Maqolaga munosabat: Maktab psixologlarining oylik maoshlari to‘lab beriladigan bo‘ldi

Jamiyat 17:22 / 16.05.2020 4960

14 may kuni Kun.uz saytida Andijon viloyati, Baliqchi tumani 2-umumta'lim maktabi psixologlarining muammolari yuzasidan «Baliqchidagi maktab psixologlari karantin davrida maoshsiz qoldirilgan. Nega bunday bo‘ldi?» sarlavhali tahliliy maqola e'lon qilingan edi.

«Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasi material keng ommaga taqdim etilgan kuniyoq, holatni batafsil o‘rganish maqsadida ishchi guruh tuzilganini bildirgan. Boshqarma matbuot xizmati 15 may kuni har ikki psixologning maoshi to‘la to‘lab berilgani haqida ma'lumot berdi.

«Joriy yilning 14 may kuni Kun.uz internet nashri orqali «Baliqchidagi maktab psixologlari karantin davrida maoshsiz qoldirilgan. Nega bunday bo‘ldi?» mavzusidagi maqola yuzasidan viloyat xalq ta'limi boshqarmasi matbuot xizmati quyidagilarni ma'lum qiladi. Avval xabar berganimizdek, mazkur holat bo‘yicha viloyat xalq ta'limi boshqarmasining soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tuzilgan edi. Mazkur ishchi guruh maqolada keltirilgan murojaatni joyiga borib o‘rganib chiqdi.

O‘rganish natijasida tumandagi 2-umumta'lim maktabining amaliyotchi ruhshunoslari Barchinoy Shermatova va Ibodat Dadamirzayevaga joriy yilning aprel oyi uchun ish haqi to‘lanmagani ma'lum bo‘ldi.

Tuman xalq ta'limi bo‘limi hisobchisi A.To‘xtaboyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirining 2020 yil 13 apreldagi 105-sonli buyrug‘ida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyatini tushinib yetmagani va noto‘g‘ri talqin qilgani oqibatida murojaat qilgan xodimlarning aprel oyi ish haqlari to‘lanmay qolgan. Shuning uchun unga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo chorasi ko‘rildi.

Murojaatchilar Barchinoy Shermatova va Ibodat Dadamirzayeva nomutaxassis kadrlar bo‘lsada, hozirgi karantin davrini inobatga olgan holda ularga aprel oyining ish haqlari joriy yilning may oyi avans to‘lovlariga qo‘shib to‘lab beriladi», deyiladi ma'lumotda.

Ko‘proq yangiliklar: