Jamiyat | 08:56 / 13.05.2020
2021
2 daqiqa o‘qiladi

Gazdan o‘g‘rincha foydalanayotgan “tadbirkorlar” ushlandi

Foto: MIB

Joriy yilning 2 may kuni Byuroning Quvasoy shahar bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan tungi reyd tadbirlari o‘tkazish jarayonida Quvasoy shahar Bog‘bon qishlog‘ida joylashgan ohak ishlab chiqarish sexini ko‘zdan kechirishganida korxona rahbari I.D. o‘zini g‘alati tutib go‘yoki hammasi joyida ekanligini tushuntirishga urinishi shubha uyg‘otdi. Tadbirga jalb qilingan mutaxassislar tomonidan tabiiy gaz hisoblagich uskunasi tekshirilganida uning mexanik qismiga yashirin ravishda sim orqali tashqi ta'sir ko‘rsatilib, hisoblagich to‘xtatib qo‘yilganligi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, mutaxassislar tomonidan qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra “tadbirkor” Quvasoy shahar gaz ta'minoti korxonasi manfaatlariga 24 mln. 195,0 ming so‘m moddiy zarar yetkazganligi aniqlanib, 12.05.2020 yilda ushbu zarar to‘liq qoplandi.  

Shuningdek, Byuroning Farg‘ona viloyat boshqarmasi va Quvasoy shahar bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan 07.05.2020 yil kuni tungi vaqtda o‘tkazilgan tadbirda Quvasoy shahar Do‘stlik qishlog‘ida joylashgan g‘isht ishlab chiqarish zavodida tabiiy gazdan foydalanishning qonuniyligi o‘rganilganida yuqoridagi holat kabi korxona rahbari S.I. gazni hisoblash uskunasi parrak qismiga sim joylab qo‘yib hisoblagichni to‘xtatib qo‘yganligi va g‘isht ishlab chiqarishda tabiiy gazdan mutlaqo “bepul” asosda va noqonuniy foydalanib kelayotganligi fosh etilgan.

G‘isht zavod rahbari S.I.ning noqonuniy qilmishi davlatga 44 mln. 880 ming so‘mga tushgan va mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan Byuroning Quvasoy shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid