Neft olasiz, evaziga pul berishadi. Nega bunday bo‘ldi?

Iqtisodiyot 02:29 / 21.04.2020 104813

Xo‘sh, o‘z vaqtida 147 dollargacha ko‘tarilib ketgan neft qanday qilib bu qadar qadrsizlanib ketdi?

Avvalo, bir narsani unutmaslik kerakki, bugun Nyu-York birjasida WTI neftining 1 barreli -40 dollargacha tushib ketdi. Bu – qaysidir ma'noda AQShning milliy neft mahsuloti. O‘z nomi bilan West Texas Intermediate. Birja WTI uchun - (minus) 25 dollar bilan yopildi. Bu vaqtda yoqilg‘i ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan eng yuqori markadagi Brent nefti 26 dollardan sotildi.

Neft nega bu qadar pastlagani oldindan kutilgandi desak, bo‘rttirish bo‘ladi. Chunki bunaqasi tarixda bo‘lmagan. WTI tarixda hech qachon 9 dollardan tushmagan. To‘g‘ri, dunyo bozorida neft narxining pastlashini kutganlar bor edi; masalan, Saudiya Arabistoni Yevropadagi mijozlariga 10 dollargacha chegirma berib, neft uchun pulni uch oydan keyin to‘lash mumkinligini taklif qildi. Ammo bir barrel neft olib ketganlar uchun 40 dollar pul taklif qilish - bu shunchaki dahshat. Buni xotirjamlik bilan qabul qilayotgan iqtisodchilarning o‘zi ham bunaqa bo‘lishini taxmin qilmagani aniq.

Bozor iqtisodiyoti to‘liq amal qiladigan AQShda barcha narsaning narxini bozor belgilaydi. Ya'ni talab bo‘lmagan mahsulot tabiiyki arzonlaydi. Hozir koronavirus sabab butun dunyo karantinda o‘tiribdi. Korxonalar ishlamayapti, samolyotlar uchmayapti, mashinalar yurmayapti, xullas, ishlab chiqarish to‘xtagan. Neftga talab yo‘q va shu sabab uning narxi pastlab ketdi.

Nega neft uchun pul taklif qilishyapti?

Neft arzonlaganini ko‘rgandik, ammo uni olib ketganlar uchun pul taklif qilish shunchaki hayratlanarli holat bo‘ldi. Xo‘sh, nega bunday bo‘ldi? Bu savolga aniq javobni neft korxonasi rahbarlari berishadi, biz esa shunchaki taxmin qilishimiz mumkin. Katta ehtimol bilan, AQShda neft saqlanadigan omborlar to‘lib bo‘lgan, tankerlar ham to‘lib qayerga yurishni bilmayapti. Neft qazib olgach, uni saqlab turadigan joy yo‘q. Shu sabab neft korxonalari omborlarni bo‘shatishga majbur. Bu uchun xaridorga pul berishga ham tayyor ular.

Nega deysizmi? Aytaylik, ular neft qazib oladigan korxona bilan yil oxirigacha falon million tonna neft yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Shartnoma esa, tabiiyki, yil boshida emas, katta ehtimol o‘tgan yil imzolangan. Agar shartnoma yanvarda imzolanganida, u holda qazib olish hajmi bunchalik yuqori bo‘lmasdi balki. Chunki yanvarning dastlabki 3 kunida ikkita muhim voqea sodir bo‘ldi: Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi, koronavirus tarqalgani e'lon qilindi.

Neft qazib oladigan korxona ishlab chiqarishni to‘xtatmaydi, chunki ularga narxning farqi yo‘q, neft sotadigan korxonalar ularga neft qazib chiqarishi uchun pulini to‘lab bo‘lgan. Hamma yuk neft sotadigan korxonaga qoladi. U ishlab chiqarishni to‘xtata olmaydi va omborlarini ketma-ket bo‘shatib turishga majbur.

Nega neft qazib olishni to‘xtatib turish mumkin emas?

Axir shuncha neftni pul berib odamlarga tortiq qilgandan ko‘ra, uni biror yerga saqlab qo‘ysa, juda bo‘lmasa, qazib olishni to‘xtatsa bo‘lmaydimi, deysizmi? Yo‘q, bo‘lmaydi. Birinchidan, trubalarda qazib olinadigan WTI`ni ishlab chiqarishni to‘xtatish murakkab jarayon. Bu qanchaga tushishini bilmaymiz, ammo boshqalarga pul berib neft tortiq qilishdan qimmatroq bo‘lishi aniq. Axir 5 dollar zarar qilgandan 2 dollar zarar qilgan afzal-ku? Agar shunday bo‘lmaganida, amerikalik neftchilar boshqalarga pul evaziga neft taklif qilishmasdi.

Bu borada o‘zbekistonlik taniqli bloger Otabek Bakirov shunday deydi:

«Manfiy narx bu - ishlab chiqaruvchilar sotib oluvchilarga qazilgan neftni olib ketishgani uchun to‘lanadigan komissiya. Nega? Chunki Shimoliy Amerika bozori uchun xarakterli WTI neftini saqlagani joyning o‘zi qolmagan, omborlar to‘lib bo‘lgan va tankerlar band.

Nega ishlab chiqaruvchilar xaridorlarga to‘lashga rozi bo‘lmoqda?

Sababi oddiy, maqsad – xaridorlarni ushlab qolish. Va ayni damda bitimlar «fizicheskaya postavka» bilan bog‘liq emas, aksar bitimlar yetkazib berish huquqi xolos.

Yana bir sabab shuki, nasoslarni to‘xtatib, quduqlarni hozir yopib, qayta ochish o‘ta murakkab va qimmat jarayon. Bitta quduqni rezervatsiyaga o‘tkazish va qayta ochish shartli 2 millionga, quduqni yana bir oy ishlatish va xaridorlarga komissiya to‘lash esa shartli 1 millionga tushadi. Hammasiga yana nisbiy afzallik sababchi», deb yozgan Bakirov o‘z Telegram-kanalida.

Ta'kidlash kerakki, neft qazib olish to‘xtasa, quduqlardan neft qochishi ham mumkin. Bu esa vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. O‘ylamang, bu holat uzoq vaqt davom etmaydi. Omborlar bo‘shab, tankerlar manzilga yetgach, AQShda avtomatik tarzda neft qazib olish hajmi kamayadi va zarariga neft sotish yakunlanadi.

Shu o‘rinda yana bir o‘zbek iqtisodchisi Behzod Hoshimov neft narxining pastlagani haqida jo‘yali va asosli fikr bildirdi:

«Talab qisqarsa, narx tushadi. Bu - iqtisodiyotni eng oddiy qonuniyati. OPEK, Rossiya va shu kabi siyosiy sabablar bu yerda umuman rol o‘ynamaydi. Afsuski ko‘pchilik betayin ekspertlarning fikrini eshitaverib, bu masalani ham qiyinlashtirib, siyosiylashtirib yuborishdi.

13 mart kuni yozganim:

Saudiya Arabistoni va Rossiya kelishgan holda neft narxiga (sezilarli) ta'sir o‘tkaza olishi bu – jurnalistlar va turli xil xalqaro ekspertlar orasida tarqalgan mif. Albatta, bunday emas, ayniqsa, oxirgi 20 yilda.

Hozirgi neft narxi tushishi talab qisqarishi va kelajakdagi talab qisqarishi haqidagi qo‘rquvlarning kombinatsiyasidir. Shuning uchun Rossiya OPEK bilan kelishgani yoki kelishmagani haqida fikr yuritish ma'noga ega emas. Chunki neft narxiga bu narsa ta'sir qilmaydi.

O‘zi neft narxini volatilligiga qarab, iqtisodiyot kitoblarida qanday qilib kartel kelishuvlar buzilib ketishi haqidagi mantiqni tushuntirsa bo‘ladi. O‘yinlar nazariyasidagi eng sodda model orqali ham shu narsaga kelsa bo‘ladi. Shu ikki mamlakat kelisha olmagani ham o‘yinlar nazariyasidagi eng klassik yechim. Ya'ni shaxsiy manfaatlar jamoaviy manfaatlardan ko‘ra afzalroq, chunki jamoaviy optimum qilish har bir o‘yin ishtirokchisiga qimmat.

Hozir nima o‘zgardi? Nimaga narx yana tushyapti?

Sababi oddiy: ishlab chiqarilgan neftni hech kim ishlatmayapti, neft qo‘yishga joy yo‘q. Agar pulingiz bo‘lsa, neft qo‘yish uchun tanker oling.

Kecha shuncha no‘xatni, uch barrel neft narxiga olgan edim», deb 425 grammlik konservalangan no‘xatning surati ilova qilingan postini yakunlagan AQShda faoliyat yurituvchi o‘zbekistonlik taniqli iqtisodchi Behzod Hoshimov.

Ko‘proq yangiliklar: