Toshkentning Uchtepa tumanidagi Farhod avtomobil ehtiyot qismlar bozorida koronavirusga gumon qilingan fuqaroda Covid-19 infeksiyasi aniqlanmadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lum qildi.
«Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda «Farhod» bozoridagi ehtiyot qismlar rastalari tadbirkorlaridan birida yuqori harorat kuzatilganligi tufayli bozor yopib qo‘yilganligi haqidagi xabarlar e'lon qilingan edi. Aslida esa shu kuni bozor xududiga kiraverishda o‘rnatilgan tibbiy tekshiruvlar davomida bir nafar fuqaroda yuqori harorat aniqlangan va u darhol izolyatsiyaga olingan edi.
Koronavirusga gumon qilingan fuqaro bozor hududiga kirishga ulgurmagan. Kechaning o‘zida 1989 yilda tug‘ilgan (erkak) ushbu fuqarodan koronavirusga o‘tkazilgan diagnostik tahlil unda Covid-19 infeksiyasi aniqlanmaganligini ko‘rsatdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Shu kunlarda mazkur bozorda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda va ularning yakuniga ko‘ra bozor ishga tushishi rejalashtirilgan.
11 may kuni Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan Farhod avtomobil ehtiyot qismlari bozori ichidagi barcha xodimlari bilan yopilgani, tadbirkorlarning birida yuqori tana harorati kuzatilgani haqida xabar berilgan edi.
Toshkent shahar IIBB bozor dezinfeksiya qilish va savdo joylarini sanitariya-epidemiologiya me'yorlariga muvofiqlashtirilishi uchun yopilgani, tadbirkorlardan birining isitmasi borligi haqida tarqagan ma'lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma'lum qilgandi.
Shuningdek, Uchtepa tuman hokimligi matbuot xizmati ham bozor tadbirkorlardan birida yuqori tana harorati aniqlangani sabab yopilgani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etgan hamda mazkur savdo qatorlarida Sanitariya kuni e'lon qilganini bildirgan.