Isroil Madrimovning ingliz nashridagi intervyusi: Xivadan Kaliforniyagacha, og‘ir o‘tgan bolaligi va orzu maqsadlari haqida

Sport 15:52 / 28.05.2020 12567

Angliyaning nufuzli thefight-site.com nashri o‘zbekistonlik bokschi Isroil Madrimov bilan katta intervyu tashkil qildi. O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati ushbu intervyuni o‘zbek tiliga tarjima qildi.

«Futbolchi bo‘lishni istaganman»

- Futbolni yaxshi ko‘rganim uchun avvaliga futbolchi bo‘lishni istardim. Lekin, 2005 yilda 10 yoshligimda boks zaliga borganimda ushbu sport menga yoqib qoldi. 2010 yilda meni milliy jamoaga chaqirishdi va 2011 yilda faoliyatimdagi eng yirik musobaqa - Qozog‘istonda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashib, kumush medalni qo‘lga kiritdim. Bu men uchun katta tajriba edi. O‘sha paytlari men murabbiyim To‘lqin Qilichevdan ko‘p narsa o‘rganganman. U hayotimda muhim o‘rin tutadigan insonlardan biri. Menga o‘rgatgan barcha narsasi uchun minnatdorman.

 O‘zbekiston boksda derjavaga aylanishi haqida

- O‘zbek boksining muvaffaqiyati aniq bir sabab emas, bir necha faktorlar sabab rivojlanib ketgan. Birinchidan, bu yerda intizom kuchli. Agar siz xato qilsangiz milliy jamoadan chetlatilasiz va raqobat kuchliligidan o‘z o‘rningizni qaytarib ololmaysiz. Har bir vaznda kuchli bokschilar bor. Men uchun asosiy raqib Mahmud Gaipov edi. Lekin biz yaqin do‘stlarmiz va bir-birimizni doimo qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu muhim narsa.

 Bolaligimda jamoada biz doimo tomosha qilib, kuzatadigan yetakchilar bo‘lardi. Men tengilar uchun bunday bokschi Elshod Rasulov (jahon chempionatining uch karra sovrindori) edi. Keyin Hasanboy Do‘smatov (Rio Olimpiadasi chempioni). Endi esa Bahodir Jalolov (JCh-2019 chempioni). Bunday sportchilardan ko‘p narsa o‘rganiladi.

 Mashg‘ulotlar ham juda muhim. Bizning murabbiylar Marat Qurbonov, Rahmatjon Ro‘zioxunov va To‘lqin Qilichev jahon miqyosida eng zo‘rlaridan hisoblanishadi. Ular bizni doimo bor kuchlari bilan turnirlarga tayyorlashardi. Bu oson emas, lekin biz birgalikda muvaffaqiyatga erishamiz. Qurbonov falsafasi bo‘yicha biz g‘olib bo‘lamiz. Shuning uchun O‘zbekistondagi boks muvaffaqiyati ko‘plab jihatlarga bog‘liq deb aytib o‘tdim.

 Havaskor boksdagi eng qiyin raqib va kelajagi porloq bokschilar haqida

- Abilxan Amankul va Eumir Marsiyalga qarshi qiyin janglar bo‘lgan, lekin men ularni 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida mag‘lub etganman. Marsiyal juda tezkor, Amankul esa tajribali. Har ikkisi ham kuchli jangchilar.

O‘ylaymanki, Abdumalik Xalakov yangi avlod bokschilari ichida eng kuchlisi bo‘ladi, uning kelajagi porloq va u iste'dodli. Biz uning jangchi sifatida kuchayib borayotganini ko‘ryapmiz va umid qilamanki, u vatanimiz g‘ururiga aylanadi.

 «Xivada yashash oson emasdi...»

- Bilasizmi, bu men uchun oson. Chunki men «special» emasman, o‘z orzusiga erishish uchun ko‘p mehnat qiladigan oddiy insonman. Atrofimda yaxshi jamoa to‘plangani mening omadim. Men tug‘ilib o‘sgan Xivada yashash oson emasdi. Amerikadan butkul farq qiladi. Men oilada eng kattasi edim, shuning uchun bir qator majburiyatlarim bor edi. Masalan isinish uchun o‘tin terib kelishim lozim edi, chunki isitish tizimi bo‘lmagan. Eslayman, bir kuni qishning qoq o‘rtasida kichik bola edim. Judayam sovuqligidan uxlay olmaganman va yig‘laganman. Bizda elektr toki va issiqlik yo‘q edi. Men oilam sharoitini yaxshilash uchun Allohdan so‘radim va qattiq mehnat qildim.

 Otam doimo menga kamtar va ochiqko‘ngil bo‘lib qolish lozimligini aytib kelardilar. Ular har birimiz uchun Allohning rizqi borligini aytganlar. Ushbu so‘zlar yuragimda saqlanadi. Ular menga qayerdan chiqqanimni eslatib turadi.

 Iymon-e'tiqodim men uchun juda muhim. G‘alabam ham, mag‘lubiyatim ham Allohning izni bilan bo‘ladi. Men o‘z kuchimga ishonaman, chunki ko‘p mehnat qilganman. Lekin Uning men bilan birgaligi kuch bag‘ishlaydi. Din doimo birinchi o‘rinda, undan keyin boks. Men hali orzularimni amalga oshirganim yo‘q, oldimda uzoq yo‘l turibdi.

 Olimpiadada ishtirok etadimi?

- Men doimo vatanim sharafini himoya qilib kelganman. Agar mendan buni so‘rashsa, bu men uchun g‘urur. Lekin, hozir bu eng asosiysi emas, chunki kelajakda muhim janglar turibdi. Uslubim Bektemirnikiga qaraganda professional ringga mos tushadi. Men havaskor boksda ko‘p narsa o‘rganganman, bunday tajribadan xursandman, lekin bu mening asosiy vazifam emas. Ko‘ramiz.

 Prof boks va Kaliforniyaga ko‘chib o‘tish

- Butunjahon boks seriyasida ishtirok etib, uzoqroq davom etadigan janglar bo‘yicha ozgina tajriba to‘plaganman. U yerda 7 ta jang o‘tkazganman. To‘g‘risini aytsam, tezda moslashdim. Lekin, men e'tibor bergan narsa (Joel Dias bilan ishlashni boshlagandan so‘ng) - mashg‘ulotlar biroz uzoqroq, 20 ta aylana mashqlar va shunga o‘xshash mashg‘ulotlar. Lekin men murabbiyimga ishonaman, u jamoa tarkibiga qo‘shilgan ilk kunimdanoq oila a'zosidek qabul qildi. Katta raqiblarga qarshi jang qilaman va ringda o‘zimni yaxshi his qilaman. Bu yerdagi mashg‘ulotlardan zavq olaman.

 Amerika uyimdan keskin farq qiladi. Lekin bu yerda jamoadoshlarim - Bektemir Meliqo‘ziyev, Bahodir Jalolov, Shahram G‘iyosiv, Murodjon Ahmadaliyev, Elnur Abduraimovlarning borligi mening omadim. Endi ularning barchasi professional. Biz birgaligimiz muhim va endi jahon chempioni bo‘lishga harakat qilamiz. O‘zbekistonda bizni qo‘llab-quvvatlayotganliklarini his qilib turibmiz.

 Kimga havas qilgani va uslubi ko‘proq kimga o‘xshashi haqida

- Men Kostya Tszyu, Roy Jons, Emmanuyel Ogastesning harakatlarini kuzatib katta bo‘lganman, lekin eng yoqqani Golovkin. Biz do‘stmiz va u Amerikaga borib, yulduz bo‘lish mumkinligini ko‘rsatgani uchun e'tiborga loyiq. Men uni ko‘p kuzataman va u ikki marotaba Kaneloni mag‘lub etdi.

 Uslubim bilan Golovkinning bosimi, Lomachenkoning ishlashi va Ogastesning ritmini birlashtirishini istayman. Chunki, ular aynan mana shu jihatlari bilan kuchli hisoblanishadi. Men ulardan ko‘p narsa o‘rganaman va o‘z janglarimga ushbu uslublarni qo‘shmoqchiman. Ularning barchasi buyuk jangchilar.

Kelasi besh yil uchun rejalari

- Avvaliga birinchi chempionlik kamarimni qo‘lga kiritmoqchiman, shundan so‘ng kamarlarni birlashtirib, mutlaq chempion bo‘lmoqchiman. Ushbu divizionda ajoyib janglar ko‘p bo‘ladi, chunki yaxshi jangchilar ko‘p. Lekin men eng yaxshisi ekanligimni isbotlamoqchiman. Shuningdek, Errol Spens va Denni Garsiya kabi bokschilar 154 funtga ko‘tarilishsa, ular bilan jang qilishni istardim. Agar 147 funtdagi bokschilardan kimdir men bilan jang qilishni istasa, muammo yo‘q. Men yarimo‘rta vaznga tusha olaman va biz jang qilishimiz mumkin.

154 funtdagi maqsadimga yetganimdan so‘ng o‘rta vaznga o‘tishni istardim, lekin hozircha bu haqida o‘ylayotganim yo‘q. 160 funtga (-72,5 kg) chiqish uchun vaqt kerak, jismoniy tomonlama ham kuchayish kerak. Menga vazn yig‘ish uchun vaqt kerak bo‘ladi, chunki u yerda kuchli jangchilar ko‘p. Men qachonlardir o‘rta vaznda ham sovrinlar uchun kurashmoqchiman.

 O‘zining eng asosiy jangini kimga qarshi o‘tkazishni istaydi?

- Kanelo. U buyuk jangchi va bu chorlov bo‘ladi. Bu men kelajakda ko‘rishni istagan jang bo‘ladi. Kelajakda jahonning eng yaxshisi sifatida o‘zimni ko‘rsatmoqchiman. O‘ylaymanki, 160 funt vaznda Kaneloga qarshi bo‘ladigan jang juda yaxshi to‘qnashuv bo‘lardi. Lekin men u vaznga ko‘tarilganimda Kanelo u yerda bo‘lmasligi ham mumkin. Ko‘ramiz. Men uchta divizionda - 147, 154, 160 funtlarda jang qila olaman. Bu yerda Spens ham bor.

 Jangchi sifatida unga nima motivatsiya bera oladi?

- Boks bilan shug‘ullanishni boshlaganda, ilk maqsadim oilamni ta'minlash bo‘lgan. Vatanim sha'ni men uchun juda muhim. Lekin pullar menga motivatsiya bermaydi, menga tarix motivatsiya bag‘ishlaydi. Men eng yaxshilarga qarshi jang qilmoqchiman va tarix yaratmoqchiman. Odamlar Golovkinga o‘xshagan bokschilarni ko‘rib, unga o‘xshashga harakat qilishgan. 20-30 yildan so‘ng men ham odamlarda yaxshi taassurot qoldirishni istayman. Maqsadim - meni eng yaxshilar bilan jang qilgan va hech qachon sinovlardan qochmagan buyuk chempion sifatida eslab qolishsin.

 Jahonda kimlarni eng yaxshi bokschi va murabbiylar deb hisoblaydi?

- Qiyin savol. Men Terens Kroufordni aytgan bo‘lardim. U bosim qila oladigan, har qanday pozitsiyada jang qila oladigan aqlli bokschi. Meyvezer esa hozir nafaqada. U himoyada juda yaxshi. Va albatta Lomachenko, Usik, Kanelo, Golovkin... Ular buyuk jangchilar. Shuningdek, yaqin orada O‘zbekistondan ko‘plab bokschilar o‘zlarini ko‘rsata boshlaydilar. Ular jahon chempioni bo‘lishadi.

 Shaxsiy murabbiyim Joel Dias jahondagi eng yaxshisi! Men boshqa murabbiylarni hatto tanimayman ham, Diasga to‘liq ishonaman va Kaliforniyada juda baxtliman. U meni cho‘qqiga olib chiqa oladi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy jamoasi murabbiylari Marat Qurbonov, To‘lqin Qilichev, Rahmatjon Ro‘zioxunovlar ham zo‘r. Ular o‘zbek boksining bugungi muvaffaqiyati sabab e'tirofga loyiq.

 Kelajakda Britaniyada jang qilishni istashi haqida

- Albatta, britaniyalik muxlislar jahondagi eng zo‘rlaridan biri hisoblanishadi, u yerda katta tarix bor. Ular ko‘z o‘ngida yodda qolarli jang o‘tkazish men uchun sharaf bo‘lardi. Men Britaniyada Liam Smit va Kell Brukka qarshi jang qilishni istardim, ularning har ikkisi ham men uchun yaxshi raqib bo‘la oladi.

 Muallifdan xulosa

Intervyudan olgan taassurotim shu bo‘ldiki, Isroil Madrimov o‘z iste'dodiga va atrofdagilarga ishonadigan oddiy odam. U yaqinlariga juda ishonadi. U har bir raqib haqida hurmat bilan gapirdi va ularning iste'dodini tan oldi. O‘z maqsadlari haqida aniq gapirib berdi. Biz bunday gaplarni ko‘p bokschilardan eshitganmiz, lekin Madrimov o‘zini boshqacha tutadi. Uning kamtarligi va g‘ururi o‘ziga mas'uliyatni ola biladigan, o‘z nomini tarix darsliklariga yozdirib qo‘yishga tayyor odamni eslatadi. Men Madrimovning faoliyati qay tarzda kechishini sabrsizlik bilan kutyapman va umid qilamanki uni yaqinda Londonda ko‘raman, deya suhbatni yakunlagan angliyalik jurnalist Taylor Xiggins.

O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: