Internet muammosi sabab tomga chiqib masofadan dars o‘tayotgan o‘qituvchi videosi tarqaldi. XTV munosabat bildirdi

Jamiyat 08:15 / 09.05.2020 72297

Videoni tasvirga olgan erkak narvonda tomga chiqarkan, shunday deydi: «Nevara yig‘layapti: buvijonim, pastga tushing, deb. Buvijonisi tomda dars o‘tyapti. Internetimiz yo‘q bizning. [Lekin] o‘qituvchilar dars o‘tishi kerak...»

Tasvirdan o‘qituvchi ayol maktabda ishlashi, karantin paytida o‘quvchilar bilan internet orqali masofadan ishlayotgani, internet muammosi sabab uyining tomidan joy hozirlab dars o‘tayotgani anglashiladi.

«Internet yaxshi, lekin ertalabdan kechgacha tomda o‘tirish ham bo‘lmaydi-da. Bunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, kasal bo‘lib qolaman», – deydi oftobdan soyabon tutib tomda ishlayotgan ayol.

Kun.uz Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmatidan olgan ma'lumotga ko‘ra, videodagi muallima ayol – Marg‘ilon shahri yaqinidagi Navro‘z mahallasida yashovchi musiqa o‘qituvchisidir.

«Hozirgi kunda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va tegishli tashkilot vakillari muammo nimadaligini aniqlash va uni bartaraf etish ustida ish olib bormoqdalar.

Shu o‘rinda, fidoyi o‘qituvchiga har qanday sharoitda ham farzandlarimizga bilim berishga intilishini olqishlaymiz. O‘qituvchimiz mamlakatimizda fidoyi o‘qituvchilar borligini ko‘rsatmoqda», – deyiladi XTV axborotida.

15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlangach, 16 martdan e'tiboran barcha ta'lim muassasalari karantinga yopilgan, ta'tildan so‘ng darslar masofadan – televizion va onlayn shaklda o‘tila boshlagan edi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Speedtest Global indeksida mobil internet tezligi bo‘yicha so‘nggi o‘ntalikda (141ta mamlakat ichida 133-o‘rinda) qayd etilgan.

28 aprel kuni imzolangan prezident qarori bilan, 2020-2021 yillarda O‘zbekistondagi barcha qishloq va mahallalar yuqori tezlikdagi internetga ulanishi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: