Ilon Mask AQSh Moliya vazirligi to‘lov tizimlarini tekshirish huquqiga ega bo‘ldi

Jahon 19:42 / 02.02.2025 2886

AQSh Moliya vazirligi firibgarlar va terrorchilik guruhlarining to‘lovlariga ruxsat berib kelgan. Bu haqda biznesmen Ilon Mask o‘zi rahbarlik qilayotgan Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasiga tayanib ma’lum qildi.

«DOGE jamoasi Moliya vazirligida to‘lovlarni tasdiqlaydigan mansabdor shaxslarga hatto taniqli firibgar yoki terroristik guruhlar bo‘lsa ham ularning to‘lovlarini doim tasdiqlash to‘g‘risida ko‘rsatma berilganini aniqladi. Ular o‘zlarining butun karerasi davomida rad javobini bermagan. Biror marta», — deydi Mask.

Shu bilan birga u qanday guruhlar haqida gap ketayotganiga oydinlik kiritmagan.

Avvalroq The New York Times o‘z manbalariga tayanib, Moliya vazirligi rahbari Skott Bessent DOGE’ning bir nechta vakiliga davlat xarajatlarini nazorat qilish va cheklash uchun federal to‘lov tizimlaridan foydalanishga ruxsat bergani haqida yozgandi. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda ushbu tizim orqali 5 trillion dollarlik to‘lovlarga oid ma’lumotlar qayta ishlangan.

Mask jamoasi tizimdan foydalanish ruxsatini olganidan keyin biror to‘lovni bloklab qo‘ygani to‘g‘risida hozircha hech narsa ma’lum emas. Oregon shtatidan saylangan demokrat senator Ron Uayden biznesmenning tizimdan foydalana olishi manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

DOGE’ni Mask bilan birga biznesmen Viven Ramasvami boshqarishi kerak edi, ammo u lavozimdan voch kechgan. The Washington Post’ga ko‘ra, tadbirkorlar o‘rtasida kelishmovchilik yuz bergan.

Ko‘proq yangiliklar: