Davletov.uz kanali muallifi Qobil Xidirov O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi Mamarizo Berdimuratovich Nurmuratov bilan koronavirus pandemiyasi sharoitida bank tizimining barqaror faoliyat yuritishi, banklar tomonidan iqtisodiy inqiroz oqibatlarini yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda valuta kursi, inflatsiya ko‘rsatkichlari barqarorligi masalalarida suhbat uyushtirdi.
— Pandemiya sharoitida banklar oldida turgan asosiy, dolzarb vazifalar nimalardan iborat bo‘lyapti. Yaqinda prezidentimiz videoselektor orqali bank vakillari bilan uchrashdi. O‘zbekiston prezidentining 3 aprel kunidagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida tijorat banklariga 3 yilga 2 trillion so‘m miqdorida likvidlik ajratish ajratish haqida aytildi. Uning mexanizmi qanday bo‘lishi haqida batafsil ma'lumot bersangiz.
— Pandemiya e'lon qilinguniga qadar birinchi bor koronavirus alomatlari Xitoyda paydo bo‘lib, boshqa davlatlarga o‘tish jarayonida yanvar oyining oxirlarida prezidentimiz tomonidan oldimizga bu baloning global iqtisodiyotga ta'siri, uning O‘zbekistonga qanday ta'siri bo‘lishini tahlil qilib, o‘z xulosalarimizni tayyorlash vazifasi topshirildi. Shu nuqtayi nazardan Markaziy bank barcha tijorat banklarimizni stress testdan o‘tkazdik. Ya'ni koronavirus boshqa davlatlarni ham qamrab oladigan bo‘lsa, global iqtisodiyotga uning ta'siri va o‘sha ta'sirdan kelib chiqib, O‘zbekiston iqtisodiyotiga va u orqali bank tizimiga ta'sirini baholadik.
Barcha banklarni 3ta mezon asosida stress testdan o‘tkazdik. Eng avvalo, eksport, import operatsiyalariga pandemiyaning ta'siri. Buni 3 holatda, ya'ni agar eksportimiz 30, 20, 10 foizga pasayadigan bo‘lsa, iqtisodiyotga va shu orqali banklarga ta'sirini baholadik. Bu bilan bog‘liq bo‘lgan ikkinchi vaziyat – koronavirusning Rossiya iqtisodiyotiga ta'siri orqali aholi katta qismining pul o‘tkazmalari orqali jo‘natilayotgan mablag‘larida qanday o‘zgarish bo‘ladi. Buni ham 3 xil ssenariyda tahlil qilib, butun bank tizimiga ta'sirlarini tahlil qildik. Bundan keyin o‘zimizning ichki ishlab chiqarishdagi o‘zgarishlar, buning ta'sirida ostida bo‘lishi mumkin: investitsiya dasturlari, qishloq xo‘jaligi, sanoat ishlab chiqarishi, qurilishda va hokazo.
Shulardan kelib chiqqan holda, ularning yakuniy ta'siri bank tizimida o‘z aksini topadi. Biz shu asnoda banklarimizni stress testdan o‘tkazib, agar shu vaziyat bo‘lsa, banklar qanday vaziyatga tushib qolishining 1 oktyabrgacha bo‘ladigan narsani tahlil qilib, o‘z prognozlarimizni belgiladik. Shundan kelib chiqqan holda prezidentimizga bank tizimida kutilayotgan muammolarni, bo‘lishi mumkin bo‘lgan xatarlarni aks ettirgan xulosalarimizni kiritdik.
Xulosalarni 3 toifaga bo‘lishimiz mumkin. Qo‘llanadigan choralarimiz ham 3 toifaga bo‘lingan. Eng avvalo iqtisodiyotga ta'siri orqali banklarga shartnomalarda belgilangan muddatlarda qaytishi lozim bo‘lgan kreditlarga qanday ta'sir qiladi. Prolongatsiya bo‘yicha 19,5 trillionlik kreditlarning 1 oktyabrgacha muddatini cho‘zish masalasini kiritdik. Chunki bularning hammasini hisob-kitob qilganmiz. Eng pessimistik ssenariydan kelib chiqqan holda 55 foiz xo‘jalik sub'yektlarini mart-sentabr oylarida qaytishi kerak bo‘lgan kreditlarda qaytilishida uzilish bo‘ladi degan holatdan kelib chiqib, takliflarni ishlab chiqqanmiz. Bu 55 foiz kreditlarga prolongatsiya berilyapti degani.
Xuddi shunday aholi qarzdorligi bo‘yicha o‘rganganimizda bugungi kunda bank tizimida aholimiz qariyb 44 trillion kredit olgan. 2,5 millionga yaqin kishi kredit bo‘yicha o‘zining ma'lum qarzdorlik va majburiyatiga ega. Bu kreditlarning aholigi ta'sirini yanada minimallashtirish nuqtayi nazaridan o‘sha davrda qaytirilishi lozim bo‘lgan kreditlarning 75 foizining muddatini uzaytirish lozim bo‘ladi degan taklifni ishlab chiqdik. Bu birinchi yo‘nalishdagi ishlarimiz.
Ikkinchi yo‘nalish – bu kreditlar banklarga qaytmaydigan bo‘lsa, bankning mijozlari oldidagi boshqa majburiyatlarni bajarish uchun qanday likvidlik, qanday mablag‘ kerak bo‘ladi? Buni ham toifalarga bo‘lib chiqib, takliflarimizni ham 3 xil: qisqa, o‘rta, uzoq muddatli takliflarga bo‘ldik.
Siz savolingizda 2 trillion maxsus instrumentlar deb qayd etgan narsa. Bizning pul kreditimizga e'tibor beradigan bo‘lsangiz, birinchi marta targetlash tizimiga o‘tamiz deganimizda maxsus instrumentlardan ham foydalanishimizni aytgandik.
Maxsus instrumentlar nima? Masalan, rivojlangan davlatlarda Markaziy bank miqdoriy yumshatish degan operatsiyalarini amalga oshiryapti. Ming afsus, bizda miqdoriy yumshatish operatsiyasini qo‘llash uchun fond bozori uncha rivojlanmagan. Shuning uchun biz tijorat banklaridagi Markaziy bankka maqbul bo‘lgan likvid aktivlarini o‘zimizga olib, o‘shaning garovi evaziga banklarga kredit beramiz.
Bugungi kunda Markaziy bankda shu narsaga qaror qildikki, har bir tijorat bankining ipotekaga ajratgan kreditlari bor. Biz uchun ipotekaga olingan garovlar – maqbul garov. O‘sha ipoteka aktivlarini Markaziy bankka garovga qo‘yadi-da, ularga likvidlik beramiz. Bu har qaysi bank bilan individual holda yondashiladi.