Rossiyada duma deputatlari Telegram’ni bloklashni bas qilishni taklif qilishdi

Fan-texnika 04:28 / 23.04.2020 6049

Rossiya davlat dumasiga «Spravedlivaya Rossiya» partiyasidan saylangan deputatlar Fedot Tumusov va Dmitriy Ionin Telegram messenjerini bloklashni bas qilish to‘g‘risida qonun loyihasi tayyorlashgan. Bu haqda hujjat matni bilan tanishgan «Kommersant» xabar qilmoqda.

Deputatlar hokimiyat hozir Telegram’dan koronavirusga bilan bog‘liq vaziyat haqida axborot tarqatishda foydalanayotgani sababli uni bloklashni bas qilishni taklif qilishmoqda. Xususan, ko‘plab hududiy operativ shtablar messenjerda kanallar yuritishmoqda.

Bundan tashqari, deyiladi qonun loyihasida, rossiyalik foydalanuvchilarning aksariyatida Telegram baribir nuqsonsiz ishlamoqda, qolganlar blokirovkani aylanib o‘tishning bepul vositalaridan foydalanishlari mumkin. «Messenjerning yanada deklarativ tarzda bloklashda davom etish uning rivojlanishiga to‘siq bo‘la olmaydi, biroq RF hokimiyati nufuziga salbiy ta'sir ko‘rsatadi», — deyilgan hujjatda.

Davlat dumasi bazasida qonun loyihasi e'lon qilinmagan. «Kommersant»ning yozishicha, hujjat 21 aprel kuni bosh vazir Mixail Mishustin va Rossiya kommunikatsiya va aloqa vazirligi rahbari Maksut Shadayevga jo‘natilgan. Vazirlik qonun loyihasini olganini tasdiqlagan, u hozir o‘rganish jarayonida.

Davlat dumasining axborot siyosati, axborot texnologiyalari va aloqa qo‘mitasi rahbari Aleksandr Xinshteyn («Yedinaya Rossiya») ning ta'kidlashicha, u mazkur tashabbusning parlamentda qabul qilinishi istiqbollariga «katta shubha bilan» qaraydi. Chunki hokimiyat organlari koronavirus to‘g‘risida axborot tarqatishda faqat Telegram’dan foydalanayotgani yo‘q, shu birgina sabab bilan unga yengilliklar va alohida status berish mantiqsizlik bo‘ladi. 

Telegram Rossiyada 2018 yilning 16 aprelidan rasman bloklangan. Shunga qaramasdan messenjer rossiyalik foydalanuvlarning katta qismi uchun ochiq bo‘lib qolmoqda. Roskomnadzor Telegram’ni bloklashga kirishgan kunlari chet servislarning millionlab IP-manzillarini ham bloklab qo‘ygan edi.

Bloklangunga qadar Rossiyaning ko‘plab vazirlik va idoralari ham Telegram’da rasmiy kanallarga ega edi.

Ko‘proq yangiliklar: