42 nafar yosh olimga prezident farmoni bilan ajratilgan uylar berilmayapti. Masalaga Senat aralashdi

Jamiyat 23:08 / 02.06.2020 9326

2019 yil iyul oyida prezident farmoni asosida yosh olimlarga Sergeli tumanidagi ko‘p qavatli uydan xonadonlar ajratilgan. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu uylar haligacha Fanlar Akademiyasining 42 nafar yosh olimiga berilmagan. Senat mazkur masala yuzasidan izoh so‘rab Toshkent shahar hokimiga so‘rov yubordi.

Jaloliddin Usmonov

“Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh yosh olimlarning qilgan murojaatlari yurtdoshlarimiz orasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Aniqlanishicha, 2019 yil iyul oyida prezident farmoni qabul qilinganidan so‘ng bank xodimlari, Fanlar Akademiyasi rahbarlari maxsus komissiya yordamida uy-joyga muhtoj ilmiy xodimlarni aniqlagan.

Uy-joyga muhtoj deb topilgan 42 nafar yosh olim va ularning oila a'zolariga 7 qavatli turarjoy ajratilgan. Ajratilgan binoda 42 ta xonadon bo‘lib, ular ikki va uch xonali kvartiralardan iborat. Uylarga da'vogar olimlar tomonidan 2019 yilning noyabr oyigacha 1 mlrd. 350 mln. so‘mdan ortiq pul mablag‘lari “Ipoteka” bankining Shayxontohur tumani filialiga to‘lab berilgan. Biroq ushbu uylar 2020 yil yanvar oyida qurib bitkazilgan bo‘lsa-da, yosh olimlarga berilmagan”, deydi Senat axborot xizmati rahbari Jaloliddin Usmonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Qayd etilishicha, mazkur masala Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Qo‘mita tomonidan yosh olimlar duch kelayotgan muammolar yuzasidan izoh so‘rab Toshkent shahar hokimiga senator so‘rovi yuborilgan.

“Hokimlik tomonidan ushbu so‘rovga javob olingandan so‘ng yana batafsil ma'lumot beriladi”, deyiladi Senat axborot xizmati xabarida.

Nega yosh olimlarimiz vatanga qaytmayapti?

O‘zbekistonda yosh olimlar faoliyatidagi muammo va yechimlarga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi

«Xorijdagi «oltinbosh»lar vatanga qaytishga tayyor, lekin ma'muriy to‘siqlar tufayli ularni yo‘qotyapmiz» – Ekspertlar yosh olimlar haqida

Ko‘proq yangiliklar: