Hayotiy hikoya: Umid yo‘qligi aytilib shifoxonadan qaytarilgan o‘g‘lini olib ketayotgan ota

Jamiyat 17:56 / 10.05.2020 44077

Toshkent shahridagi Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti yaqinida yashayman. Ishim yuzasidan, Kun.uz saytida xayriyalar yoritish uchun ham bu shifoxonaga tez-tez borib turaman. Turfa taqdirlar, bemor bolajonlar, yetishmovchiliklar bu hududda o‘ziga xos og‘ir muhit hosil qilgan va har qanday irodali kishini ham ezib qo‘yadi.

Hayotiy hikoyalar ruknidan

Adhamjon aka (ismlar o‘zgartirilgan) bilan ish yuzasidan, ya'ni xayriya bo‘yicha tanishmadik. Shifoxona yonida ijara uy surishtirayotganini eshitib qoldim. Bo‘sh turgan kvartiram bor edi, taklif qildim, ma'qul keldi va ko‘chib kirishdi.

Adhamjon aka 12 yashar farzandi Anvarjonni davolatish uchun Andijondan kelgan, o‘g‘lini joylashtirganidan keyin boshpana topolmay «Kobalt» mashinasida yotib yurgan ekan. Dastlab ko‘rishganimizda qovoqlari salqib turgani, tushkun kayfiyati sababini charchoqqa yo‘ygandim. Ammo keyinchalik bilsam, o‘g‘lining og‘ir ahvoli tufayli otaning bu holati doimiyga aylanib qolgan ekan. Yuvinib, dam oldi, birgalashib choy ichdik hamki tushkunligi tarqalmadi.

Tabiatan kamgap bo‘lgan Adhamjon aka bilan suhbatimiz dastlab ko‘pam qovushavermadi. Buni tushunish mumkin, o‘g‘lining dardi o‘zini ezib qo‘ygan ota nimani ham gapirardi? Yig‘lab ko‘ngil yozishga erkaklik g‘ururi yo‘l qo‘ymaydi, qarindoshi emasmanki dardini dasturxon qilaversa.

Men ishim bilan ketdim, aka shifoxona yonida qoldi. Keyinchalik tez-tez ko‘rishib turdik. Anvarjonning ahvoli haqida so‘raganimda qisqagina qilib «tuzuk» deb qo‘yardi.

– Moddiy tomondan qiynalgan bo‘lsangiz, xayriya uyushtiraylik, saxovatli insonlar ko‘p, albatta yordam berishadi, – dedim bir kuni ko‘nglini ko‘tarishga urinib.

– Mol-holni sotdik, qarindosh-urug‘lar ham qarashishyapti. Hozircha amallab yetkazyapmiz.

– Shifokorlar nima deyishyapti?

– Sal o‘tib qolgan ekan. Tuzalib qolar, deyishyapti-da...

– Alloh shifosini bersin.

Ikki-uch marta ko‘rishgan bo‘lsak-da, suhbat mazmuni ham, Adhamjon akaning kayfiyati ham aytarli o‘zgarmadi.

* * *

Shivalab yog‘ayotgan yomg‘irli bir kecha edi. Telefonim noxos jiringladi. Adhamjon aka.

– Ukajon, biz qaytadigan bo‘lib qoldik...

– Tinchlikmi?

– Ha... Tinchlik. Ko‘chaga chiqib tursangiz, kalitni berib ketardim.

Chiqdim. Ko‘p o‘tmay oldimga oq «Kobalt» kelib to‘xtadi va undan Adhamjon aka tushdi. Qisqa salom-alik qildik.

– Do‘xtirlar bolani qiynamaylik, uyiga boraqolsin, deyishdi-da, dedi Adhamjon aka savolli qarashimdan nigohlarini olib qocharkan. Keyin yuzidagi yomg‘irni sekin surib gapini davom ettirdi.

– Uyga yetib borolsak, onasini, akalarini ko‘rib, sal yozilarmikan deyman. Buyog‘i endi Allohdan...

Zimdan orqa o‘rindiqqa qarayman. Anvarjon bir burdagina bo‘lib qolgan, yuzlari ustiga yopilgan choyshabdek oppoq. Og‘ir qovoqlarini ko‘tarib, menga bir qarab qo‘ydi. Nurab borayotgan bola shu payt hozir uchib ketadigan farishtani eslatardi.

* * *

Umidsiz bemorlarni uylariga jo‘natish amaliyoti azaldan bor. Shafqatsiz tomoni – shunday qilinsa, shifoxonaning o‘lim ko‘rsatkichi ko‘tarilib ketmaydi. Yaxshi tomoni – barcha choralar ko‘rilganda va endi ilinj bo‘lmagan holatda bemorga so‘nggi soniyalarni yaqinlari qarshisida o‘tkazish, diydor imkoniyati beriladi.

Hozir ham ayni shu holat. Lekin shuncha yillik tajribamda buni xotirjamlik bilan qabul qilgan va dardni ichiga yutib, bolasi oldida sir boy bermagan otani birinchi ko‘rishim. Aksincha, shifoxonalar oldida hali joni uzilmagan bemorlarni olib ketishda hamisha dod-voy va alamli yig‘ilar bo‘ladi, ota-ona o‘zini butkul yo‘qotib qo‘ygani uchun yaqinlari vaziyatni nazorat qilishadi, mashinalarni minib ketishadi. Bu holat esa...

Biror narsa deb ko‘ngil ko‘tarishga ham so‘z yo‘q, zabon yo‘q. Tilim kalimaga kelgunicha Adhamjon aka qo‘limga kalitni tutqazdi va mashinasiga minib jo‘nab ketdi...

* * *

Uyga kirolmadim. Yo‘l bo‘yidagi o‘rindiqda, maydalab yog‘ayotgan yomg‘ir ostida ancha o‘tirdim. Yomg‘irlar ko‘zyoshimni yuvib ketishdi. Ko‘z yoshlarim yomg‘irlar bilan qo‘shilib yuzlarimda dumalashdi. Bu qanday sinov bo‘lsa?!

Ota hozir yolg‘iz o‘zi shu holatdagi farzandini olib, dovon oshib mashina boshqarib ketadi. Har safar orqaga qarashga, «yaxshimisan, bolam?» deyishga o‘zida qanday kuch topadi? Ayoli, boshqa farzandlari oldiga bu bolasini qanday ko‘tarib kirarkan? Hammasini tushunib turgan bola keta-ketguncha osmonga, yulduzlarga tikilib nimalarni o‘ylarkan?..

* * *

Oradan ikki kun o‘tib Adhamjon akaga qo‘ng‘iroq qilganimda go‘shak ko‘tarildi va yon-atrofda uvvos solib yig‘layotgan ayolning ovozi eshitildi...

Abror Zohidov.

Ko‘proq yangiliklar: