Sardobada suv toshqinidan jabr ko‘rganlarning 75 foizga yaqini yashash manziliga qaytdi

O‘zbekiston 18:10 / 21.05.2020 5117

«Bugungi kunda Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridan evakuatsiya qilingan jami 89 ming 450 nafar aholini 66 ming 580 nafari yoki 74,4 foizi yashash manziliga qaytarildi. Shuningdek, 22 ming 870 nafar fuqaro evakuatsiya qilingan hududlarda qolishmoqda.

Evakuatsiya ishlari kunida Sirdaryo viloyati IIB xodimlaridan 1000 nafar xodim hamda ularga tegishli bo‘lgan 700dan ortiq avtoransport vositalari jalb qilindi.

Talafot yetgan hududlarni obodonlashtirish va xavfsiz hududga aylantirish uchun jami 1 ming 271 nafar ichki ishlar organlari xodimlari safarbar qilindi. Hozirda aholini evakuatsiya qilinishi natijasida, bo‘sh qolgan hududlarni muhofaza qilish uchun ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat 35ta piyoda va 25ta avtopatrul hamda 15ta joylarda to‘siq postlar tashkil etildi.

Shu bilan birga, evakuatsiya jarayonida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yaqin qarindoshlari bilan aloqasi uzilib qolgan

44 nafar shaxsning yaqin qarindoshlari bilan aloqalari tiklandi. Ularning 30 nafari erkaklar, 14 nafari ayollar.

Talafot qurboniga aylangan 6 kishining jasadi topilib, ularning shaxsiga aniqlik kiritildi. Suv bosgan hududlarda 74 dona ov quroliga ega bo‘lgan fuqarolarning xonadonlaridan barchasi tegishli tartibda rasmiylashtirilib, ichki ishlar bo‘limlariga saqlash uchun topshirildi», dedi G‘iyosov.

Vazirlik rasmiysi toshqinda fuqarolarning yo‘qolgan hujjatlari tiklab berilgani haqida axborot berdi. Ma'lum qilinishicha, suv toshqini oqibatida 3500ga yaqin fuqarolik pasportlari yo‘qolgan.

«Suv toshqinidan talafot ko‘rgan hududlarda o‘tkazilayotgan xatlov tadbiri davomida jami 3 448 nafar fuqaroning fuqarolik pasportlari yo‘qligi aniqlandi va shundan, 1116 nafar fuqaroning pasportlari topilib, o‘z egalariga qaytarildi. 1349 nafar fuqarolarga yangi biometrik pasportlar rasmiylashtirib berildi, 983 nafar shaxsga fuqarolik pasportlarini rasmiylashtirilmoqda. Ushbu fuqarolarning pasport olishlari uchun mablag‘lar davlat hisobidan qoplab berilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, 258 nafar fuqaroning transportga oid texnik hujjatlari talafot natijasida yo‘qolgani aniqlandi. 100 kishining haydovchilik guvohnomalari topilib, o‘z egalariga qaytarildi. Qolgan 158 nafar fuqaroga tegishli transport hujjatlarini rasmiylashtirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, haydovchilik guvohnomalari mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» o‘quv sport texnik klublari bazasidan tekshirilib, qisqa vaqt ichida qayta tiklab berilmoqda», dedi G‘iyosov.

Ko‘proq yangiliklar: