«U meni tanimasligidan doim juda xursand edim» – Zafar Hoshimov Gulnora Karimovaning «Korzinka»da ulushi bo‘lganini rad etdi

Jamiyat 13:29 / 15.05.2020 87351

Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov prezident Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan maktubida O‘zbekistondagi qator yirik mulklar onasi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgani, ammo bu boyliklar bugun talon-toroj qilinayotganini bildirdi.

VVS saytining o‘zbekcha talqinida e'lon qilingan ro‘yxatda ko‘rish mumkinki, u o‘z onasining mamlakat hududida ko‘plab kompaniyalarga egalik qilgani yoki ulushga ega bo‘lgani, shular qatorida «Korzinka» tarmog‘i aksiyalariga egalik qilgani haqida gapirgan. 

Kun.uz surishtiruvining 1-qismida Gulnora Karimovaning «Koka kola», «Quvasoy sement» kabi yirik korxonalardagi faoliyatiga to‘xtalingan edi.

Bu safar esa maktubda da'vo qilingan «Korzinka» savdo markazlari tarmog‘iga Gulnora Karimova qay darajada aloqadorligiga oydinlik kiritiladi.

Zafar Hoshimov: «Gulnora Karimova bilan hech qachon shaxsan tanish bo‘lmaganman»

Kichik Islom Karimovning maktubida «Korzinka» tarmog‘i aksiyalari ham onasiga tegishli bo‘lgani qayd etilgan. Bunday da'vo shu paytgacha biror joyda e'lon qilingani to‘g‘risida ma'lumot yo‘q, shu tufayli «Korzinka» savdo markazlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov bilan ham bu masala yuzasida suhbat qildik.

– Gulnora Karimova bilan shaxsan tanishmisiz? Agar tanish bo‘lsangiz qanday loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilgansiz?

– Men Gulnora Karimova bilan hech qachon shaxsan tanish bo‘lmaganman. U yoki u boshqargan tuzilmalar bilan na o‘zim, na men yaratgan va boshqargan korxonalar loyiha va tadbirlarda hamkorlik qilgan.

Hatto u kishi tomonidan tashkil etilgan ko‘pdan ko‘p tadbirlarda qatnashishdan o‘zimni yiroq tutardim. Yana qaytarib aytaman, u inson meni tanimasligi, bilmasligidan doim juda xursand edim.

– Gulnora Karimovaning o‘g‘li, kichik Islom Karimov O‘zbekistondagi bu oilaga tegishli ko‘plab moddiy boyliklar noqonuniy o‘zlashtirilayotganini bildirib maktub yo‘lladi. U ta'kidlagan mulklar ichida «Korzinka» savdo tarmog‘i aksiyalari ham bor. Aytingchi, ayni paytda siz boshqarayotgan bu savdo tarmog‘iga Gulnora Karimova yoki o‘g‘lining aloqadorlik joyi bormi?

– Kichik Islom Karimov «Instagram»ga joylagan ochiq xatida men tomonimdan ta'sis etilgan, doim mening yakka tasarrufimda bo‘lgan, salkam 25 yildan beri shaxsan o‘zim uzluksiz boshqarib kelayotgan korxonada go‘yo uning onasining ulushi bo‘lgan, degan gapni o‘qib juda taajjublandim. Chunki bu gapda hech qanday asos, da'voda zarracha haqiqat yo‘q va hech qachon bo‘lmagan. U nima uchun bunday yolg‘on va tuhmatga borgani menga qorong‘i. Hatto, avvaliga, bu qandaydir xatolik yoki anglashilmovchilik, deb o‘yladim.

Agar bu qasddan aytilgan bo‘lsa, fikrimcha, bu bo‘htonga sabab shundan iboratki, ro‘yxatga qancha ko‘p nomi chiqqan korxona va tadbirkorlar nomi aralashtirilsa, murojaat xam shu darajada shov-shuvli va ta'sirli chiqadi, degan mulohazadan kelib chiqilgan.

Men o‘z ishini sevadigan, undan zavq olib ishlaydigan bir tadbirkorman.

Ta'minotchilarimiz o‘zimizga o‘xshagan tadbirkorlar, mijozlarimiz – aholimiz. Biz hech qachon soliq to‘lashda ham, boshqa yo‘nalishda ham biror imtiyozdan foydalanmaganmiz. Yaqin-yaqingacha (2018 yilgacha) bizga loaqal birorta yer uchastkasi to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratilmagan.

«Korzinka» savdo markazlari tarmog‘i Gulnora Karimova faoliyatining gullab yashnagan paytida ham bor edi. «Opa» tomonidan tasarrufingizdagi bu tarmoqni sotish yoki uning ma'lum bir ulushini berish taklifi bo‘lmaganmi?

– Bu savolni menga ilgari ham, hozir ham ko‘p berishadi. Yo‘q, ular tomonidan hech qachon bunday taklif yoki murojaat olmaganman. Sababini aniq bilmayman, taxminimcha, u davrda bizning biznes ularning nazari iladigan darajada katta bo‘lmagan. Ularning ishi teskari ketgan 2014-2015 yillarda bizning tarmoqda, chamasi, atigi 12-13ta do‘kon bor edi. Korxonamiz so‘nggi uch-to‘rt yilda jadal rivojlandi.

Buning ustiga ishimiz mayda, igna bilan quduq qazigan kabi. Chakana savdoni boshqarishda malaka va ishtiyoq kerak. Birov bu biznesni olsa-da, boshqara olishi amri mahol. Savdoni yurgiza olmasangiz, u foyda emas, koni zarar.

Balki shular sabab, bizning biznesga katta qiziqish bo‘lmagandir...

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: