Chempion hikoyalari. Devid Bekhem va uning uzatmalari

Sport 13:30 / 17.05.2020 18695

«Devid Bekhem chap oyoqda o‘ynay olmaydi, bosh bilan o‘ynay olmaydi, himoyalana olmaydi, kam gol uradi. Lekin qolgan jihatlari joyida» – buyuk Jorj Best birgina ta'rif bilan nafaqat Bekhemning kamchiliklarini sanagan, balki, uni o‘ziga xos futbolchiga aylantirgan sifatini ham keltirib bergan. Uning to‘p uzatishi barcha kamchiliklarining o‘rnini bosib ketardi.

Foto: David Ashdown/Getty Images

1994/95 yilgi mavsumda Devid atigi 19 yoshda edi, «Manchester Yunayted»ning o‘ng qanotida esa Andrey Kanchelskisning oldiga hech kim tusha olmasdi. Bekhemning iqtidori barchaga ma'lum, ammo maydonga unga hali joy yo‘q edi. O‘shanda Fergyuson uni ijaraga jo‘natib yubordi. Tanlangan klub ham ajoyib – to‘rtinchi ligada to‘p suradigan «Preston Nort End». Yaqindagina «MYu» asosiy tarkibida o‘zini ko‘rsata boshlagan David haqida esa gazetalar ham yoza boshlagandi hatto.

«Tanishing, Devid Bekhem, bundan keyin barcha jarima va burchak zarbalarini u ijro qiladi», – dedi «Preston» bosh murabbiyi Gari Piters.

Tabiiyki, bu hammaga yoqmadi. Shunday qilib, 19 yoshidayoq Devid faoliyatida bosimga duch keldi.

Bir necha kun o‘tib, jamoa safar o‘yiniga avtobusda ketayotgandi. Devid himoyachi Raymond Sharp bilan yonma-yon o‘tirib, gazeta o‘qirdi. Maqola Bekhemning o‘zi haqida bo‘lib, uning «Manchester Yunayted» safidagi ilk goli, undan keyingi hissiyotlar yoritilgandi. Shunda Raymond gazetani Devidning qo‘lidan tortib oldi va baland ovoz chiqarib, o‘qiy boshladi:

«Men Erik Kantonaning og‘ushiga o‘zimni otdim. Eh, qanday ajoyib, unutilmas hissiyot...»

Butun avtobus kulib yubordi.

«Men hech qachon biror odamning bu darajada qizarib ketganini ko‘rmagandim», – deb eslaydi «Preston»ning boshqa bir futbolchisi.

O‘yin boshlandi, Devid zaxirada qoldi. Ikkinchi bo‘limda bir necha daqiqa o‘ynash uchun maydonga tushirildi va jamoa burchak zarbasini tepish huquqini qo‘lga kiritdi. Aytilganidek, David to‘p oldiga bordi. U to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba bilan to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi.

Keyingi o‘yinda Bekhem jarima zarbasini golga aylantirdi. U kelguncha va ketgandan keyin «Preston»da standart zarbalarni ijro etgan Pol Raynorning aytishicha, Davidning mashg‘ulotlarda o‘zini tutishi boshqalardan ajralib turardi.

«Mashg‘ulotlar kun yarmida nihoyasiga yetardi. Ammo u to‘pni olib, bir o‘zi stadionda qolib ketardi. Soatlab aylanma zarbalarni mashq qilardi. Hatto bir necha marta yigitlar unga tanbeh ham berishgan», – deydi u.

«Preston» futbolchilariga yangi yulduzchaning ulardan boshqacha ekani, ko‘proq shug‘ullanishi yoqmasdi. Ammo aytish kerakki, Devid o‘zini birovga yoqish, o‘zini ko‘rsatish uchun qilmasdi. Bekhem doim shunday bo‘lgan.

«Kechki paytlari dadam ishdan qaytardi va biz yana shug‘ullanishga borardik. Uni darvozaga emas, sal oldinroqqa chiqarib qo‘yardim va to‘pni uning yonidan aylantirib o‘tkazishga harakat qilardim. Qorong‘i tushguncha mashq davom etar, ba'zida qolib ketib, derazalardan tushib turgan nur ostida ham to‘p tepaverardik. Yo‘ldan o‘tayotganlar bizni tentak deb o‘ylagan bo‘lishsa ham kerak.

Uyga qaytishda ham mashg‘ulot tugamasdi. Menga uyda to‘p tepish taqiqlangandi, shuning uchun singlimning yumshoq ayiqchasini olib, to‘p o‘rnida ishlatardim. Onam rosa kulardi», – deb eslagandi David Bekhem.

Bolaligidan Bekhemning ikki xususiyati bor edi. Birinchisi, u hech qachon kuchli zarba berishga urinmasdi, doim aylantirib tepardi. Ikkinchisi, nishon sifatida ma'lum bir bo‘shliqni emas, jismni tanlardi.

«David Bekhem Britaniyada eng zo‘r to‘p uzatuvchi ekaniga iqtidor emas, uning hech qachon shug‘ullanishdan to‘xtamasligi sabab. U o‘zidan ko‘ra iqtidori kamroq bo‘lgan futbolchilarga qaraganda ham, ko‘proq mehnat qiladi» – Ser Aleks Fergyusonning bu so‘zlari futbolchining eng muhim xususiyatini yana bir bor bizga eslatadi.

Foto: Mark Leech/Getty Images

Mana, Fergyusonning Bekhem haqidagi boshqa iqtibos: «Eng yaxshi futbolchilar hech qachon bir yerda to‘xtab qolmaydilar. Mukammallikka intilish yo‘lida, ular hatto o‘zlari bilan ham musobaqalashadilar. David ilk kelganida kuniga uch mahaldan shug‘ullanardi. Odatda, ta'tildan keyin futbolchilarni test qilib, qanday formada ekanlarini aniqlardim. U doim ajoyib sport formasida bo‘lardi. Ba'zida uni kuch bilan mashg‘ulotdan olib chiqib ketardik».

Mehnatkashlik – Bekhem deganda xayolga keladigan birinchi fazilat emas, ammo eng muhimi.

Bekhem 1994 yil dekabrida «Galatasaroy»ga qarshi o‘yinda
Foto: Ross Kinnaird/EMPICS via Getty Images

«Bekhem to‘pni juda qiyin zonalarga ham yetkazib bera oladi, lekin bu ustunligi uning boshqa fazilatini soyada qoldiradi. U to‘psiz ham juda katta hajmdagi ishni bajarardi», – deb eslaydi Davidning uzoq yillik jamoadoshi Gari Nevill. Uning aytishicha, «MYu»dagi ilk yillarda Bekhemning o‘yinlardagi o‘rtacha masofasi 12 kilometrni ham oshgan ekan.

Dribling, zarba, o‘yinni o‘qish, to‘p oshirish kabi alohida xislatlari bilan nom qozongan har qanday futbolchi faoliyati davomida bu iqtidorni rivojlantirib borgan. Bekhem bolaligidan aynan to‘p uzatmalarga qiziqardi. Bu Bekhemni bir kun kelib, har qanday turdagi krosslarning ustasiga aylantirdi.

Har qanday himoyachi to‘pni o‘ng qanotda qabul qilib olgan Bekhemning nima qilmoqchi bo‘layotganini bilib turardi – to‘pni hujumchining boshiga qo‘ndirish. Ammo uzatma amalga oshirilguncha, aynan qanday qilib bu amalga oshishi sir bo‘lib qolaverardi. U to‘pni oldinga tashlab, yuqori tezlikda krossni amalga oshira olardi. Shu bilan birga, to‘xtab turgan holatda ham, ko‘ngildagidek uzatma qilishga texnikasi yetarli edi. Ko‘pchilik eslamas, ammo aytish mumkinki, Bekhem chap oyoqda ham yaxshi kross qila olar, ya'ni himoyachini dog‘da qoldirib, chap oyoqda ham to‘p uzatish varianti ham doim mavjud bo‘lgan.

Lekin shunday bo‘lsa ham, agar qandaydir qonuniyat izlasak, Bekhem sal orqaroqdan turib to‘pni oshirishni yoqtirardi. Agar uzatma darvoza chizig‘i bilan parallel tarzda ketsa, xavf kamroq, darvozabon uchun ham, oldinga chiqib egallash qiyinchilik tug‘dirmaydi. Lekin faqat to‘p yetib borayotgandagina trayektoriya chiziqqa parallel bo‘ladigan aylanma to‘p faqat hujumchilarga qulay, himoyachilarga esa, yoqmaydi. Bekhemnning aksariyat assistlari ham aynan o‘ng qanot, orqaroqdan jarima maydoniga aylanma tarzda uzatilgan.

Yana bir o‘ziga xoslik – yuqori trayektoriya. Bekhemning jamoadoshlari bunga o‘rganib qolishgandi. To‘p ancha yuqoridan kelib, faqat manzilga yaqinlashganda, tezda pasayishni boshlardi. Raqiblar ko‘pincha bunga aldanib qolardilar.

Shu o‘rinda burchak zarbalarini ham eslash mumkin. Bekhem hayotidagi eng muhim ikki burchak zarbasini «Bavariya»ga qarshi Chempionlar Ligasi finalida amalga oshirgandi. Har ikki uzatma ham chap burchakdan amalga oshirilgan va Bekhem imkon qadar darvoza tomon aylantirishga harakat qilgan. O‘sha uzatmalar haqida keyinchalik Bekhem qo‘yidagilarni aytib bergandi: «Zarba ijro etishimdan oldin, jarima maydoniga yugurib kelayotgan Piter Shmeyxelni ko‘rdim. Uni kutib turishim kerak edi. Shunda, yoshligimizdagi mashg‘ulotlarni esladim. Piter bizning qanotdan to‘p oshirishlarimiz bilan shug‘ullanayotganda, agar to‘p noto‘g‘ri ketib qolsa, bizni qattiq koyir edi. Qo‘rqib ketdim, nima qilib bo‘lsa ham, yaxshi to‘p uzatishini amalga oshirishga majbur edim».

Aslini olganda, Bekhem uchun o‘ng qanotdan ijro etiladigan burchak to‘plari qulayroq. U to‘pni imkon qadar aylantirib uzatib berardiki, shunda to‘p darvozadan teskari tomonga burila boshlar, bunday uzatmalar darvozabonga maksimal darajada qiyinchilik tug‘dirardi. To‘pni yanada kuchliroq aylantirish uchun, ba'zida to‘pni tepishda noodatiy tarzda burchak hosil qilardi. 1997 yilning aprelida «Liverpul»ga qarshi o‘yinni eslash mumkin. O‘shanda Gari Pallister raqib darvozasini ikki bor nishonga olgan, har ikki golga ham David Bekhem burchak zarbasidan hammualliflik qilgandi.

Faoliyatining oxirgi damlarida Bekhem tezkorlikni yo‘qotgandi, ammo to‘p uzatish texnikasi, orqaroqdan turib aniq pas berish qobiliyati o‘zi bilan, yana bir necha yil yuqori saviyada o‘ynay oldi. «PSJ» va «Milan»da u o‘ng qanotda emas, markaziy yarim himoyachi sifatida harakat qildi va o‘yinlarni boshqardi.

Hatto hozir ham, Bekhem faoliyatini tugatganidan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, kimningdir yaxshi to‘p uzatmasini maqtash uchun aynan uning ismi tilga olinadi. Joriy mavsum boshida Gari Nevill Sky Spors efirida Kevin De Bryuyne haqida fikr yuritar ekan, uni Bekhemga qiyosladi.

«Kevin qanday qilib to‘pni jarima maydoniga uzatishi, ajoyib. U juda aqlli va qachon, qanday kuchdagi zarba bilan to‘p oshirishni yaxshi his qiladi. Kevinni kuzatar ekanman, beixtiyor, men ko‘rgan eng zo‘r to‘p oshiruvchi Bekhem bilan birga o‘ynagan paytlarimni eslayman. De Bryuynening uzatmalari ham kam emas va menimcha, uni maqtash uchun men bundan ortiq so‘z topa olmayapman».

 

Ko‘proq yangiliklar: