«Har bahorda to‘lib-toshadigan tog‘ dam olish maskanlarida ajib sokinlik». Zominning bugungi manzarasi

Light 22:00 / 21.04.2020 53109

– Nodirbek, tog‘larda nima gaplar?

– Tog‘ tabiati har qachongidan ham go‘zal. Har yili bu kunlarda to‘lib-toshib ketadigan dam olish maskanlarida ajib sokinlik hukm suryapti. Hordiq chiqarish va shifo maqsadida odamlar yillab navbat kutadigan «Zomin» sanatoriysi ham kelib-ketuvchilardan xoli. Faqat eng asosiy ishchilar qolgan.

O‘zim sanatoriydan 14-15 chaqirim pastroqda yashayman, uyimda kichik oilaviy mehmon uyi ochganman. O‘tgan yillari oldindan buyurtma olardik, bu yil hech kim yo‘q.

– Demak, bu yilgi turistik mavsum «barbod bo‘ldi», deyishga asos yetarlimi? Bu hududiy aholi kayfiyatiga ham salbiy ta'sir qilgandir?

– Albatta, iqtisodiy jihatdan ta'siri bor. Lekin men «barbod bo‘ldi» demagan bo‘lardim. Aksincha, tabiat biz odamlardan bir yil dam oldi, nafas rostladi, hordiq chiqardi.

Oldinlari bahordan boshlab, tog‘lar ichi xuddi gavjum shahardek bo‘lib ketardi. Dam oluvchilar kelishi yaxshi albatta, lekin afsuski, ko‘pchilikning tabiatga munosabati kishi dilini xira qiladi. Sindirilgan archalar, toptalgan maysalar, sochib tashlangan chiqindilar hali bu boradagi madaniyatimiz pastligini ko‘rsatadi. Axir bu tog‘lar umumxalq mulki-ku. Bu yil esa o‘t-o‘lanlar ham, archalar ham o‘zgacha barq urib o‘sishyapti, nazarimda.

Shaxsan o‘zim bu kasallikni o‘ziga haddan ziyod ishongan, texnikaga qattiq suyanib qolgan va tabiatga ayovsiz ozor berishga o‘rgangan odamzod uchun bir sinov sifatida qarayman. Hozir jiddiy o‘ylab ko‘rishning, munosabatni o‘zgartirishning ayni vaqti.

– Qishloqlarda karantin qoidalariga rioya qilinyaptimi?

– Biz yashayotgan hududlarda asosan qirg‘iz millatiga mansub aholi va turli millat vakillari hamisha inoq bo‘lishgan. Mana shunday kunlarda qishloqning shahardan o‘ziga xos ustunligini o‘zim uchun yana bir bor his qildim. Bolalar emin-erkin o‘ynab yurishibdi, havo nihoyatda musaffo, zilol suvlar sharqirab oqib turibdi.

Shaharda bu paytda odamlar ko‘p qavatli uylarda o‘tirishibdi. Lekin bu ham bir sinov, tezda tugashiga umid qilaman.

Zomin tumani markazidan tog‘ga chiqish ham, tushish ham nazorat ostida, yo‘lovchilar faqat zarur holatlardagina o‘tkaziladi. O‘zim o‘qituvchiman, maktab yopiqligiga qaramay bolalarning o‘qishini imkon qadar nazorat qilishga urinyapmiz.

– Tog‘ qishloqlaridagi azaliy muammolar – «chiroq o‘chishi» va internet yo‘qligi oz bo‘lsa ham yechimini topdimi?

– Oz emas, anchagina yechimini topdi. Oldingidek kunlab, haftalab uzilishlar yo‘q. Lekin zerikib qolishmasin deyishsa kerak – chiroq har zamonda bir-ikki soat o‘chadi baribir.

Internetga kelsak, oxirgi yillarda bu borada ancha siljish bo‘ldi. Mana, siz bilan ham internet orqali bemalol muloqot qilib turibman. Yaqin yillargacha ham buni tasavvur qilish qiyin edi.

– Qiziqarli suhbat uchun rahmat.

– Xalqimizni tezkor axborot bilan ta'minlab turgan Kun.uz saytiga rahmat. Bizda ham ko‘pchilik kunni shu saytni kuzatishdan boshlashadi. Nasib qilsa, karantinlar tugab, yo‘llar ochilganda albatta jamoa bilan kelinglar, dam olib ketasizlar.

Abror Zohidov suhbatlashdi.
Suratlar muallifi Husniddin Hazratqulov

Ko‘proq yangiliklar: