Neft qazib olishni qisqartirish bo‘yicha kelishuv: Rossiya uchun ahvol og‘ir bo‘lib qolaveradimi?

Iqtisodiyot 08:02 / 19.04.2020 18431

YaIM bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinda bo‘lgan (1,65 trillion dollar) Rossiya iqtisodiyoti uchun neft juda muhim o‘rin tutadi. Mamlakat YaIMning o‘rtacha 20 foizdan ko‘prog‘ini aynan neft va gaz savdosi tashkil qiladi. Rossiya budjetining uchdan biri neft va gaz kompleksi hisobidan to‘ldiriladi. Umuman, Rossiya eksportining yarmiga yaqini energetika sohasiga to‘g‘ri keladi.

Rossiya moliya vazirligi 2006 yildan beri neft va gaz eksportidan olinayotgan daromad mamlakat budjetining necha foizini tashkil etayotgani haqida ma'lumotlarni e'lon qilib kelyapti. Unga ko‘ra, o‘tgan 13 yil davomida neft va gaz eksportidan kelayotgan daromad Rossiya budjetining 36-51 foizini qoplab bergan. Agar so‘nggi yillardagi ko‘rsatkichlarga qaraydigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich 2018 yilda 46 foizni, 2019 yilda 40,8 foizni tashkil etgan. Rossiya YaIMsida neft va gaz eksportining ulushi 2019 yilda 18,5 foizni tashkil etgan. 

2019 yilning dekabrida Rossiya 2020 yil uchun davlat budjetini qabul qilishda neft narxini 1 barrelga o‘rtacha 44 dollardan hisoblagan edi. Bugun esa dunyo bo‘ylab koronavirus ortidan kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz paytida neft narxi 10,5 dollargacha pastlab ketdi. Bunday holatda Rossiyada budjet taqchilligi yuzaga kelishi mumkin.

Masalan, Rossiya inqiroz vaqtida AQSh kabi har bir fuqarosiga 1 200 dollardan, ularning bolalariga esa 500 dollardan tarqatishni «o‘ziga ep ko‘ra olmaydi». Neft qazib chiqarishni kamaytirish masalasida Saudiya bilan kelishildi, OPeK+ bilan bitimga erishildi, ammo holat baribir yaxshi tomonga o‘zgarmayotgandek. Chunki inqiroz paytida neftga bo‘lgan talab hamon past. Ayniqsa, Rossiya neftiga. Dunyodagi barcha neft omborlari esa allaqachon to‘lib bo‘lgan.

Kelishuvga ko‘ra, OPeK+ mamlakatlari (unga OPeK va unga a'zo bo‘lmagan neft eksport qiluvchi davlatlar kiradi) 1 maydan boshlab kunlik neft qazib olishni 9,7 million barrelga qisqartirish haqida kelishuvga erishgan. Kelishuv e'lon qilingan kunda jahon birjalarida neft narxi biroz ko‘tarildi va Rossiya uchun umid uchqunlarini yoqdi. Ammo oradan bir necha kun o‘tib neft narxi yana pasaya boshladi va 15 aprel kuni Brent turidagi neftning bir barreli 28 dollargacha pastladi. Ungacha narx 30 dollardan tepada edi.

Neft bozorini tahlil qilib boradigan mutaxassislarning fikricha, OPEC+ mamlakatlari tomonidan neft qazib olishni kamaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan bo‘lsa ham, neft narxi yana pasayishda davom etadi. Sabab – koronavirus inqirozi.

Eng yomoni shundaki, bugun dunyo bo‘ylab tarqalayotgan koronavirus va uning ortidan sodir bo‘layotgan inqirozning ham qachon tugashi ma'lum emas. Bu mavhumlik tufayli kelajakda neft narxi yanada pastlab ketmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Rossiya neftining eng yirik xaridori bo‘lgan Xitoy iqtisodiyotida ham, garchi bu davlat koronavirusni yenggani aytilayotgan bo‘lsa-da, hozircha mavhumlik kuzatilioqda. Xitoy butun dunyoga asosan nooziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradi. Ammo bugun dunyoning aksariyat qismida odamlarni asosan oziq-ovqat sotib olish qiziqtirayotganini inobatga olsak, Xitoy hatto koronavirus balosidan batamom qutulsa ham, boshqalar undan qutulib bo‘lmaguncha o‘z iqtisodiyotini jonlantira olmaydi.

Xitoy korxonalari to‘liq kuch bilan ishlamas ekan, mamlakat «bosib-bosib» neft sotib olishini kutish qiyin. Demak, Rossiya neft eksporti uchun hozircha «tunnelning narigi tomonida yorug‘lik ko‘rinmayapti».

OPeK+ kelishuvidan avval, aprel oyi boshida Rossiyaning Urals turidagi nefti oxirgi 20 yilda eng past narxda baholandi va 1 barreli 10,5 dollargacha tushib ketdi. Kelishuvdan so‘ng dunyo birjalarida Brent va WTI neft turlarining narxi oshgan paytda, Urals’ning ham narxi bir baravar ko‘tarilgan va 1 barreli qariyb 20 dollarga baholanayotgan edi. Ammo 15 aprelda o‘tkazilgan savdolarda uning narxi yana pastladi va 16 dollardan biroz teparoqda baholandi.

Bunday sharoitda Rossiya neft sotishdan o‘zi uchun kerakli daromadni mutlaqo ololmaydi. Chunki neft qazib chiqarish xarajatlarini chiqarib tashlasa, hozirgi holatda Rossiya har bir barrel neftdan arzimagan daromad oladi.

Xalqaro moliya hisoboti standartlari ma'lumotlariga ko‘ra, bugun Rossiyada qazib olinayotgan 1 barrel neft qazib olishning o‘rtacha xarajati 10 dollar atrofida bo‘lmoqda. Jumladan, 2019 yilda 1 barrel neft qazib chiqarish uchun Rosneft 11,3 dollar sarflagan. Bu xarajatning 3,8 dollari neft qazib olish uchun (operatsion xarajatlar), 7,5 dollari loyiha uchun (qidiruv, burg‘ilash, qazib olish uskunalari o‘rnatish) sarflangan.

«Lukoyl» qazib olgan neftning 1 barreli uchun 10,2 dollar sarflagan (3,7 dollar-operatsion, 6,5 dollar-loyiha xarajati). «Gazprom» esa 1 barrel neft qazib olish uchun 9,8 dollar sarflagan (3,8-operatsion, 6 dollar-loyiha xarajati).

Bloomberg hisobotlariga ko‘ra, 1 maydan so‘ng, OPeK+ kelishuvlari kuchga kirgach, Rossiya Urals turidagi neftning har bir barrelidan bor yo‘g‘i 1 dollardan daromad olishi mumkin. Taqqoslash uchun, yanvar oyida eksport qilingan 1 barrel neft Rossiya budjetiga 10,5 dollar, fevralda 10,7 dollar, martda 9,1 dollar, aprelda 7,1 dollar mablag‘ keltirgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, 1 maydan OPeK+ kelishuvlari kuchga kirib, neft eksport qiluvchi davlatlar qazib olishni kuniga 9,7 million barrelga kamaytirgani bilan dunyo bo‘ylab davom etayotgan inqiroz tufayli neftga bo‘lgan talab yanada kamayib ketadi va narxlar yana arzonlaydi. Ana shunda Rossiyaning neftdan oladigan daromadi ham maksimum miqdorgacha kamayishi mumkin.

Saudiya Arabistoning Saudi Aramco kompaniyasi 15 aprel kuni xaridorlarga har bir barrel neft uchun 10 dollardan chegirma berishini va sotib olingan neft pulini 90 kunda to‘lash mumkinligini e'lon qildi. Ko‘p o‘tmay Qatar ham bu ishni takrorladi. Rossiyada esa Saudiya Arabistonining bu ishini «orqadan pichoq urish» deb baholashmoqda.

Koronavirus shundog‘am butun dunyoga xavf solayotgan bir vaqtda Rossiya yana bir jiddiy muammoni hal qilishi kerak. Lekin, bu Rossiyaning o‘z qo‘lida emas. Bu holatdan shunday xulosa qilish mumkinki, hech qachon iqtisodni bir sohaga bog‘lab qo‘ymaslik kerak. Aks holda avvalo davlat, keyin esa odamlar qiynaladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: