Olmaliq KMK rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytiradi

Jamiyat 09:29 / 01.06.2020 2735

Bu Prezidentning 2020 yil 26 maydagi PQ-4731-son qarorida nazarda tutilgan.
 
Hujjatda «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishning I bosqichini amalga oshirish belgilangan.

Norma’ning yozishicha, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

2020-2024 yillarda karer qurish, shuningdek yiliga 60 mln tonna ruda qazib olish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan 3-son mis boyitish fabrikasi obektlarini loyihalashtirish, uskunalarni yetkazib berish va qurish bilan birga geologik qidiruv va konni o‘zlashtirish bo‘yicha kon-kapital ishlarining birinchi navbatini amalga oshirish;

2021-2025 yillarda yillik ishlab chiqarish hajmini 290 ming tonna katod misi, 38 tonna oltin va 203 tonna kumushga yetkazgan holda, metallurgiya kompleksi obektlarini loyihalashtirish, uskunalarni yetkazib berish va qurish ishlarining ikkinchi navbatini amalga oshirish.
 
Loyihani moliyalashtirish manbalari quyidagilar hisoblanadi:

«Olmaliq KMK» AJning 250 mln AQSh dollari miqdoridagi o‘z mablag‘lari, shu jumladan 2020 yilda 35 mln AQSh dollari;

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining (Jamg‘arma) Loyiha doirasida tuzilgan shartnomalarni inobatga olgan holda sotib olinadigan aksiyalarni o‘rnatilgan tartibda qo‘shimcha emissiya qilish hisobiga «Olmaliq KMK» AJ ustav kapitaliga yo‘naltiriladigan 1 mlrd AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar;

mahalliy va xalqaro moliya institutlari konsorsiumining 2021 yildan boshlab Loyihaning texnik-iqtisodiy asosi (TIA) ishlab chiqilgandan va yakuniy qiymati tasdiqlanganidan so‘ng jalb qilinadigan sindikatlangan krediti mablag‘lari.
 
3-son mis boyitish fabrikasini qurish uchun bosh pudratchi sifatida «tayyor holda topshirish» (YeRS) shartlarida «Renaissance Heavy Industries» MChJ (Rossiya) quyidagi shartnomalarni tuzish orqali jalb etiladi:

birinchi kontrakt – 2020 yil oxirigacha injiniring ishlari, bazaviy loyihalashtirish, zarur kapital xarajatlar hajmi va qiymatini kafolatlangan aniqlikda belgilash, shuningdek uzoq muddatda tayyor bo‘luvchi uskunalarni xarid qilish va oldinroq boshlanadigan qurilish ishlariga berish yuzasidan;

ikkinchi kontrakt – uskunalarni yetkazib berish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va 3-son mis boyitish fabrikasini «tayyor holda topshirish» (YeRS) shartlarida foydalanishga topshirish yuzasidan. Ushbu kontrakt birinchi kontrakt doirasida kapital xarajatlar qiymatini aniqlash yakunlariga ko‘ra tuziladi.
 
Loyiha doirasida «Renaissance Heavy Industries» kompaniyasi investitsiya banklari va konsultantlar bilan tuziladigan shartnomalarga, shuningdek istisno tariqasida, boshqa import kontraktlariga nisbatan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida majburiy ekspertiza va ro‘yxatdan o‘tkazish talablari tatbiq etilmaydi.
 
«Olmaliq KMK» AJga, istisno tariqasida, quyidagilarga ruxsat beriladi:

TIA tasdiqlangunga qadar Loyihani moliyalashtirishni amalga oshirish;

konsentratlar va metallurgiya xomashyosini zararsiz asosda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar (kontraktlar) bo‘yicha olib kirish.
 
«SFI Management Group» MChJ va «Olmaliq KMK» AJga Loyihani o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish hamda Jamg‘arma mablag‘lari va jalb etilayotgan sindikatlangan kreditdan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha javobgarlik yuklatiladi.
 
Hujjat 27.05.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: