Farg‘onada sayt xodimiga uyushtirilgan hujum yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat 19:07 / 14.05.2020 4817

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Farg‘ona viloyatining Quva tumanida Effect.uz internet nashri xodimiga uyushtirilgan hujum yuzasidan jinoiy ish ochilgani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Sayt tahririyati tomonidan e'lon qilingan ma'lumotga ko‘ra, 13 may kuni taxminan soat 19:00da videooperator G‘iyosbek Eshov hujumga uchragan.

Nashr muxbiri Elyor Tojiboyevning ma'lum qilishicha, holat Quva tumani hokimligida fuqaroning murojaati o‘rganilgandan so‘ng sodir bo‘lgan. Uning aytishicha, hokimiyat binosidan chiqilgach, muxbir murojaatchi bilan birga yo‘lga chiqadi. Ular bilan birga bo‘lgan operator G‘iyosbek Eshov o‘z mashinasida oldinlab ketgandan bir oz vaqt o‘tib, qo‘g‘iroq qiladi va unga yo‘lda hujum bo‘lganligini aytadi.

«Noma'lum kimsalar operatorning ko‘zlariga gaz sepib, mashinasining oynalarini sindirib yuborishgan ekan. Ustiga-ustak, ular tahririyat mulki bo‘lgan operatorning videokamerasini olib qochib ketishgan. Ammo ular o‘ziga tegishli bo‘lgan hujjatlarini unutib qoldirishgan, biz ushbu kimsalarni hujjatlari orqali topishga erishdik va ayni vaqtda Quva tumani tezkor xodimlariga bo‘lgan voqea haqida aytib berdik», deydi Elyor Tojiboyev.

Muxbirning aytishicha, hozirda ushbu hodisa yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan kerakli yordamlar berilmoqda.

«Operatorimizni shifoxonaga olib ketishdi, uning ko‘zlari hozirda yaxshi ko‘rmayapti. Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilmoqda. Bizga hujum qilgan shaxslar Quva tuman hokimligi tomonidan yollangan bo‘lishi ham mumkin», deya ta'kidlaydi muxbir.

Vaziyat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov rasmiy munosabat bildirgan.

«Effect.uz saytining xodimi Farg‘ona viloyatining Quva tumanida noma'lum shaxslar tomonidan hujumga uchragani holati yuzasidan tuman IIB va prokuraturasi bilan hamkorlikda tergovoldi tekshirish harakatlari olib borilmoqda. Mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan. Tekshirish natijalari haqida qo‘shimcha xabar beriladi», deyiladi bayonotda.

Ko‘proq yangiliklar: