Klaster hokim bilan sudlashmoqda: Hokimlik «Sultonteks»ni nimalarda ayblagan va ayblovlar qanchalik asosli?

Jamiyat 09:00 / 28.05.2020 51283

Kun.uz saytida avvalroq bu ilg‘or klaster tugatilayotgani haqida maqola e'lon qilingan edi. Biroq, qashqadaryolik mutasaddilar ushbu materialga tayinli munosabat bildira olishgani yo‘q.

«SULTONTEX GROUP»  xususiy korxonasi Qarshi tumanidagi jami 15 ming gektarda paxta yetishtiruvchi 500dan ziyod fermerlar bilan shartnoma imzolagan. Uning o‘zi ham 1300 gektar maydonga ega.

Klaster paxta yetishtiruvchi fermerlarga mexanizatsiya, o‘g‘it, dori, yoqilg‘idan yordam beradi, ularning yetishtirgan paxtasini paxta terish mashinalarida yig‘ib oladi. Hosilni o‘zi qayta ishlab, tola va chigitini ajratadi. Chigitdan yog‘ chiqaradi, toladan esa ip yigirib, tayyor mahsulot ishlab chiqarib, eksport qiladi.

Klaster barcha ishlab chiqarish sikllarini to‘liq qamrab olgan. Respublikada bunday klasterlar barmoq bilan sanarli. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Qashqadaryo viloyatiga safari davomida bu klaster faoliyati bilan shaxsan tanishgan.

Barchasi nimadan boshlangandi? Klaster faoliyati nega tugatib yuborilmoqda?

Ayni damda «SULTONTEX GROUP» Qarshi tuman hokimligining ayrim yolg‘on ma'lumotlari yuzasidan tuman ma'muriy sudiga murojaat qilgan, ish sudda ko‘rib chiqilmoqda.

Sud qanday yakuniy qarorga keladi, bundan bexabarmiz, unga ta'sir o‘tkazish niyatimiz ham yo‘q, biroq o‘quvchilarimizga «SULTONTEX GROUP» klasterining yopilishiga nimalar sabab bo‘lgani, umuman, uning yopilishi adolatli yo unday emasligi haqida xulosa chiqarishlari, mushohada qilishlari uchun vaziyatni yaqindan o‘rganish maqsadida Qarshiga bordik.

Klaster rahbari Nurbek Ergashevning hikoya qilishicha, Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevning 20 mart kuni Koson tumanida Qashqadaryo viloyatida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish hamda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida o‘tkazgan yig‘ilishidan keyin unda muammolar yuzaga kela boshlagan.

Yig‘ilishdan keyin tuzilgan bayonnomada Qashqadaryo viloyati hokimligi, «Agrobank» ATB, Markaziy bank viloyat Bosh boshqarmasi va tijorat banklarining g‘allani mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish va kimyoviy preparatlar bilan ishlov berish uchun yetishmaydigan mablag‘larni tijorat krediti, paxta-to‘qimachilik klasterlariga ajratiladigan paxta imtiyozli kredit mablag‘lari va fermer xo‘jaliklarining ustav fondiga jamg‘ariladigan mablag‘lar hisobidan qoplash to‘g‘risidagi noqonuniy takliflari ma'qullangan.

Nega noqonuniy? Chunki paxtachilikka ixtisoslashgan klaster g‘alladan umuman daromad qilmaydi, chunki g‘allani qayta ishlamaydi. Buning uchun g‘allachilik klasterlari tuzilgan. «SULTONTEX GROUP» klasteriga o‘zi bir tiyin daromad qilmaydigan g‘allachilik sohasi uchun «Agrobank» tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z sohasi bo‘lgan paxtachilikka ajratiladigan kredit mablag‘lari hisobidan qariyb 550 ming AQSh dollariga teng miqdordagi pul o‘tkazib berish vazifasi nega yuklanadi? Axir bu sog‘lom aqlga zid-ku?

Tabiiyki, klaster rahbari bunday qila olmasligi, bank mablag‘laridan maqsadsiz foydalana olmasligini aytganidan so‘ng muammolar boshlangan.

«Jazo» ham uzoq kuttirmagan. 2020 yil 8 aprel kuni Vazirlar Mahkamasida «Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilari — klasterlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» mavzusida o‘tkazilgan yig‘ilishda respublikada samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan va tugatilishi lozim bo‘lgan 16ta klaster korxonalari ro‘yxati tasdiqlangan. Ularning orasida «SULTONTEX GROUP» MChJ ham bor.

Yig‘ilish bayonida «SULTONTEX GROUP» MChJga quyidagicha ayblovlar qo‘yilgan:

1 . Paxta xomashyosini chuqur qayta ishlashning to‘liq siklni qamrab olgan qayta ishlash quvvatlari mavjud emas. Holbuki, to‘liq sikl mavjud.

2. 2020–2021 yillar uchun aniq hisob-kitoblarga asoslangan loyihalar ishlab chiqilmagan. Holbuki, umumiy qiymati 100 million AQSh dollariga teng loyihalar tasdiqlangan va prezidentga taqdimot qilingan.

3. Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga amaliy yordam ko‘rsatilmasligi oqibatida paxta yetishtirishda hosildorlik past bo‘lib, 2019 yilda 19,4 sentnerni tashkil etgan va 2018 yilga nisbatan 10,9 sentnerga pasaytirib yuborilgan. Bu ham yolg‘on. Qarshi tumanida o‘tgan yili hosildorlik pasaymagan, oshgan.

4. Fermer xo‘jaliklariga yetkazilgan moddiy resurslar va ko‘rsatilgan xizmatlar narxlarini oshirilgan qiymatda taqdim etib kelgan. Oqibatda, fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligi ta'minlanmayapti. Biz suhbatlashgan fermerlar esa buni tasdiqlashmadi.

Xulosaga ko‘ra, «SULTONTEX GROUP» paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati to‘xtatilib, o‘rnida fermer xo‘jaliklari kooperatsiyasi tashkil etish buyurilgan, endi tumandagi fermerlar o‘sha kooperatsiya bilan shartnoma imzolashga majburlanmoqda.

Biz 20 may kuni Qarshi tuman ma'muriy sudida sudya A.Rasulov raisligida davom etayotgan ochiq sud majlisining ikkinchisida qatnashdik.

Nurbek Ergashev Qarshi tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Maqsuda Mustafoyevaning noqonuniy xatti-harakatlari va ular keltirib chiqargan oqibatlar borasida sudga murojaat qilganini gapirib berdi.

Sud majlisi boshlanguncha ko‘chada yig‘ilib turgan ayrim fermerlar bilan ham gaplashdik. Sudda guvohlik berish uchun kelgan va bizga ro‘para bo‘lgan fermerlar o‘tgan mavsumda klaster bilan ishlashganidan mamnun ekanliklarini, barcha ish joyida bo‘lganini, ayni paytda klaster bilan shartnoma bekor qilinib, fermerlar kooperatsiya bilan shartnoma imzolanganidan so‘ng muammolar boshlanganini gapirib berishdi.

Xususan, o‘tgan mavsumda klaster bilan ishlashda o‘g‘it, texnika, yoqilg‘i, OVX masalasida muammolar bo‘lmagani tilga olib o‘tildi.

Fermerlarga tuman hokimligi tomonidan «SULTONTEX GROUP» tugatildi, degan xabar berilgan va ularda kooperatsiya bilan shartnoma imzolashdan o‘zga chora qolmagan. Ayrimlar mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan shartnoma imzolashga majburlangan.

Fermerlardan biri klaster dastlabki yil ishlashda tajribasizlik qilib, ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganini ta'kidladi, lekin aldov yo‘li orqali kooperatsiya bilan ishlashga fermerlarni majburlamaslik, klaster yo kooperatsiyadan birini tanlashni fermerlarning ixtiyoriga qo‘yib berish kerakligini aytib o‘tdi.

Eng qizig‘i, klaster yangicha usulda, yangi texnologiyalar bilan chigit qadab bergan fermerlarga ham bundan buyog‘iga klaster bilan ishlamaslik sharti qo‘yilmoqda. Ya'ni, fermerlarlarga xizmat ko‘rsatuvchi mexnazatsiyalashgan texnika vositalari faqat «SULTONTEX GROUP»da bor. Lekin fermerga «SULTONTEX GROUP»ga pul o‘tkazib, texnika xizmatidan foydalanishga izn berilmayapti.

Sud zalida guvohlik ko‘rsatmasi bergan fermerlar ham klaster bilan ishlash ular uchun manfaatli va foydali bo‘lganini qayd etib o‘tishdi.

Shu kuni Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva mazkur sudga chaqirilganiga qaramasdan sud ishiga kelmadi. Bizga intervyu berishni istamagan (keyinroq sud zalida u jurnalistlardan o‘zini 5 marta internetga chiqarishganiga e'tiroz ham bildirdi) tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akrom Aripov suddagi chiqishi asnosida savollarga javob bera turib, Nurbek Ergashevning bosh «ayb»ini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, N.Ergashev manmansiragan, tuman rahbarlarining telefonini ko‘tarmaydi va majlislarda qatnashmaydi.

Shuningdek, Akrom Aripov g‘alla uchun klasterlardan pul talab qilinganini ham tan oldi. Buni esa hukumat topshirig‘ini qonun deb bilishi va uni bajarishga intilishi bilan izohladi.

Qiziq vaziyat yuzaga kelmoqda: viloyat hokimligi, «Agrobank»ning viloyat bo‘limi klaster uchun ziyonli bo‘lgan noqonuniy taklifni o‘rtaga tashlaydi, u hukumat raisi o‘rinbosari bayonnomasiga kiritiladi, uni qonun o‘laroq qabul qilgan tumandagi rahbarlar o‘zlari tayyorlab bergan ma'lumotlar asosida tayyorlangan topshiriqlarni bajarishga intilishadi.

Tan olish kerak, «SULTONTEX GROUP» klasteridan norozi fermerlar ham yo‘q emas, lekin ular ham asosan klaster rahbarini turli selektor va majlislarga kelmaslikda ayblashgan.

Xo‘p, «SULTONTEX GROUP» klasteri yomon ekan, hozir u tumanda paxtachilikka aralashmay turibdi, undan qutulishdi; xalq deputatlari tuman kengashi qarori bilan kooperatsiya tuzilgan, boyagi fermerlar bemalol kooperatsiya bilan ishlayverishi mumkin-ku? Yo‘q, bu fermerlar gap-so‘zlari bilan tuman hokimligi pozitsiyasini qo‘llab turishibdi. Holbuki, o‘tgan mavsumda klaster bilan ishlash oqibatida qandaydir zarar ko‘rgan bo‘lishsa yoki klasterning qandaydir qarzi bo‘lsa bemalol iqtisodiy sudga murojaat qilishlari mumkin edi-ku?

Bu borada paxtachilikdan chetlashtirilgan «SULTONTEX GROUP» klasterining 300dan ziyod, umumiy qiymati 8,5 million dollarlik yap-yangi texnikalari garajlarda turibdi.

50ger50g08.jpg (922×591)

Ularning orasida zamonaviy traktorlar, kultivatorlar, g‘o‘zaga dori sepish uskunalari, hattoki AQShdan keltirilgan paxta terish kombaynlari ham bor. 2020 yil hosil uchun mineral o‘g‘itlar va kimyoviy dori vositalari ham omborlarda «yaroqlilik muddati tugashi»ni kutib yotibdi.

«SULTONTEX GROUP» rahbari qishloq xo‘jaligini tushunadigan barcha kadrlar yetarli ekanligini ta'kidlab o‘tdi, klaster laboratoriyasida paxta zararkunandalariga qarshi kurashish uchun 17 ming gektarga yetadigan lichinkalar yetishtirib qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik.

Klaster, shuningdek, pul sarflab, dalalarga chuv chiqargan, kollektorlarni ta'mirlagan, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini tumanga sekin-asta joriy etayotgan edi.

Bosh vazir o‘rinbosariga yolg‘on va xato axborotlar bergan tuman hokimligi esa asosiy sanoat korxonalari Qarshi shahrida joylashgan klasterni tumanda ishlatmoqchi emas. Va bu mashmashalarning barchasi klasterga aloqasi bo‘lmagan g‘alla uchun 5,636 milliard so‘m bermagani oqibatidan kelib chiqmoqda.

Klaster rahbari bo‘lib o‘tayotgan ishlardan tushkun ahvolda. «Barchasini tarmoqqa yangilik yaratish, paxtachilikda hosildorlikni oshirish, unga zamonaviy texnologiyalarni olib kirish, ko‘proq ish o‘rni yaratish uchun qilgan edim», — dedi u biz bilan suhbatda. Ishlab chiqarish korxonalari Qarshi shahrida bo‘lsa ham ishchilar o‘rtasida Qarshi tumanidan qatnab ishlayotganlari ham bo‘lgan.

U bankdan olingan kreditlarni yopish uchun texnikalarni sotuvga qo‘yishga majbur bo‘lgan.

Holbuki, Qarshida ip yigiruv fabrikasi, undan chiroyli trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi, bir yil ichida qurilib ishga tushirilgan tikuvchilik fabrikasi faoliyat ko‘rsatib turibdi.

Klaster ixtiyorida paxta tozalash zavodi, yog‘ zavodi ham bo‘lib, ishlashga shay, o‘z navbatini kutmoqda.

Undagi so‘nggi rusumdagi dastgohlar Yevropadan keltirilgan. Tayyor mahsulotlar xorijga eksport qilinmoqda. Klaster o‘zi paxta yetishtirib, fermerlardan paxtani sotib olganida mahsulot tannarxi arzon bo‘lgan bo‘lar edi. Prezident tashabbusi bilan klaster tajribasi ommalashtirilganidan ham ko‘zlangan bosh maqsad shu edi. Endi birja orqali tola sotib olinsa mahsulotlar narxi oshishiga olib keladi.

Xo‘sh, bu mashmashalardan kim yutadi?

Eng qizig‘i shundaki, voqeani xolislik nuqtayi nazaridan yoritishga uringan ayrim blogerlar masalaning mohiyatga tushunmasdan, «klaster monopoliya o‘rnatgan», «u mafiya», «Toshkentda tankasi bor» degan bo‘hton fikrlarni ilgari surishmoqda hamda klasterga qarshi bo‘lgan fermerlarning fikrinigina olib chiqishmoqda. O‘zingiz o‘ylang, «Toshkentda tankasi bor» tadbirkorni mahalliy rahbarlar shu ahvolga sola olgan bo‘lisharmidi?

Yana bir jihat: klaster bilan ishlashga roziman, degan fermerlarni Qarshi tuman hokimligi klaster bilan shartnoma imzolashga qo‘ymayapti va fermerlarga kooperatsiya bilan majburiy shartnoma imzolatyapti. Bu holatda tumanda endi klaster o‘rniga kooperatsiya monopol bo‘lib qolaveradi-ku?

Holbuki ko‘plab fermerlar viloyat hokimi Z.Mirzayev, tuman hokimiga klaster bilan shartnoma tuzishga ruxsat so‘rab guruh-guruh bo‘lib jamoaviy xatlar yo‘llashmoqda. Ularning murojaatlari hanuz javobsiz qoldirilmoqda.

Xo‘sh, bu holatda fermerlar uchun endi nima yaxshi tomonga o‘zgaradi? Kooperatsiyada zamonaviy texnika ham yo‘q, o‘g‘it, kultivatsiya va boshqa masalalarda kooperatsiya bilan shartnoma imzolatilgan fermerlar allaqachon muammolarga duch kelishgan.

Barchasiga paxtachilik klasteri g‘alla hosilini yig‘ib olish uchun uchun pul ko‘chirib bermagani sabab bo‘lmoqda. Buni rasmiylar tomonidan imzolangan hujjatlar ham isbotlab turibdi. Hukumatga esa ma'lumotlarni tuman hokimligi tayyorlab bergan.

25 may kuni davom etgan sud majlisida tuman hokimi Mustafoyeva ham buni ochiq bo‘yniga olmadi. «Nima bo‘lgan bo‘lsa ham men ishga kelishimdan oldin bo‘lgan», deb ta'kidlagan u. Holbuki u 3 mart kuni hokimlikka tayinlangan va barcha voqealar shundan keyin boshlangan.

Boz ustiga, Mustafoyeva shu yil 10 aprel kuni o‘z imzosi bilan Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, viloyat hokimi Zoir Mirzayevga xat yo‘llab, «SULTONTEX GROUP» tumanda 2020 yil g‘alla hosili uchun azotli mineral o‘g‘it va kimyoviy dori vositalar uchun yetishmayotgan mablag‘larni qoplash uchun 5 milliard 636 million so‘mni hamon o‘tkazmay turganini yozgan.

Aslida gap buyoqda. Tuman rahbarlari daladan boshqa ishlari ham bisyor bo‘lgan klaster rahbarini majlislarga qatnashmagani uchun aybdor qilishdan boshqa vaj topa olishmayapti.

Tuman hokimligi fermerlarga zug‘um o‘tkazmasdan, ularga kim bilan shartnoma imzolashni o‘z ixtiyorlariga qo‘yib berishlari kerak emasmi aslida? Mayli, klaster bilan ishlashdan norozi fermerlar kooperatsiya bilan shartnoma imzolasin, klaster bilan ishlashga rozi bo‘lib turganlar esa klaster bilan bitim tuzsin.  

Aynan mana shu holatda six ham kuymasdi, kabob ham. Shunchalik qiyinmi shu narsaga qo‘yib berish? Qiyin shekilli...

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.
Faxriddin Hotamov, tasvirchi.

Ko‘proq yangiliklar: