Nukusga qiruvchi samolyot keltirildi

Jamiyat 09:11 / 09.05.2020 24456

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi “Motamsaro ona” haykali joylashgan Xotira xiyobonining orqa tomonida Jasorat bog‘i barpo etilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.

Koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etilgan karantin sabab ayni bog‘da qurilish-montaj ishlari vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabariga ko‘ra, shu kunga qadar bog‘da jami 8 dona texnika: T-64 tanki, piyodalar jangovar mashinalari, zirhli transportyorlar hamda artilleriya va zenit qurilmalari o‘rnatilgan. 7 may kuni bog‘ eksponatlaridan o‘rin olgan bir dona Su-17 qiruvchi samolyoti Toshkent shahridan keltirildi.

Karantin qoidalarining yumshatilishi hamda qurilish ishlarini ijtimoiy masofa va shaxsiy gigiyena talablariga rioya etgan holda amalga oshirishga berilgan ruxsatdan keyin bog‘da qurilish-montaj ishlari davom ettirilmoqda. 

Bildirilishicha, Jasorat bog‘i “Motamsaro ona” haykali joylashgan maydonning orqa tomonida, ilgari tashlandiq bo‘lib yotgan hududning deyarli 100 sotix maydonida bunyod etilyapti. Bog‘ni yaratish konsepsiyasiga asosan u yerdagi 153 kvadrat metr maydonda Ikkinchi jahon urushi yillari qoraqalpoq xalqi va qoraqalpog‘istonliklarning matonati, g‘alabaga qo‘shgan hissasi aks etgan bir qavatli xotira muzeyi, pnevmatik miltiqdan o‘q otish tiri, harbiy alpinizmni rivojlantirish maqsadida skalodrom, harbiy obektlarni qo‘riqlashda foydalaniladigan soqchilarning kuzatuv minorasi, janggohlarni aks ettiradigan okop, blindaj va yerto‘lalar hamda jangovar texnikalar o‘rin oladi. 

Urush yillarida yurtdoshlar qahramonliklarini aks ettirish uchun Mudofaa vazirligi muzey fondiga yaqindan ko‘mak berib, hozirda jamlanayotgan eksponatlar hamda harbiy texnikalarni taqdim etishi belgilangan. Muzey fondi boshqa manbalardan ham to‘ldirib boriladi.

Ko‘proq yangiliklar: