Avvalo aytish joiz, 13 mayga qadar 65 ming kishi Rossiyadan O‘zbekistonga qaytish istagini bildirib, charter reyslar ro‘yxatiga yozilgan.
Rossiyada millionlab o‘zbekistonliklar istiqomat qilishidan kelib chiqilsa, diplomatik vakolatxonalarga 65 mingta murojaat bo‘lganini notabiiy holat deb bo‘lmaydi. Shu bilan birga, vaziyatdan kelib chiqib ro‘yxatdagi barchaning vatanga qaytarilishi ehtimoli kamligini ham ta'kidlash lozim.
Hozircha qaytish istagini bildirganlar ma'lum mezonlar asosida saralab olinyapti va charter reyslarda olib kelinmoqda – vatandoshlarni poyezdda qaytarish rejasi bor-yo‘qligi noma'lum, hozircha rasmiylar tomonidan bu haqda biror fikr bildirilgani yo‘q.
Kutilayotgan charter reyslar
13-24 may kunlari xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun 13ta charter reys amalga oshirilishi belgilangan. Shulardan 7tasida Rossiyadagi o‘zbekistonliklar olib kelinadi.
14 may kuni Sankt-Peterburgga rejalashtirilgan parvoz haqida, 13 maydagi Istanbul reysi bilan bo‘lgani kabi, ma'lumot berilgani yo‘q. Rossiya shaharlariga kutilayotgan charter reyslar ro‘yxati quyidagicha (barchasi Toshkentga qo‘nishi rejalashtirilgan):
- 16 may. Rostov-Don — 11:00
- 17 may. Qozon — 11:00
- 18 may. Moskva — 7:20
- 19 may. Sankt-Peterburg — 8:35
- 20 may. Moskva — 7:20
- 23 may. Novosibirsk — 13:00
Yo‘lovchilar qanday tanlab olinadi?
Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, charter reyslarda birinchi navbatda quyidagi fuqarolar olib kelinadi:
- keksalar
- kasal fuqarolar
- homilador va bolali ayollar
- ilgari bekor qilingan doimiy reyslarga chiptasi bor fuqarolar.
Chipta narxi qancha?
Charter reyslar uchun chiptalar narxi minimal tarifdan yuqori bo‘lmasligi belgilangan.
- «Novosibirsk – Toshkent» – $186
- «Sankt-Peterburg – Toshkent» – $178
- «Rostov-Don – Toshkent» – $160
- «Qozon – Toshkent» – $148
- «Moskva – Toshkent» – $147
Chipta narxini oshirish holatlari yuz bersa, «O‘zbekiston havo yo‘llari» kompaniyasining koll-markaziga (+99871 140-02-02) murojaat qilish mumkin.
«Agar fuqaro charter reys uchun ro‘yxatdan o‘tgan va tasdiqlangan bo‘lsa, ammo chipta xarid qilishga mablag‘i bo‘lmasa, ularning qarindoshlari O‘zbekistondan turib chipta pulini to‘lashlari mumkin, ya'ni chiptalarni Toshkentdan sotib olish imkoniyati ham bor», – deydi Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov.
Olib kelinganlar kamida 14 kunga karantin majmuasiga joylashtiriladi va yashash sharoiti, oziq-ovqat, zaruriy maishiy jihozlar va gigiyena vositalari bilan ta'minlanadi.
Qo‘shimcha reyslar tashkil etiladimi?
Bu haqda hali rasman ma'lum qilinganicha yo‘q. Ammo Rossiyada og‘ir vaziyatda qolayotgan fuqarolarimiz soni ko‘pligini inobatga olib aytadigan bo‘lsak, katta ehtimol bilan charter reyslar bundan keyin ham tashkil etib boriladi va sharoitdan kelib chiqib, parvozlar kunora yoki haftasiga bir necha marta amalga oshiriladi, deb taxmin qilish mumkin.
Fikrimizcha, doimiy aviaqatnovlar tiklanguniga qadar vatandoshlarni olib kelish tadbirlari to‘xtab qolmaydi. Nafaqat Rossiya, balki O‘zbekiston fuqarolari ko‘pchilikni tashkil etadigan Turkiya, Hindiston, BAA va Yevropa davlatlaridan ham yana reyslar yo‘lga qo‘yilishi ehtimoldan xoli emas.
Bu haqda Maxsus komissiya tomonidan qo‘shimcha axborot berilishi aytilgan.
Charter reyslarga qanday ro‘yxatdan o‘tiladi?
Uch xil yo‘l bilan ro‘yxatga yozilish mumkin:
- Charter reyslarga ro‘yxatdan o‘tish formasini to‘ldirish orqali
- O‘zbekistonning Rossiyadagi konsullik muassalari tomonidan tashkil qilingan quyidagi Telegram manzillariga ma'lumot yuborish orqali: @UzKoRusBot, @UzKoRusChars1, @UzKoRusChars2, @UzKoRusChars3, @UzKoRusChars4
- O‘zbekistonning Rossiyadagi konsullik muassasalariga qo‘ng‘iroq qilish orqali:
- Koll-markaz: +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20
- Konsullikning tezkor shtab raqamlari: +79778061677, +79778061274, +79778061655, +79778061273
Bir martalik moddiy yordam
O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari 14 maydan e'tiboran karantin tufayli qiyin vaziyatda qolgan vatandoshlarga bir martalik pul mablag‘i to‘lab berishni boshladi.
Ushbu «Mehr» aksiyasi homiylik mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan. U orqali og‘ir vaziyatdagi o‘zbekistonliklarga Rossiyada belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kelib chiqqan holda (12 130 rubl — 165 dollar atrofida) bir martalik moddiy ko‘mak berilmoqda.
Moddiy yordam quyidagi toifadagi O‘zbekiston fuqarolariga beriladi:
- Nogironlar – tegishli tasdiqlovchi hujjat (ma'lumotnoma) taqdim etilgan taqdirda;
- Qaramog‘ida 2 yoshgacha farzandi bo‘lgan hamda homilasi 7 oylikdan oshgan ayollar – zarur tasdiqlovchi hujjatlar (bolaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma, tibbiyot muassasidan ma'lumotnoma) taqdim etilgan holda;
- Covid-19 tashxisi qo‘yilgan shaxslar – tegishli tasdiqlovchi hujjat asosida;
- Rossiya OTMlarining kunduzgi bo‘limlarida tahsil olayotgan talabalar – o‘qish joyidan tegishli ma'lumotnoma asnosida.
Ko‘mak olish uchun «mexr.rf» portali orqali murojaat yuborish lozim.
Bundan tashqari, Rossiyadagi o‘zbek faollari qiyin ahvoldagi vatandoshlar uchun yordam tadbirlarini o‘tkazmoqda. Og‘ir vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonliklar quyidagi so‘rovnomani to‘ldirish orqali ham saxovatpesha insonlardan ijtimoiy va moddiy ko‘mak olishlari mumkin.
Hozirga qadar charter reyslar va Rossiyadagi vatandoshlarga ko‘mak berilishiga doir hozirgacha e'lon qilingan asosiy axborotlar yuqoridagilardan iborat. Tahririyatimizga kelib tushayotgan ko‘plab savol va murojaatlarga javoban aytishimiz mumkinki, sayt xorijdagi va xususan Rossiyadagi hamyurtlarimizga aloqador muhim yangiliklarni berib borishda, ularning muammolari yuzasidan mutasaddi tashkilotlardan izoh so‘rashda davom etadi.
Maqolamiz so‘ngida bir masalaga diqqat qaratishni lozim topdik. Chet elda ma'lum muddat qolish uchun mablag‘i va shart-sharoiti bor yoki karantin sabab ishi to‘xtab qolmagan vatandoshlarimiz vaqtincha xorijda yashab turishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu orqali ular nafaqat Rossiya, balki jahonning boshqa mamlakatlariga ham tashkil etilayotgan charter reyslardagi cheklangan joylar haqiqatan ham yordamga muhtoj hamyurtlarimizga nasib etishiga hissa qo‘shgan bo‘lar edilar.
Vatanga qaytishga u qadar katta zarurati yo‘q vatandoshlarimiz o‘z qarorlarini yana bir bor o‘ylab ko‘rishlarini tavsiya qilgan bo‘lar edik. Boisi ular kelganlaridan so‘ng ham 14 kunga karantinga olinishadi va bu muddat bir oygacha cho‘zilishi ehtimoli yuqori. Qolaversa, O‘zbekistonda ham ko‘plab sohalarda karantin cheklovlari amal qilmoqda; vatanga qaytgach, hozirgi sharoitda bo‘sh ish o‘rinlarini topish ham oson bo‘lmaydi.
Xorijdagi barcha vatandoshlarimizni gigiyena qoidalariga rioya etib, imkon qadar salomatliklariga e'tiborli bo‘lishga chaqirib qolamiz.