Asr muammosi: semizlik va uning oqibatlari

Light 08:13 / 14.05.2020 50679

Semizlik bu – organizmda ortiqcha miqdorda yog‘ to‘planishidir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2016 yilda e'lon qilgan ma'lumotlariga ko‘ra, yer yuzida 18 yoshdan kattalar orasida 1,9 mlrd nafardan ko‘proq odam ortiqcha vazn bilan yashaydi (hozirda bu sonning yanada ortganini bemalol taxmin qilish mumkin). Ulardan 650 mlndan ko‘prog‘ida semizlik bor.

Ortiqcha vazn yoki semizlik asosan rivojlangan davlatlarda jiddiy muammoga aylangan. AQShda 18 yoshdan katta aholining 56 foizi, Buyuk Britaniyada 52 foizi, Isroilda 50 foizdan ko‘prog‘ida ortiqcha vazn borligi aytiladi. Hozir nafaqat rivojlangan davlatlarda, balki rivojlanayotgan davlatlarda ham (asosan shahar joylarida) ortiqcha vaznli odamlar soni ortib boryapti.

Xususan, respublikamizda ham mazkur muammo sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy oqibatlarni yuzaga keltirmoqda. Semizlik, asosan uning abdominal (qorin sohasidagi) shakli ko‘plab kasalliklarning kelib chiqishida muhim rol o‘ynashi so‘nggi yillarda olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida o‘z isbotini topdi.

Sohaga oid adabiyotlarda yozilishicha, 55 yoshdan kichik bo‘lgan 3-daraja semizligi bo‘lgan odamlarda 2-tur qandli diabet bilan kasallanish xavfi shu yoshdagi normal tana vaznida bo‘lgan odamlarga nisbatan erkaklarda 18, ayollarda 13 marta yuqori bo‘ladi.

55 yoshdan kichik yoshdagi ortiqcha tana vazni bo‘lganlarda qandli diabet xavfi, xuddi shu yoshdagi normal tana vaznlilarga nisbatan 3-4 baravar yuqori bo‘ladi.

Gipertoniya kasalligi xavfi esa 55dan kichik yoshdagi normal tana vaznlilarga nisbatan ortiqcha tan vaznlilarda 1,6 marta, 1-daraja semizligi bor shaxslarda 2,5-3,2 marta, 2-3-daraja semizligi bor shaxslarda 4-5,5 marta yuqori bo‘ladi.

Yurak ishemik kasalligi va bosh miyada qon aylanishi buzilishi (insult) chastotalari ikkala jinsda ham har qanday yoshda tana vazni indeksi ortishiga proporsional tarzda ortib boradi.

Xolesistit bilan og‘rish xavfi TVI (tana vazni indeksi) ortib borishi barobarida normal tana vaznlilarga nisbatan erkaklarda 4-21, ayollarda 2,5-5,2 marta yuqori bo‘ladi.

Bundan tashqari, tana vazni ortib borishi bilan osteoartrit, saratonning ayrim turlari, ayollarda menstrual siklning buzilishi, bepushtlik, tuxumdonlar polikistozi sindromi kabi kasalliklar bilan og‘rish xavfi ham ortib boradi.

Ya'ni ortiqcha vazn yoki semizlik shunchaki kasallik emas, balki boshqa ko‘plab kasalliklarning sababchisidir.

Savol tug‘iladi, semizlikning aynan rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda ko‘payishi sababi nimada?

Bu asosan kamharakat hayot tarzi, yuqori kaloriyali va yengil hazm bo‘luvchi oziq-ovqat mahsulotlarini surunkali tarzda va ortiqcha miqdorda iste'mol qilish bilan bog‘liq!

Bunda organizmda energiya balansi buziladi. Tez-tez va uzoq vaqt davomida qondagi qand miqdorining ko‘tarilishi, iste'mol qilinayotgan energiya sarf qilinayotgan energiyadan ko‘proq bo‘lib yurishi natijasida organizmda ortiqcha darajada yog‘ to‘qimasi shakllanib boradi.

Agarda xalqimizning an'anaviy ovqatlanish tarzi, madaniyati o‘zgarmasa, biz yuqorida sanab o‘tilgan kasalliklar atrofida o‘ralashib yuraveramiz. Nimalarni o‘zgartirish kerak?

1. Har kuni imkoniyatga qarab, kamida 3-5 km faol tarzda piyoda yurish zarur (qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa, albatta). Shuncha masofaga yugurish yana ham yaxshi bo‘ladi.

2. Glikemik indeksi (iste'mol qilinganidan keyin qondagi qand miqdorini oshirish darajasi) past bo‘lgan va ozuqaviy tolaga boy oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘proq iste'mol qilish kerak.

3. Semizlikka olib keluvchi va biz ko‘p iste'mol qiladiganimiz yana bir zararli mahsulot bu shakar va shakar qo‘shilgan yeguliklardir. U iste'mol qilingandan keyin ovqat hazm qilish traktida tez singadi, tezda qonga so‘riladi hamda qondagi qand miqdorini tez va ko‘proq oshiradi. Biz shakar iste'molini keskin kamaytirib, uning o‘rniga ko‘proq steviya iste'mol qilishimiz kerak.

Yuqoridagilarga qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, ovqatlanish ratsionining asosini donli-dukkakli ekin mahsulotlari, meva-sabzavotlar, yog‘sizlantirilgan yoki yog‘i kamaytirilgan sut-qatiq, ko‘katlar, yong‘oq, pista, bodom, go‘sht, tovuq go‘shti, baliq kabi mahsulotlar tashkil qilishi maqsadga muvofiqdir.

Hayvon yog‘i mahsulotlari, o‘ta qovurilgan ovqatlar, energetik ichimliklar, ko‘p tuz qo‘shilgan oziq-ovqat maxsulotlarini doimiy tarzda iste'mol qilib yurish ham semizlik rivojlanishiga olib keladi va bu inson salomatligi uchun favqulodda xavflidir.

Murodjon Jo‘rayev, endokrinolog shifokor.

Ko‘proq yangiliklar: