Yirik soliq to‘lovchilarning xodimlari uchun maxsus ruxsatnoma beriladi

O‘zbekiston 21:54 / 21.04.2020 52794

DSQ matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, bundan maqsad korxonalar ishini yengillashtirish va uzluksiz faoliyat yuritishi uchun maqbul sharoitlar yaratish hisoblanadi.

Ruxsat beruvchi stikerlar yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi korxonalar xodimlarining shaxsiy yoki xizmat avtotransport vositalari uchun beriladi.

Ruxsat beruvchi hujjatni olish uchun faqat onlayn tarzda soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron soliq xizmatlari portalida maxsus anketani to‘ldirib ariza berish mumkin.

Avtotransportda harakatlanish uchun kerak bo‘ladigan maxsus QR-kodli ruxsatnomani printer orqali chop etish lozim. U ariza yuborilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida  shakllantiriladi.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan har bir soliq to‘lovchiga alohida stiker kvotalari belgilanadi. Ruxsat beruvchi stiker u olingan kundan boshlab 30 kun mobaynida harakatlanish huquqini beradi.

Avtotransport vositasidan foydalanish uchun ruxsat beruvchi stiker olgan xodimlar mehnat daftarchasining nusxasi va ish joyidan berilgan tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi kerak. Xodimlarga faqat belgilangan yo‘nalish bo‘yicha, xizmat maqsadlarida soat 9:00dan soat 18:00gacha transport vositasidan foydalanishga ruxsat beriladi.

Ruxsat beruvchi stiker olish haqida DSQga ariza yuborilganidan keyin ularga tuzatishlar kiritish nazarda tutilmagan. Ruxsat berish uchun hech qanday to‘lov olinmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: