Erdo‘g‘an: Asta-sekin normal hayotga qaytishni boshlaymiz

Jahon 08:10 / 05.05.2020 20886

Erdo‘g‘an Tarabyadagi Huber ko‘shkida o‘tkazilgan Prezident Mahkamasi videokonferensiyasidan so‘ng televideniye orqali bergan bayonotida butun dunyoga, xususan, Turkiyaga ham o‘z ta'sirini o‘tkazgan Covid-19 epidemiyasi endilikda muhim bir burilish nuqtasiga kelganini ta'kidladi.

«Turkiya avvalboshdan epidemiyaga qarshi kurashda 4 asosiy maqsad doirasida ish tutdi. Bular ijtimoiy masofani saqlash, tibbiyot tizimining oyoqda qolishi, asosiy ehtiyojlar bilan bog‘liq ishlab chiqarish va ta'minot zanjirining uzilib qolmasligini ta'minlash orqali jamoat tartibini saqlashdir.

Hatto ko‘plab rivojlangan mamlakatlar bu kabi masalalarda qiynalib qolgan bir paytda Turkiya  davlati va millati kurashda namuna bo‘la oldi. Biz kasalliklarni aniqlash va davolash bo‘yicha o‘z modelimizni ishlab chiqdik va hayotga tatbiq qildik. Bu orqali ham o‘lim ko‘rsatkichimizni juda past darajada ushlab turdik, ham epidemiya tarqalishining oldini oldik. Hozirgi kunda yangi bemorlarimiz soni minglik raqamlarda ifodalanadigan bo‘ldi. Jonlantirish bo‘limidagi va nafas olish jihozi ulangan xastalarimiz soni tobora kamayib bormoqda. Shifo topgan bemorlarimiz esa sezilarli ravishda ortmoqda. Barcha tibbiyot xodimlarimiz – shifokorlar, hamshiralar va texnik xodimlarning fidokorona xizmatlari tufayli shifoxonalarimizda vijdonga azob beruvchi hodisalar ro‘y bermadi.

Biz Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan Ilmiy qo‘mitaning tavsiyalari va ko‘rsatmalari asosida turli ehtiyotkorlik choralarini ko‘rdik. Epidemiya yuzaga kelgan mamlakatlar bilan havo va quruqlik chegaralarimizni bosqichma-bosqich yopdik. Ta'lim jarayonini vaqtincha to‘xtatdik. Barcha uchrashuvlar, tadbirlar va shunga o‘xshash dasturlarni keyinga qoldirdik. Insonlar bir joyda bo‘lishiga asoslangan faoliyat turlarini butunlay to‘xtatdik yoki chekladik. Ibodatni masjidlarda jamoat holida emas, balki uylarda qilinishini ta'minladik. Barcha mumkin bo‘lgan sohalarda uydan turib ishlash modelini qo‘lladik.

Shaharlararo transportlarni cheklash orqali mamlakat ichkarisida odamlar harakatining sezilarli darajada pasayishiga erishdik. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar doirasida barcha kesimlarda yordam dasturlarini tayyorladik. Moliyalashtirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hajmi 200 milliard liradan oshdi. Ilk ikki ijtimoiy yordam paketi bilan 4 million 400 ming fuqaromizning har biriga 1000 liradan naqd pul tarqatdik. Hozirda keng qamrovli uchinchi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturi bilan ishlashda davom etyapmiz.

Ayni paytga qadar «Biz uchun biz kifoyamiz, Turkiyam» kampaniyasi doirasida 1 milliard 910 million lira jamg‘arildi. Ushbu xayr-ehson kampaniyamiz hamon bardavom. Millatimiz ushbu og‘ir kunlarda bir-birini qo‘llab-quvvatladi, birdamlikda namuna bo‘ldi.

Turkiyada bu kabi ishlarni amalga oshirar ekanmiz, xorijdagi fuqarolarimizni ham unutib qo‘yganimiz yo‘q.

Havo yo‘li orqali 65 mingga yaqin fuqarolarimizni mamlakatimizga olib keldik. 16 apreldan beri vatanimizga olib kelinganlarning umumiy soni 29 ming nafarga yetdi. Ushbu fuqarolarimizni 14 kun davomida karantinda saqlagach, uylariga ruxsat berish orqali sarhadlarimiz tashqarisidan virus tashib kelinishining oldini oldik. Tibbiy niqob va jihozlar bilan nafaqat o‘zimizni ta'minladik, balki 57 mamlakatga yordam berdik. Kuni kecha tibbiy vositalar bilan bir qatorda o‘zimiz ishlab chiqargan respiratorlarni Somaliga xayriya qildik. Ushbu qurilmalar Somalidagi birinchi nafas olish asboblari sifatida foydalanishga topshirildi. Xuddi shunday, AQSh va bir qator davlatlarga ehtiyoj dasturimiz doirasida tibbiy buyumlar jo‘natdik, jo‘natyapmiz. Biz xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda vaksina ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlarni davom ettirmoqdamiz», deydi Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘an 11 maydan sartaroshxonalar, savdo markazlari va go‘zallik salonlari ishlay boshlashi, keksalar va bolalar turli kunda sayrga chiqishlari mumkin bo‘lishini ma'lum qildi.

«Cheklovlarni asta-sekin – may, iyun va iyul oylariga yoyish orqali amalga oshiramiz. Birinchi navbatda, 65 yoshdan oshgan odamlar uchun joriy etilgan taqiqni kunda 4 soat ko‘chaga chiqish imkoniyati bilan almashtiramiz. Qoidalarga rioya qilish sharti bilan savdo markazlari 11 maydan boshlab xizmat ko‘rsata boshlaydi. 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar 13 may kunidan e'tiboran soat 11:00 va 15:00 oralig‘ida yurish masofasida tashqariga chiqishlari mumkin. 15 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lganlar 15 maydan ushbu shart va vaqtda ko‘chaga chiqishlari mumkin.

Shaharlararo kirish-chiqish cheklovini birinchi navbatda 7ta viloyat uchun bugundan e'tiboran bekor qilamiz. Ushbu viloyatlar Antaliya, Aydin, Erzurum, Hatay, Malatya, Mersin va Mug‘ladir. Harbiy xizmatdan bo‘shatish jarayonlari 31 mayda boshlanadi. Mudofaa vazirligiga tayinlash, kadrlar jalb qilish faoliyatlari 1 iyunda, chaqiruv operatsiyalari 5 iyunda, xizmatiga haq to‘lanadigan harbiylik ishlari 20 iyunda yangidan boshlanadi. Istanbul, Anqara va Izmirdagi tijoriy taksilarga bir va juft kishilik litsenziya olish uchun ariza berish 5 maydan to‘xtatiladi.

Litsey sinovlari (LGS) 20 iyunda, oliy o‘quv yurtlari imtihoni (YKS) esa 27-28 iyun kunlari o‘tkaziladi.

Tozalikka rioya qilish, navbatga olish tartibi bilan ishlash, o‘rindiqlar sonining yarmi miqdoridagi mushtariylarga xizmat ko‘rsatish sharti bilan sartaroshxonalar, go‘zallik salonlari 11 maydan faoliyatlarini boshlashlari mumkin. Komendantlik soati bu hafta oxirida ham saqlanib qoladi.

Davlat boshqaruvini to‘ntarish bilan qo‘lga kiritmoqchi bo‘lganlar demokratik usullar bilan hokimiyat tepasiga kelish o‘rniga 15 iyul kuni xalqdan olgan saboqlariga qaramay, shu yo‘lda yurishda davom etmoqdalar. Otaturk aeroportida 45 kun ichida qurishga muvaffaq bo‘lingan 1000 yotoq o‘rniga ega kasalxonani «14 milliard lira havoga uchdi», deb qoralayotgan zehniyatning kuni bitdi. Ular hali-hamon yangi qurilgan Istanbul aeroportini hazm qila olmayaptilar.

Terror tashkilotlari Turkiyaning epidemiyaga qarshi kurashish bilan band ekanini sarhadlarimiz ichkarisi va tashqarisida tajovuz uyushtirish uchun bir imkon deb bilishyapti. Xavfsiz zonalarimizning tazyiqqa uchrashiga, kelishuvlarga nomuvofiq holda hujumlar uyushtirilishiga endi sabr qilib o‘tirmaymiz. Agar terror tashkiloti va rejimni o‘z homiylari nazorat qila olmasa, u holda, biz o‘z kuchimiz bilan ularni yo‘lga solishni bilamiz. Voqealar ruvojiga qaraganda, kelgusi davrda biz ushbu doirada yangi qadamlar qo‘yishimiz mumkin.

Yaqin orada Liviyadan xushxabarlar olamiz, deb umid qilaman. Zotan, Liviyaning qonuniy ma'muriyatini qo‘llab-quvvatlagan holda, biz mintaqani tinchlik maskaniga aylantirishga qaror qildik», dedi Erdo‘g‘an.

Turkiyada koronavirus tarqalishiga qarshi choralar aprel boshidan kiritila boshlagandi. O‘shanda mamlakatda 20 yoshdan kichiklar va 65 yoshdan kattalarga komendantlik soati kiritilgan hamda 31ta viloyatga, jumladan, Anqara, Istanbul va Antaliyaga kirish-chiqish taqiqlab qo‘yilgandi. Bundan tashqari, 10 apreldan har dam olish kunlari barcha aholi uchun ikki kunlik komendantlik soati amal qilib kelgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Turkiyada koronavirusga chalinganlar soni 127,6 mingdan oshib ketgan, shundan 3461 kishi vafot etgan, 68 mingdan ko‘proq kishi sog‘aygan.

Ko‘proq yangiliklar: