Ijtimoiy himoya: ikkita nafaqa va ikkita ma'lumotnoma DXM orqali beriladi

O‘zbekiston 12:28 / 29.05.2020 6068

O‘tgan yili ayrim hududlarda tajriba loyihasi amalga oshirilayotganligi ma'lum qilingan edi, loyiha doirasida farzand tug‘ilganda va dafn marosimi uchun beriladigan nafaqalar Davlat xizmatlari markazlari (DXM) orqali tayinlanadigan bo‘ldi. Yangi hujjatga binoan ushbu tartib respublika bo‘ylab tatbiq etiladi. Tegishli ma'muriy reglamentlar tasdiqlandi.

 Norma’ning yozishicha, bundan tashqari DXM orqali quyidagi ma'lumotnomalar beriladi:

fuqaroning pensiya oluvchilar ro‘yxatida mavjudligi haqida;

pensiya miqdori to‘g‘risida.

 Nafaqalar va ma'lumotnomalarni rasmiylashtirish jarayoni to‘liq avtomatlashtiriladi. Buning uchun 2020 yil 1 iyunga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali xizmatlar ko‘rsatilishi joriy etiladi, shuningdek Pensiya jamg‘armasining (PJ) ma'lumotlar bazasi FHDYoning yagona elektron arxivi axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.  

 Farzand tug‘ilganda beriladigan nafaqa, PJning hududiy bo‘limlari tomonidan tayinlanadi hamda nafaqa olish uchun bola tug‘ilgan kundan e'tiboran 6 oy mobaynida murojaat etilgan taqdirda ishlamaydigan onalarga DXM orqali nafaqa beriladi. Ishlaydigan va o‘qiydigan ota-onalarga nafaqa ish yoki o‘qish joyidan to‘lanadi (Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 80-bandi).

 Dafn marosimi uchun nafaqa quyidagi holatlarda PJning hududiy bo‘limlari tomonidan tayinlanadi hamda DXM orqali rasmiylashtiriladi:

davlat pensiyasini oluvchi pensioner vafot etganda;

davlat ijtimoiy nafaqasini oluvchi fuqaro vafot etganda;

bola tug‘ilgan dastlabki haftada vafot etganda yoki o‘lik bola tug‘ilganda (perinatal o‘lim);

ish bilan band yoki ishsiz bo‘lgan shaxslar hamda fuqarolar yoki bolalarning ayrim toifalariga mansub bo‘lgan shaxslar vafot etganda;

O‘zbekistonda doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar vafot etganda va ular O‘zbekiston hududida dafn etilganda (Dafn marosimi uchun nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 6-bandi 1-xatboshisi).

 Nafaqa dafn marosimini o‘tkazishni o‘z zimmasiga olgan shaxsga beriladi.

 Xodim yoki uning qaramog‘idagi oila a'zosi vafot etgan taqdirda, tegishli korxona, muassasa yoki tashkilot tomonidan nafaqa tayinlanadi va to‘lanadi (Dafn marosimi uchun nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 6-bandi 2-xatboshisi).

 Nafaqa va ma'lumnomalarni olish uchun murojaat qilish tartibi

 Ikkala turdagi ma'lumotnomalarni olish tartib-taomillari bir xil. Xizmatlardan DXMga o‘zi kelib yoki YaIXDP orqali onlayn tarzda foydalanish mumkin. Xizmatlarni olish uchun murojaat etilganda elektron so‘rovnoma to‘ldiriladi, unda quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatiladi: ariza beruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, uning pasport seriyasi va raqami, JShShIR, tug‘ilganlik (vafot etganlik) haqidagi guvohnomaning seriyasi va raqami, bolaga (marhumga) aloqadorligi va boshqalar. Hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish talab etilmaydi. To‘ldirilgan so‘rovnoma 5 daqiqa mobaynida PJ bo‘limiga yuboriladi, u yerda 5 daqiqa mobaynida nafaqa puli tayinlanadi yoki uni tayinlash rad etiladi (sabablari ko‘rsatiladi). Keyin PJ bo‘limi nafaqani qachon va qayerdan olish kerakligi haqida xabardor qiladi.

 Fuqaroning pensiya oluvchilar ro‘yxatida mavjudligi haqida hamda pensiya miqdori to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarni DXM orqali olish tartibi yuqorida aytib o‘tilgan tartibga o‘xshashdir. Barcha tartib-taomillar bajarilganidan keyin QR-kod (matrik shtrix-kod) qo‘yilgan ma'lumotnoma rasmiylashtiriladi.

 Xizmatlar bepul ko‘rsatiladi.

 Hujjat 23.05.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: