Jahongir Jo‘rayev:
– Kuvaytga besh yil oldin Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan shartnoma qilgan holda kelganman. Kasbim anesteziolog-revmatolog. Hozirgacha shifokor sifatida faoliyat olib boryapman. Bu yerda 8-10 nafar o‘zbek shifokorlar bilan birga ishlayman. Koronavirus kasalligi haqida o‘zimizga yarasha tushunchamiz bor, bevosita davolash ishlarini olib boryapmiz.
Hozir ahvolimiz yaxshi, oyliklarimiz yetarli, yashash sharoitimiz yaxshi. Lekin do‘konlarda, restoranlarda ishlab yurgan hamyurtlarimizda bunday emas deb o‘ylayman. Ular O‘zbekistonga qaytish niyatida. Elchixonaga borib charter reyslari uchun ro‘yxatdan o‘tib qo‘yishgan.
Elchixona ma'muriyati bizdan ko‘ra Qatardagi yurtdoshlarimizning ahvoli yaxshi emasligini ta'kidladi. Biz shifokorlar bu yerga oilamiz bilan kelganmiz. O‘zbekistonga qaraganda bu yerda karantin qoidalari boshqacharoq. Ya'ni O‘zbekistonda shifokor koronavirusga chalingan bemorni davolab bo‘lganidan so‘ng 14 kun karantinga olinadi, bu yerda esa shifokorlar ishdan so‘ng uyiga ketadi. Bunda u kasallikni o‘z oilasiga ham yuqtirishi mumkin bo‘ladi. Shuning uchun oilalarimizni O‘zbekistonga qaytarib yuborishimiz kerak. Aynan shu sababli uyga qaytish uchun ro‘yxatdan o‘tib qo‘yganmiz.
Hozir Kuvaytda O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lgan fuqarolar 20-25 nafarni tashkil qilmoqda. Albatta, bu ko‘p bo‘lmasligi mumkin. Elchixona ma'muriyati shu bois agarda charter reys qo‘yilsa, Qatar va Bahrayndagi fuqarolar bilan birgalikda olib ketishini bildirdi.
Shifokor sifatida aytishim mumkinki, Kuvaytda kasallanish hozirgidek o‘sib boraversa, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Kuvaytda 13 may holatiga ko‘ra (suhbat 13 may kuni yozib olingan – tahr.) kasallar soni 10 ming 277 kishini ko‘rsatmoqda. Shundan 75ta holat o‘lim bilan yakunlangan, ayni paytda davolanayotganlar soni 7101 nafarni tashkil etyapti. Kasallanish holati O‘zbekistonga nisbatan 4 baravar yuqori.
Kuvaytdagi yurtdoshlarimizdan o‘zim tanigan-bilganlarimdan xabar olib, qiynalsa moddiy yordam ko‘rsatib turibman. Bundan tashqari, mablag‘ va uydan qiynalganlarga shifokorlar tomonidan yordam ko‘rsatilishini aytib kelyapman. Masalan, ishsiz qolib ketgan uch yigitni bilaman. Ular restoranda ishlardi. Hozir restoran egalari uy bilan, oziq-ovqatlar bilan ta'minlab turibdi. Ammo ish beruvchilar yordam bermayotganlar ham bor.
Pandemiya sababli ishini yo‘qotganlar Kuvaytda qancha vaqt yashay olishi ularning daromadiga bog‘liq. Hammaning oyligi har xil. Do‘konlarda ishlaydigan fuqarolarimizning mablag‘lari ancha kamayib, qiynalib qolgan bo‘lishlari mumkin. O‘zimdan kelib chiqadigan bo‘lsam, oyliklar to‘xtatilgan taqdirda 2-3 oy yashashim mumkin. Ammo oddiy ishda ishlaydiganlar ancha qiynalib qolishgan.
Kuvaytda yangi aeroport qurilyapti. U yerda 30-40 nafar o‘zbeklar ham ishlayapti. Agarda u yerga kasallik yetib borsa, qiyin ahvolga tushib qolishadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda chet eldan qaytish istagidagi o‘zbekistonliklarga nisbatan ayrim yurtdoshlarimiz “O‘sha yerda qol, O‘zbekistonga nega kelasan? Kelsang bu yerda virusni ko‘paytirasan!” degan har xil salbiy fikrlar bildirishyapti. Avvalambor, har bir fuqaro o‘z vataniga qaytish huquqiga ega. Chet eldagi fuqarolarimiz vaqtinchalik yoki ishlash uchun borgan, fuqaroliklarini o‘zgartirib ketishmagan.
Qolaversa, ular O‘zbekistonga qaytib kelganidan keyin 14 kun karantinda saqlanishadi. Bu bilan O‘zbekistonda kasallik tarqalib ketish xavfi yo‘q. Bu holat davlatimiz tomonidan nazoratga olingan. Bundan qo‘rqish kerak emas.
COVID-19 kasalligiga keladigan bo‘lsak, u simptomli va simptomsiz turlarga bo‘linadi. Simptomlisida kasallik ravshan ko‘rinadi, ya'ni bemorlar yo‘taladi, tana harorati ko‘tariladi. Ammo simptomsizida esa hech qanday holat kuzatilmaydi. Biz mana shunisidan qo‘rqishimiz kerak. Chunki chetdan olib kelinadigan fuqarolarimizdan ko‘ra O‘zbekistonning o‘zida odamlar orasida yurgan, ammo o‘zining kasal ekanini bilmaydigan, kasallik alomatlari kuzatilmaydigan shaxslar jamiyat uchun xavfliroqdir.
Hozir Kuvaytdagi o‘zbekistonlik shifokorlardan uch nafarida ushbu kasallik kuzatildi. Bizda ham shunday holat kuzatilmasligi, oilamizni ham havf ostida qoldirmasligimiz uchun ularning charter reys orqali O‘zbekistonga olib ketilishini xohlardik.
Muhammadziyo Ergashev:
– Saudiya Arabistoniga 2019 yil dekabr oyida ishlagani kelganman. Restoranda ishlardik. 14-15 mart kunlari karantin boshlangach, ishsiz qoldik. Bungayam ikki oy bo‘ldi. Ishlaylik desak ish yo‘q, uyga qaytaylik desak chegaralar yopiq. Nima qilishga hayronmiz. Pullarimiz tugab bo‘ldi. Uydan pul so‘raylik desak, ularda ham ahvol yaxshimas.
Hozirgi pandemiya sharoitida ishlab turgan o‘zbekistonliklar ham bor. Ammo ular barmoq bilan sanarli. Ishlab turganlar ham oldingiday to‘liq ishlamayapti, oyligini ham to‘liq ololmayapti.
Men bilganlarning juda ko‘pi ishsiz, axvoli og‘ir, juda-juda qiyinchilikda yashab kelishmoqda. Eng achinarlisi, bitta yotoqxonada 50-60 kishi turamiz, agarda kasallik bizga ham yetib kelsa, ahvolimiz og‘irlashadi.
Men hozir ko‘pchilikning nomidan gapirmoqchiman. Bu yerda yurtga qaytamiz deb turganlar 200 nafardan ortiq. Aslida bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga qaytishni istaganlar orasida bemorlar, qariyalar, homilador ayollar ham bor. Misol uchun, kecha bir opa bilan gaplashdim. U videomurojaat tayyorlayotganimizni eshitib: “Bizning ham ahvolimiz og‘ir, videomurojaatda biz haqimizda ham gapiring, tezroq bu yerdan olib ketishsin ” deb aytdi.
Ketadiganlar orasida aviachipta sotib olish uchun puli qolmaganlar ham bor. Lekin ular ko‘pchilikni tashkil qilmaydi. Agar charter reys qo‘yilsa, albatta pul topamiz.
Pandemiya Saudiya Arabistoniga kirib bormaganida charter reys qo‘yilishini so‘rab murojaat qilmagan bo‘lardik. Biz bu yerda shartnoma asosida ishlashimiz va yashashimiz mumkin. Agarda pandemiya bo‘lmaganida ishimni davom ettirardim va boshqalar ham shunday qilishardi deb o‘ylayman. Bir yil o‘tib mehnat ta'tiliga chiqardim va charter reysini qo‘yib berishlarini so‘ramasdan o‘zim chipta olib ketaverardim.
Rahmatillo Rahimov:
– Misrda epidemiologik ahvol og‘ir. Sababi, mahalliy aholi karantinga to‘liq amal qilmayapti. Misr Arab Respublikasida kasallanganlar soni Kuvaytniki bilan deyarli bir xil. Lekin o‘limlar Kuvaytda 75ta, Misrda esa 544tani tashkil qilmoqda. Shuning o‘zi ham ahvolning qandayligini ko‘rsatib turibdi.
Misrliklarning karantin cheklovlariga bee'tiborligi uchun kasallanish holatlari kundan-kunga ko‘paymoqda. Shu boisdan O‘zbekistonning mazkur davlatdagi elchixonasi bizga imkon qadar ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilmoqda.
Misrdan O‘zbekistonga 18 martda charter reys qo‘yilgandi, biroq joy yetishmagani, ketuvchilar ko‘p bo‘lgani uchun biz qolib ketdik. Hozir navbatdagi charter reysni kutib kun o‘tkazyapmiz.
Ahvolimiz yaxshi, Misrdagi o‘zbeklarning hech biri koronavirusga chalinmagan, elchixona bilan doimiy aloqada bo‘lib turibmiz. Men o‘zim arab tili bo‘yicha malaka oshirgani kelganman.
Lekin shunga qaramay, ayrim talabalarning ahvoli juda og‘ir deb eshityapmiz. Sharoit qiyinligidan hattoki bir uyda 10 kishilab yashab kelishmoqda.
Qolaversa, ishi to‘xtagan fuqarolarimizning mablag‘lari tugaganligi uchun bir xonada ko‘pchilik bo‘lib yashashyapti. Bunday holatda kasallanish ehtimoli ham yuqori bo‘ladi. Hozircha amallab bir-birlariga yordam berib kelishmoqda. Lekin bir kun kelib o‘zlarining ham pullari qolmasa juda qiyin ahvolga tushib qolishadi. Shuning uchun ertaroq charter reysini qo‘yib berishlari kerak.
Barchamiz uyga ertaroq ketsak degan umid bilan yashamoqdamiz. Charter reyslar bepul bo‘lmasligini bilamiz. Agarda maxsus reys tashkillashtirilsa, aviachipta uchun amallab mablag‘ topamiz.
Elchixona bilan muloqot qilganimizda O‘zbekistonga qaytish istagi bilan murojaat qilganlar 200 nafardan oshdi deyishgandi.
Oramizda Misrda o‘qiyotgan nevarasini ko‘rishga kelgan 72 yoshli onaxonimiz bor, operatsiya uchun kelgan bemorlar bor, yosh bolalar va ayollar bor. Men hammalarining nomidan vakil bo‘lib gapiryapman. Shularni inobatga olgan holda prezidentimiz tezroq Misr Arab Respublikasiga charter reysini qo‘yib bersalar.
O‘zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi elchixonasi operativ shtabining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 18 mart kuni Sharm ash-Shayx va Kohira shaharlarida qolib ketgan 181 nafar o‘zbekistonlik vatanga olib ketilgan, 14 kunlik karantindan so‘ng ular o‘z oilalari bag‘riga qaytishgan. Elchixona operativ shtabi tomonidan Misrdagi vatandoshlarimizga 24 soat davomida onlayn xizmat ko‘rsatilmoqda. Shtab a'zolari har bir yurtdoshimizning murojaatiga individual tarzda yondashib, e'tiborsiz qoldirmaslikka va javob berishga harakat qilmoqda.
O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lganlarning ro‘yxati yurtimizning xorijiy mamlakatlardagi barcha diplomatik vakolatxonalari kabi Qohira shahridagi elchixonada ham tuzilmoqda va hozirgi kungacha shunday istak bilan 300dan ziyod vatandoshlarimiz murojaat qildi.
Elchixona tomonidan yurtdoshlarimiz uchun charter reyslarini amalga oshirish yuzasidan Misr aviakompaniyalari bilan ham qo‘shimcha tarzda muzokaralar olib borilayotgan bo‘lib, xususan, Misrning «Air Cairo» aviakompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonga charter reysini tashkil etishga harakat qilinmoqda. Shu bilan birga, elchixona tomonidan Misrda sog‘lig‘i og‘irlashganligi sababli yoki qiyin holatga tushib qolib elchixonaga murojaat qilgan olti nafar vatandoshimizga kerakli yordam ko‘rsatilmoqda.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi.