Saylov kodeksiga jiddiy o‘zgartirish kiritilishi kutilyapti. U siyosiy partiyalarning imzo to‘plashiga aloqador

O‘zbekiston 07:32 / 25.05.2020 11796

O‘zbekiston saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturi loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga qator o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritishni nazarda tutadigan qonun loyihasini tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Ularga ko‘ra:

bo‘shagan deputatlik o‘rinlariga saylov o‘tkazish uchun aniq muddatlarni belgilash;

parlamentda o‘z fraksiyasiga ega bo‘lgan siyosiy partiyalar uchun (kamida 9ta deputatlik o‘rni) saylovlarda ishtirok etish uchun saylovchilarning qo‘llab-quvvatlovchi imzolarini (parlament saylovida 40 mingta, prezidentlik saylovida saylovchilarning 1 foizi miqdorida) to‘plashi shart emasligi to‘g‘risidagi qoidani o‘rnatish;

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan saylovchilar imzolari zarur sonining barchasini tekshirish tartibini o‘rnatish, imzolarni haqiqiy emas deb topish asoslarini belgilash;

xorijiy davlatlarda istiqomat qiladigan fuqarolarning saylovda ishtirok etishiga oid kafolatlarini kengaytirish (saylovchilarni xorijdagi saylov uchastkasi saylovchilar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha interaktiv davlat xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, saylovchilar turgan joyida muddatdan oldin ovoz berish tartibini belgilash);

xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarini (OSK) tugatish va uning vakolatlarini tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklash;

saylov komissiyalari a'zolari mehnatiga haq to‘lash tartibini takomillashtirish, shu jumladan kompensatsiya to‘lovlarini hamda doimiy ish bilan band bo‘lmagan a'zolar, pensionerlar uchun ish haqi to‘lash tartibini yoritish;

nomzodning nomzodlikdan voz kechishi mumkinligi uchun aniq muddatlarni o‘rnatish (saylovga 15 kun qolgunga qadar);

saylovoldi tashviqoti davrida ayrim cheklovlarni olib tashlash, shu jumladan:

saylov komissiyalarining deputatlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga ko‘maklashish, uchrashuv joyi va vaqti haqida saylovchilarni oldindan xabardor qilishga oid vazifalarini bekor qilish;

siyosiy partiyalar va nomzodlar tomonidan saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsat berish tartib-taomilini bekor qilib, mahalliy hokimlik idoralarini oldindan xabardor qilish tartibini o‘rnatish;

ommaviy axborot vositalaridan (OAV) foydalanish tartibi, hajmi va vaqtini siyosiy partiyalar bilan kelishish tartibini bekor qilish;

davlat idoralari tomonidan o‘z resurslaridan siyosiy partiyalar va nomzodlarning saylovoldi tashviqoti uchun noqonuniy foydalanishini taqiqlovchi qoidalarni o‘rnatish;

viloyat, tuman, shahar, okrug saylov komissiyalarining saylov qonunchiligini buzganlik uchun ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzish vakolatini aks ettirish;

uchastka saylov komissiyalari (USK) a'zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi qoidani, diplomatik vakolatxonalarda, harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, sanatoriylar va dam olish uylarida, kasalxona va boshqa statsionar davolash muassasalarida tuzilgan uchastkalar uchun istisno etish;

saylov byulletenining matnini soddalashtirish, xususan byulleten matnidan nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi) va ish joyi haqidagi ma'lumotlarni chiqarib tashlash;

saylovchilar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritishni saylovga 5 kun qolganda to‘xtatish;

OAV sifatida ro‘yxatga olingan (akkreditatsiya qilingan) OAV vakillarini saylov komissiyalari tomonidan qayta akkreditatsiya qilish tartibini bekor qilish (Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilinmagan xorijiy OAV vakillari bundan mustasno);

kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish uchun saylov komissiyalariga murojaat qilish muddatini 15 kundan 10 kunga qadar qisqartirish;

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida hamda ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etadigan siyosiy partiyalarning vakolatli vakili maqomini aniqlashtirish;

OSK va USKlarning saylov natijalari to‘g‘risida bayonnomalarida ko‘rsatiladigan ma'lumotlarni bir-biriga moslashtirish (sanash jarayonini birxillashtirish orqali soddalashtirish);

OSK tomonidan okrug bo‘yicha saylov natijalari to‘g‘risida bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun OSK binosiga kamida 48 soat muddatga darhol osib qo‘yish lozimligi to‘g‘risidagi tartibni belgilash;

takroriy ovoz berish jarayonida mavjud huquqiy bo‘shliqlarni aniqlashtirish (takroriy ovoz berishda asosiy saylov kuni 18 yoshga to‘lgan fuqarolargina qatnashishi mumkinligi to‘g‘risidagi qoidani o‘rnatish va h.k.);

Markaziy saylov komissiyasi a'zosining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va Senat a'zosi bilan teng huquqiy maqomda transportda tekin yurish, rasmiy delegatsiyalar uchun mo‘ljallangan zallardan tekin foydalanish, navbatsiz chipta berish huquqlarini mustahkamlash;

siyosiy partiyalar va nomzodlar tomonidan moliyaviy qonun-qoidalar buzilganligi uchun javobgarlik choralarini joriy etish;

saylov komissiyalarining qarorlari ustidan shikoyat qilish muddatini 10 kundan 3 kunga qadar qisqartirish nazarda tutilgan.

Ijro muddati - 2020 yil avgust, mas'ul ijrochilar - MSK, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, siyosiy partiyalar, vazirlik va idoralar.

Ko‘proq yangiliklar: