Samarqand viloyatida fotoelektrik stansiya quriladi

O‘zbekiston 09:44 / 18.05.2020 5174

 
Hujjat bilan O‘zbekiston Hukumati nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, "Total Eren SA" Fransiya kompaniyasi va "Tutly Solar" MChJ shaklida xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona o‘rtasida 2019 yil 13 sentyabrda tuzilgan investitsiya bitimi tasdiqlandi.
 
Norma’ning yozishicha, Investitsiya bitimi Samarqand viloyatida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektrik stansiyani (FES) loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va 25 yil davomida ishlatish bilan bog‘liq Investor va Loyiha kompaniyasining majburiyatlarini nazarda tutadi.
 
Shuningdek, "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ va Loyiha kompaniyasi o‘rtasida 2019 yil 13 sentyabrda tuzilgan Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida bitim ma'qullandi.
 
"O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida bitim doirasida:

Loyiha kompaniyasi bilan Xaridorning ulanish vositalarini berish to‘g‘risida bitim tuzadi;

kuchlanishni oshiruvchi FES podstansiyasi foydalanishga topshirilib, mustaqil xalqaro maslahatchi tomonidan baholanganidan so‘ng uni Loyiha kompaniyasidan o‘z mulkiga qabul qilib oladi. Loyiha kompaniyasining tasdiqlangan xarajatlarini yagona to‘lov bilan qoplaydi;

FES bilan bog‘liq infratuzilmalar barpo etilishini ta'minlaydi;

FESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining uch oylik xaridini qoplash uchun majburiyatlar bajarilishining ta'minoti sifatida Loyiha kompaniyasi foydasiga chet el valutasida tasdiqlangan tiklanadigan akkreditivni ochadi.
 
Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Loyiha kompaniyasiga quyidagi huquqlar berildi:

kreditlash, xorijiy valutadagi mablag‘larni olish va ulardan foydalanish (shu jumladan, boshqalardan tashqari xorijiy valutada kredit mablag‘lari tushumlari) uchun chet eldagi xorijiy banklarda bank hisobvaraqlarini ochish;

O‘zbekistondan tashqaridagi xorijiy pudratchilar, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga to‘lovlarni O‘zbekistondagi bank hisobvaraqlari orqali o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish.
 
Qaror bilan belgilanishicha, 5.05.2015 yildagi PQ-2343-son qarorning 5-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida sotiladigan elektr energiyasi hajmlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
 
Qaror ko‘rsatilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun tegishli vazirliklarga berilgan qator topshiriqlarni o‘z ichiga olgan.
 
Hujjat 14.05.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: