Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 2 965 ta davlat ishtirokidagi korxona mavjud. Ularning aksariyati eski usulda, samarasiz ishlamoqda. Ushbu korxonalarning yarmidan ko‘pi hatto dividend to‘lash imkoniga ega emas.
2019 yil 14 yanvarda qabul qilingan «Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonida bu boradagi vazifalar belgilangan edi.
2019 yil 11 dekabr kuni prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu korxonalarni bozor prinsiplari asosida isloh qilish, xususiy investorlarga sotish bo‘yicha topshiriqlar berilgandi. Shundan kelib chiqib, respublika bo‘yicha yalpi xatlov o‘tkazildi.
Yil boshidan beri 299 ta davlat aktivlari 348 milliard so‘mga sotildi. Yangi investorlar ushbu obektlarga jami 3,3 trillion so‘m investitsiya kiritib, 4 700 nafar yangi ish o‘rinlari yaratish majburiyatini olgan.
Xususan, sobiq «Chorsu» mehmonxonasi, «Samarqandkimyo» korxonasi, «O‘zbekiston» mehmonxonasidagi davlat ulushi, Qo‘ng‘irot soda zavodi sotildi. Bu obektlarga 425 million dollar investitsiya kiritilib, 800 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Taqdimotda davlat aktivlarini xususiylashtirish, bo‘sh turgan obektlar va yer maydonlarini aniqlash hamda ulardan samarali foydalanish, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etishga doir rejalar haqida ma'lumot berildi.
Prezident sohadagi ishlarni davom ettirib, yana 1 400ga yaqin davlat aktivlarini xususiy investorlarga berishni tezlashtirish zarurligini ta'kidladi.
Vazirlar Mahkamasiga xususiylashtirish dasturini tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tarmoq rahbarlari bilan birga unumsiz ishlayotgan 711 ta korxonani tugatish, 262 tasini qayta tashkil etish, shuningdek, 500dan ziyod bozorlarni xususiy sektorga berish bo‘yicha yo‘nalishlar aniqlandi.
Davlat ixtiyorida saqlab qolinadigan korxonalarni boshqarish va isloh qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etish muhimligi qayd etildi.