolmas edi. Qishloq aholisi ham shu yerlardan maqsadli foydalanib, o‘z daromadini va farovonligini oshirgan bo‘lardi. Endi esa hokimlik o‘z xatosini «Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligiga to‘g‘rilatishga urinmoqdami?

Hokimlik aybi bilan aholining tomorqalariga jiddiy zarar yetishi mumkin

Hazorasp tumani hokimligi nima uchun unumdor yerlarni bunday ahvolga tushib qolishiga yo‘l qo‘ygani, aholi daromadlarining manbayi bo‘lib turgan tomorqa yerlari abgor va achinarli ahvolga kelib qolgani, nega aholi yashash joylariga yaqin hududda sholi ekilishiga yo‘l qo‘ygani bizga qorong‘i. Buning oqibatini yaqin hududda yashaydigan odamlar tez orada bilib olishlari shubhasiz. Tajribada shu ma'lum bo‘lyaptiki, aholi uy-joylariga yaqin maydonlarga sholi ekilishi oqibatida tomorqalar, bog‘larga zax chiqib, dehqonchilik uchun yaroqsiz ahvolga kelib qoladi.

Bolta Davletov 15 yildan beri fermer bo‘lib ishlayapti, Hazorasp tumanida hurmat qozongan, ilg‘or fermerlardan biri hisoblanadi. 83 yoshli otaxon Hazorasp tumani hokimligi tomonidan o‘z fermer xo‘jaligiga nisbatan qilinayotgan bunday munosabatdan qattiq norozi bo‘lib turibdi. Fermer xo‘jaligida mehnat qilib, ro‘zg‘or tebratib yurgan 15 nafar xodim ham ishsiz qolish arafasida. Afsuski, xalqimiz uchun og‘ir bo‘lib turgan bunday vaziyatda ularning va oilasining taqdiri ham mavhumligicha qolmoqda.

«Saidov Davlat o‘g‘li Bolta» fermer xo‘jaligining bu yilgi g‘alla va paxta ekinlari ko‘zni quvontiradigan darajada yaxshi unib chiqqan. Otaxon Hazorasp tumani hokimligi bilan yuzaga kelgan mojaro sababli, «Hazorasp Tekstil» klasteri unga o‘g‘it yetkazib bermaganidan, natijada, paxtaga ikkinchi o‘g‘it berish kechikkanidan, bu esa hosildorlik pasayishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan kuyunmoqda – haqiqiy dehqonning qayg‘usi va xavotiri. Afsuski, rahbarlarga bunday fermerlar kerak emasga o‘xshaydi.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: