— Menimcha, bu ishsizlik ko‘payishiga umuman aloqador emas. Aksincha onlayn rivojlansa, bizda qo‘shimcha ish joylari yaratiladi degan fikrdaman. Sababi – O‘zbekiston YaIMning uchdan bir qismi servisdan tashkil topgan. Agar shu servislarning bir qismini onlaynga o‘tkazib, undan tashqari, bu servislarni chet davlatlarga yetkazishni boshlasak, onlayn rivojlanib, unga ko‘plab yoshlar jalb etilsa, menimcha minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatimiz bor.
Men bu narsani hech qanaqasiga ishsizlikka salbiy ta'siri bo‘ladi deb o‘ylamayman. Aynan bizga yangi ish joylarini yaratish imkoniyatini yaratadi, deb hisoblayman.
— Davlat tashkilotlari onlaynga o‘tadimi, buning uchun ular tayyormi? Nimalarga e'tibor kerak?
— Men o‘ylayman, pandemiya oqibatida ko‘p davlat organlari bir necha turdagi onlayn muloqot vositalarini testdan o‘tkazib, undan foydalanishni yo‘lga qo‘yishdi. Mana ko‘rib turibmiz, ko‘p vazirliklarda yig‘ilishlar onlayn o‘tkazilyapti va h.k. Lekin faqat ichki jarayonlarni emas, tashqaridagi muloqotlarni ham tezroq onlaynga o‘tkazish kerak, menimcha. Davlat tomonidan beriladigan xizmat turlarining barchasini onlaynga o‘tkazish kerak.
— Banklar ham onlaynga o‘tadimi?
— Afsuski, O‘zbekistonda bank tizimining katta qismi hanuz davlatniki. Demak, ular ham davlatning bir qismi. Moliyaviy tizimimizning bir qismi bo‘lgan holda tezroq onlaynni tatbiq qilishsa, samaradorligi oshib, xalqqa qilayotgan xizmatlari osonlashadi. Bu tannarx kamayishiga va mijozlarning ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan ko‘proq qoniqishiga olib kelishiga ishonchim komil.
Mutaxassis onlaynda xodimlar ishini nazorat qilishning tayyor yechimlari haqida gapirgan.
— Bizneslarimizning ko‘pi IT sohasida bo‘lgani uchun IT sohasida dasturchilarning qilayotgan ishlarini samaradorlik darajasini nazorat qiladigan bir necha platformalar bor. Uni IT mutaxassislari juda yaxshi bilishadi. Ularning hammasining nomini aytib o‘tirmayman. Loyiha menejyerlarimiz bor. Biz ularga vazifa qo‘yamiz. Keyin ular vazifani olib, uni mayda vazifalarga bo‘lib chiqishadi. Bo‘linganidan keyin har bir bolaning har kunlik necha soat va qancha miqdor ishni amalga oshirishi tizimga darhol tushadi. U yozayotgan kodi ham tizimga uzviy bog‘liq bo‘lib, biz har kuni bola qancha kod yozdi, qancha ishni amalga oshirgani va unga berilgan vazifaning qaysi foizini amalga oshirdi degan statistikani ko‘rib borishimiz mumkin.
Menimcha, boshqa bizneslarda ham buni amalga oshirish imkoniyatlari mavjud. O‘zbekistonda bugungi kunda ishlayotgan kpi.com bor. Do‘stimiz Muzaffar aka Karabayev tomonidan tashkil topgan kompaniya. Menimcha, ularda bir necha yechimlar bor. Ularga murojaat qilsa bo‘ladi. Trello’ni aytdingiz, bilasizmi unda avtomatlashtirish darajasi insonga bog‘liq. Lekin boshlang‘ich bosqichda undan ham foydalansa bo‘ladi. Ular orqali vazifalarni bo‘lish va samaradorlikni belgilab borishning qay darajada amalga oshirilayotganini nazorat qilish imkoniyatlari bor.
To‘liq suhbatni MFactor’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilish mumkin.