Obodonlashtirish boshqarmalari tarkibida daraxtlarni himoya qilish bo‘limlari tashkil etiladi

Jamiyat 08:30 / 27.05.2020 3624

Vazirlar Mahkamasining “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish, ko‘chirib o‘tkazish va kompensatsiyaviy ekish tartibi to‘g‘risida Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, prezidentning “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019 yil 30 oktyabrdagi PF-5863-son farmon bilan 2019 yil 1 noyabridan 2020 yil 31 dekabrigacha davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatli turlarini kesishga moratoriy e'lon qilingan, tabiiy omillar yoki zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari ta'sirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tug‘diruvchi daraxtlar va butalarni sanitar kesish va qirqish bundan istisno.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2019 yil 17 yanvardagi 43-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish, kesish hamda daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritib, yangi tahrirda tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Moliya vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘simliklar karantini davlat qo‘mitasi va boshqa manfaatdor idoralar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda tuman va shahar hokimliklarining obodonlashtirish boshqarmalari tarkibida davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan daraxt va butalarni himoya qilish bo‘limlarini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Mazkur bo‘limlarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

daraxt va butalarni saqlab qolishni ta'minlash;

zararlangan daraxtlar, butalar va ularni o‘choqlarini aniqlash;

entomologik va fitopatologik izlanishlarni olib borish;

daraxt va butalarni muhofaza qilish, takror ko‘paytirish, tiklash va ularni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish;

daraxt va butalarni kompensatsiyaviy ekish joylarni belgilash;

daraxt va butalarning holati, kesish turlarini yoki ularni saqlab qolish bo‘yicha boshqa himoya choralarni ko‘rish yuzasidan xulosalar berish;

jamoat muhokamasida ishtirok etish.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Fanlar akademiyasi birgalikda uch oy muddatda:

daraxt va butalarni o‘sishini to‘xtatishga olib keladigan shikastlanish darajasini aniqlash me'yorlari;

davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish, ko‘chirib o‘tkazish va parvarish qilish qoidalari loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda qurilish, kapital ta'mirlash, qurilishi yakunlangan obektlarni obodonlashtirish, buzish ishlarini amalga oshirishda daraxt va butalarni saqlab qolish, shuningdek, ularni o‘sish muhitiga zararli ta'sirni oldini olish va hududni ko‘kalamzorlashtirish choralarni ko‘rish bo‘yicha normativ talablarni ishlab chiqib, tasdiqlaydilar.

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni parvarish qilish, kesish, ko‘chirib ekish va kompensatsiyaviy ekish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, u davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni parvarish qilish, xatlovdan o‘tkazish, kesish, ko‘chirib ekish va kompensatsiyaviy ekishni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Quyidagilar:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardagi ekinzorlarning ihota daraxtzorlari, shuningdek, boshqa daraxt va butalar;

temir yo‘llari, avtomobil yo‘llarining mintaqalaridagi, daryo va kanallar, suv havzalari (ko‘l, suv omborlar) va boshqa suv obektlarining atrofidagi ihota daraxtzorlari, shaharlarda va boshqa aholi punktlarida hamda shahar atrofi hududlarida ko‘kalamzorlashtirish uchun ekilgan daraxt va butalar;

yuridik shaxslar va yakka tadbirkorlar tomonidan ularga ajratilgan yer uchastkalarida qishloq xo‘jalik ekinlari va dekorativ o‘simlik sifatida ekilgan daraxt va butalar, shuningdek, fuqarolarga shaxsiy uy-joy qurish, dehqon xo‘jaligini, shaxsiy tomorqa xo‘jaligini yuritish, jamoa bog‘dorchilik va uzumchilik uchun ajratilgan yer uchastkalaridagi daraxt va butalar davlat o‘rmon fondiga kirmaydi.

Nizom talablari:

jismoniy shaxslarning tomorqa yer uchastkalarida o‘sadigan daraxtlar va butalarga;

pitomnik va plantatsiyalarda yetishtiriladigan daraxtlar va butalarga;

yuridik yoki jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan va ular tomonidan qurilish materiali hamda hosil olish maqsadida ekilgan daraxtlar va butalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnomalar berish va ularni g‘ayriqonuniy kesganlik uchun undiriladigan mablag‘lar Davlat ekologiya qo‘mitasining Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasining hisobvarag‘iga tushadi va uning 26 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga hamda viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlariga o‘tkaziladi.

Tut daraxtlarini g‘ayriqonuniy ravishda kesganlik, shikastlantirganlik yoki yo‘q qilganlik uchun undirilgan jarimalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Bunda, undirilgan jarimalarning 50 foizi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining hisobvarag‘iga, 26 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga hamda viloyatlar va Toshkent shahrining tegishli mahalliy budjetlariga o‘tkaziladi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi hisobvarag‘iga o‘tkazilgan mablag‘lar, qonunbuzarlik sodir etilgan hududda maqsadli ravishda yangi tut ko‘chatlarini ekishga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘larni boshqa maqsadlarga, shu jumladan, qarzdorlikni qoplashga yo‘naltirish taqiqlanadi.

Prezident hujjatlari va Hukumat qarorlariga muvofiq davlat budjeti hisobidan qurilish yoki rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan holatlarda daraxtlar va butalarni kesish uchun to‘lov undirilmaydi.

Daraxtlar va butalarni kesish uchun xulosalarni tayyorlash, ruxsatnomalar berish, ularni ko‘chirib ekish yoki kompensatsiyaviy ekish shartlarini kelishish uchun berilgan arizalarda ko‘rsatilgan asoslarni xolisona baholash maqsadida tuman (shahar) hokimligi huzurida doimiy asosda faoliyat yurituvchi daraxtlarni kesish, ko‘chirib ekish, kompensatsiyaviy ekish masalalari bo‘yicha komissiya (Komissiya) tashkil etiladi.

Komissiya tarkibiga kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari (komissiya raisi), qurilish va arxitektura, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri, o‘simliklar karantini organlari, obodonlashtirish boshqarmasi va ekologiya sohasida faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari kiritiladi.

Favqulodda holatlarda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarda daraxtlar va butalarni kesish uchun ruxsatnomalar berish, ularni ko‘chirib ekish, kompensatsiyaviy ekishni amalga oshirishning shartlarini kelishish uchun komissiya tarkibiga favqulodda vaziyatlar vazirligi, qishloq xo‘jaligi bo‘limlari va fermer xo‘jaliklari tuman kengashi vakillari kiritilishi mumkin.

Komissiyaning shaxsiy tarkibi tuman (shahar) hokimining qarori bilan tasdiqlanadi. Komissiyaning ishlash tartibi tuman (shahar) hokimi tomonidan tasdiqlanadigan Reglament bilan belgilanadi. Komissiyaning ishchi organi bo‘lib tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmasi (bo‘limi) hisoblanadi.

Qurilish va arxitektura organi tomonidan qurilish va rekonstruksiya ishlari rejalashtirilayotgan hududning xaritasi ishlab chiqiladi hamda unga kesilishi mumkin bo‘lgan daraxtlar va butalar to‘g‘risida dastlabki ma'lumotlar kiritiladi.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organi tomonidan xaritaga kiritilgan ma'lumotlar haqqoniyligi, shuningdek, daraxtlarning turi, yoshi, qurilish ishlari olib borilishiga ta'siri, uni ko‘chirib o‘tkazish yoki kompensatsiyaviy ekish to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tayyorlaydi.

Tuman (shahar) hokimliklari hamda yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri organlari tomonidan ko‘chirib ekish yoki kompensatsiyaviy ekish joylari to‘g‘risidagi ma'lumot taqdim etiladi.

O‘simliklar karantini organi:

o‘simliklar karantini obektlarini o‘z vaqtida aniqlash maqsadida daraxtlar va butalar joylashgan yerlarni va ularga tutash hududlarni nazorat tekshiruvlaridan o‘tkazishni tashkil etadi;

aniqlangan zararlanish o‘choqlarining kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni bartaraf etish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘radi;

daraxtlar va butalarni sog‘lomlashtirish va zararsizlantirish ustidan nazoratni amalga oshiradi;

tegishli hududni o‘simliklar karantini ostida deb e'lon qilish (karantinni bekor qilish), zarur karantin cheklovlarini qo‘llash to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdimnomalar yuboradi;

shuningdek, o‘simlik zararkunandalari ta'sirida zararlangan daraxtlarni kesish to‘g‘risida taklif kiritadi va xulosa beradi.

Obodonlashtirish boshqarmasi (bo‘limi) barcha ma'lumotlarni umumlashtiradi va tuman (shahar) hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga taqdim etadi hamda Komissiyaning yig‘ilishiga tayyorlaydi.

Daraxtlar va butalarni sanitariya maqsadida kesish tegishli ruxsatnomasiz va to‘lovlarsiz, Davlat ekologiya qo‘mitasining xulosasi asosida tabiiy omillar yoki o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklari ta'sirida zararlangan, quriyotgan, qurib qolgan, singan hamda insonning hayoti va sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga, turli kommunikatsiyalarga tahdid solayotgan, shoxlari betartib o‘sishi natijasida qo‘shilib ketgan yoki singan, avariya holatidagi daraxtlar va butalarni tag qismidan, tanasining bir qismini yoki ularning shoxlarini kesib olib tashlash bilan amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: