Boysundan bir guruh tadbirkorlar tuman markazidagi dehqon bozori hokimiyat tomonidan yopib qo‘yilishi yuzasidan murojaat yo‘llashdi. Ushbu murojaatga hamohang tarzda Kun.uz saytida va ijtimoiy tarmoqlarda ham xabarlar berildi.
Sayt muxbirlari tomonlarni eshitish, vaziyatni xolis o‘rganish maqsadida Surxondaryoga bordi.
Boysunning eski shahar qismida joylashgan mazkur dehqon bozorda jami 126ta do‘kon va rastalar bo‘lib, shundan 74tasi tadbirkorlarga tegishli.
So‘nggi bir oy davomida hokimlik tomonidan bozorni yopish borasida amaliy harakatlar boshlangan. Xususan, bozor yopilishidan norozi bo‘lib to‘plangan aholini tarqatish uchun IIB xodimlari jalb qilingan. Maxsus texnikalarda fuqarolarga suv purkalgan, ayrimlar IIBga olib borib, ogohlantirilgani ma'lum qilindi.
Shu o‘rinda fuqarolar bilan so‘nggi ziddiyatga olib kelgan holat haqida. 12 may kuni olingan videolarda ichki ishlar bo‘limi va Milliy gvardiya xodimlari o‘rab turgan ekskavator bozorga kiradigan yo‘lni qazib tashlashga urinayotgani aks etgandi.
Video yuzasidan Surxondaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati telegram kanalida izoh berildi. Unda ekskavator bozorni buzish uchun emas, balki «O‘zbektelekom» AK viloyat filiali Boysun telekommunikatsiya bog‘lanmasi tomonidan Alisher Navoiy va Istiqlol ko‘chalari bo‘ylab xalqaro optik tolali aloqa kabelini yotqizish maqsadida qazish ishlarini bajarish uchungina kiritilgani aytilgan.
Ammo tez orada viloyat hokimligi matbuot xizmati yolg‘on xabar tarqatgani ma'lum bo‘ldi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hokimlik ma'lumotini rad qildi. O‘sha kuni texnika hech qanday aloqa kabeli tortish uchun emas, aynan bozorni yopish maqsadida kiritilgani ma'lum bo‘ldi.
Sayt muxbirlari Boysunda «O‘zbektelekom» AK tuman bo‘limi xodimlari bilan uchrashishga harakat qildi. Lekin negadir ularni hatto hokimlik ham chaqirtirib ololmadi.
Darvoqe, bitta xato boshqalarini ham yetaklab kelishi rost. Kun.uz xodimlari va Surxondaryo televideniyesi kelishidan xabar topgan tuman hokimligi shoshilinchda qazilgan joyni ko‘mib tashlashga buyruq bergani ma'lum bo‘ldi. Aynan mana shu jarayonda obodonlashtirish boshqarmasi ishchilaridan birining oyog‘iga metall quvur tushib ketadi. Natijada u oyog‘ini sindirib olib, shifoxonaga yotqizilgani aytilmoqda.
Vaziyatga chuqurroq kirish maqsadida ayni vaqtda savdosi to‘xtab qolgan tadbirkorlarni suhbatga tortdik.
Yakka tartibdagi tadbirkor Fazliddin Salimov qariyb ikki oy davomida karantin sababli savdosi to‘xtab qolganini aytmoqda. Viloyatda karantin qoidalari yumshatilganidan foydalanib, yana tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan. «Ammo bozor yopib qo‘yilgani sababli ishsiz qoldim», deydi u.
Ma'lum bo‘lishicha, Boysun tuman hokimligining 2003 yil 20 oktyabrdagi qaroriga asosan «Dehqon (oziq-ovqat) bozor» MChJning 51 foiz ulushi tuman hokimligi, qolgan 49 foizi, ya'ni, asosiy vositalari muassislar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Muassislardan biri Shavkat Qodirov mazkur dehqon bozorda o‘zining ulushi 43 foiz ekanligini aytmoqda.
«Men bozorning yopilgani haqida yaqinda xabar topdim. Agar davlat bozorni buzish, yopish, rekonstruksiya qilishni lozim, deb topsa qarshiligim yo‘q. Vaholanki, bozorda ulushim bor, mulkdorman. Shunday ekan, qanaqasiga muassis yoki jamiyatning xabarisiz, qarorisiz bozorni yopib qo‘yish mumkin? Bozor ichkarisida menga tegishli bo‘lgan rastalar ham buzib tashlandi. Hamma narsa qonun doirasida bo‘lsin, tadbirkorning mulkiga daxl qilishga hech kimning haqqi yo‘q», dedi Sh.Qodirov.
Dehqon bozorning mas'ul xodimi Faxriddin Mavlonov aholi va IIB to‘qnashuvida kuch ishlatilgani haqida gapirmoqda.
«Ayollarni urib-so‘kib bozordan chiqarib tashlashdi. «Nachalnik melisa» (tuman IIB boshlig‘i – tahr.) bularni peshonasidan ot, deb aytdi. Hokim esa hushidan ketganlarni ukol qilinglar, qaytib turmasin, dedi. Ramazon kunlarida xalqni xo‘rlashdi», deydi F.Mavlonov.
Shahriniso Salimova Boysun tumani Posurxi mahallasidan kelib, bozorda ho‘l meva sotadi. U o‘ziga kuch ishlatilgani, hushidan ketib qolganini ma'lum qildi.
«Turmush o‘rtog‘im vafot etgan, besh nafar farzandim bor. Shu bozorda kuniga 15-20 ming so‘m pul topaman. Bizga hech kim yordam berishni istamayapti», deydi Shahriniso opa.
Ochig‘i, karantin sababli biz odamlar to‘planmasligini iltimos qilsak-da, tadbirkorlar yig‘ila boshladi. O‘z navbatida Milliy gvardiya xodimlari aholini tinchlantirishga, jamoat tartibini saqlashga chaqirdi. Qiziq, negadir tumanda fuqarolar yig‘ilayotgani, muammo yuzasidan aholi norozi bo‘layotganidan xabardor IIB xodimlari bozor hududida ko‘rinmasdi. Aslida ular ham bevosita jamoat tartibini saqlashga mas'ul hisoblanadi.
Savol tug‘iladi. Boysunda bozor shunchaki yopib qo‘yilyaptimi? Yo‘q. Tumanning «Mustaqillik» mahallasi hududida 3-tipdagi yangi dehqon bozor qurilgan. Ammo negadir eski bozor tadbirkorlari u yerga borib, faoliyatini davom ettirishni istamayapti.
Boysun tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Furqat Normamatov hamrohligida yangi dehqon bozorga bordik.
Dehqon bozor rahbari Nusratulla Rajabov 15-20 kuncha avval faoliyat boshlaganini aytmoqda. Ko‘rdikki, mazkur savdo majmuasi zamon talablariga javob beradi. Barcha me'yorlar inobatga olingan.
«3 gektar maydonda 600 o‘rinli bozor qurilishi ko‘zda tutilgan. Hali to‘la quvvat bilan ishlaganimiz yo‘q. Hozircha 300 nafar tadbirkor bemalol faoliyat ko‘rsata oladi. Tadbirkorlik qilaman, deb kelgan odamni qaytarganimiz yo‘q. Eski bozordan ham aksariyat tadbirkorlar kelib, shu yerda savdo qilishni boshlashdi. Savdo yurishib ketguncha, kunlik to‘lovni ham talab qilmoqchi emasmiz», deydi yangi dehqon bozor rahbari.
Bunday olib qaraganda, ochiq va keng maydonda yangi savdo majmuasi paydo bo‘lgani quvonarli holat. Bozor rahbari ham birovning ko‘kragidan itarmoqchi emasligini aytib turibdi. Shunday ekan, muammo nimada? Bozorning yopilishi, yangisi qurilishi va tadbirkorlarning nega bundan norozi bo‘layotgani haqida hokim o‘rinbosari F.Normamatovdan izoh oldik.
U eski bozor yopilishini ko‘chada katta tirbandlik hosil bo‘layotgani, bu harakatlanishga noqulaylik tug‘dirayotgani bilan bog‘ladi. Qolaversa, bozor shunchaki ko‘chirilmayapti. Bu bo‘yicha xalq deputatlari Boysun tuman kengashi hamda tuman hokimi Asqarali Jo‘rayevning qarori qabul qilingan. Eski bozor o‘rnida esa «Ekobozor» tashkil qilinishi ko‘zda tutilayotganini ma'lum qildi.
Hokim o‘rinbosari F.Normamatov taqdim qilgan xalq deputatlari Boysun tuman kengashining 2020 yil 27 apreldagi qarorini ko‘zdan kechirdik. Unda yozilishicha, «Tuzbozor» mahallasida yopib qo‘yilgan dehqon bozor boshqaruvi raisi Baxtiyor Saidov tadbirkorlarga kompensatsiya pulini to‘lab berishi kerak. Mazkur qarorning hech qanday ilovasi, tovon puli olishi mumkin bo‘lgan biror tadbirkorning ism-familiyasi, ularning soni haqida ma'lumot yo‘q. Hokim o‘rinbosari ham bu haqda ma'lumotga ega emasligini bildirdi.
O‘z navbatida eski dehqon bozorning boshqaruvi raisi B.Saidov bilan bog‘landik.
«Men bu qarorga o‘z vaqtida e'tirozimni bildirganman. Hisobimda mablag‘ bo‘lmasa, qanday qilib buncha mablag‘ni to‘lab beraman?», dedi u.
Anglashiladiki, hozircha eski bozordagi tadbirkorlarning kompensatsiya pulini na hokimiyat, na jamiyat to‘lab berishni bo‘yniga olyapti.
Yangi bozorda tuman hokimligining hissasi qanday bo‘lishi bilan qiziqdik. Buni qarangki, ushbu bozor hozircha to‘liq tadbirkorga, ya'ni Nusratulla Rajabovga tegishli. Davlatning ulushi yo‘q.
Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustda qabul qilingan «Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida bunday majmualarning kamida 51 foiz ulushi mahalliy davlat hokimiyati organiga tegishli bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Qiziq, Boysun tuman hokimligiga nahotki ortiqcha mablag‘ kerak emas?! Nega tayyor ulushi bo‘lib turgan bozordan voz kechib, hissasi bo‘lmagan butun boshli bozorni tadbirkorga beryapti? Rosti, bu qaysi me'yorlarga to‘g‘ri kelishini tushunolmadik.
Xulosa qilish fikridan yiroqmiz. Ammo hokimlik tadbirkorlarni rozi qilmasdan, kompensatsiyani to‘lashni bo‘yniga olmagan «bozorkom»ga yuklab qo‘yishi juda g‘alati. Kamida tadbirkorlarning taqdiriga befarqlik, fuqarolarning ustidan baralla kulish hisoblanadi bu. Chunki shundoq ham faoliyatini to‘xtatgan bozor ma'muriyatiga bunday talabni qo‘yishning o‘zi tushunarsiz.
Boringki, Boysun tumani hokimligi bu darajada «himmat» qilmasdan, amaldagi qoidalarga ko‘ra o‘zining 51 foizlik ulushini olishi lozim edi. Aynan o‘sha hissasi hisobidan nima qilarini bilmay turgan tadbirkorlarga yangi majmuadan joy ajratish mumkin bo‘lardi. Anglashiladiki, hokimlik to‘g‘ri va qonuniy yechim turganda, o‘zini ham, o‘zgalarni ham mushkul vaziyatga qo‘yadigan yo‘ldan bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, hozirgi sharoitda tadbirkorlarni majburan bozordan quvish, kuch ishlatish haqida emas, ular bilan hisoblashish, roziligini olish to‘g‘risida ko‘proq o‘ylasa, muammoga tezroq yechim topilardi.
Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV.