Chinoz tumanining Gulzorobod qishlog‘ida 5 nafar opa-singil duradgorlik bilan shug‘ullanadi. Duradgorlik ular uchun ota kasb. Otalari Normuhammad aka Eshtoyev betob bo‘lib qolganda besh qiz uni yolg‘izlatib qo‘ymadi.
“Ikki yil avval sog‘lig‘imda biroz muammo paydo bo‘ldi. Shifokorlar dastgohlarda ishlashimni man etishdi. Katta qizim Hulkarga holatni aytdim. U meni darhol tushundi. “Dadajon, siz xavotir olmang, damingizni oling, bizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib tursangiz bas, barchasini o‘zimiz eplaymiz”, dedi u. Baraka topishsin, hozir buyurtmalarning hammasini o‘zlari uddalashyapti. Shahardan taxta olib kelishdan tortib, hisob-kitob ishlarigacha o‘zlari eplashyapti”, –deydi Normuhammad aka.
– Aslida bu kasb men uchun ota meros bo‘lib, undan voz kecholmayman. 5 qiz, bir o‘g‘lim bor. O‘g‘lim kichkina bo‘lgani uchun hunarimni hozir qizlarim davom ettirishyapti. Ular bir-biriga juda mehribon. O‘z vazifalarini qunt bilan bajarishadi. Ishga jonu dili bilan kirishib, oxiriga yetkazmaguncha tinim bilishmaydi. Hulkarda ijodiy yondashuv kuchli. U yasagan qutichalari, suvenirlarini o‘zi dizaynerlik qilib bezaydi. Gavhar esa ro‘zg‘orda ishlatiladigan o‘qlov, jo‘va, xontaxta uchun qubbali oyoqlar yasaydi. Kamola xontaxta yasashni maromiga yetkazadi, – deydi faxr bilan ota.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, duradgor qizlar oilasi hozircha kerakli asbob-uskunalar va dastgohlar xarid qilishgan, besh turdagi xilma xil dastgohlarni mohirlik bilan boshqarishyapti. Bu yil ustaxonani kengaytirishni reja qilishgan.