«Mablag‘ kamayadi, ammo ocharchilik bo‘lmaydi». Iqtisodchi Jamshid Muslimov bilan suhbat 

Iqtisodiyot 18:25 / 19.04.2020 35894

— Assalomu alaykum, Jamshid aka suhbatimiz avvalida Rossiyadagi vaziyatga to‘xtalib o‘tsak. U yerda koronavirusga qarshi kurash qanday kechmoqda, O‘zbekistondagidan farq qiladimi?

— Vaalaykum assalom, Moskvada o‘zini-o‘zi ihotalash rejimi e'lon qilingan, bu narsa hali bir ikki oy davom etishi mumkin. Shu sabab 9 may g‘alaba paradi ham noma'lum sanaga ko‘chirildi.

Odamlar o‘z ishlari bilan, shuningdek, turar joylariga yaqin atrofdagi do‘konga borishi, uzoq masofaga bormagan holda itlarini sayrga olib chiqishi mumkin. Yo‘lda odamlarga hujjat orqali yurishga ruxsat etilmoqda. Bu ishxonadan ma'lumotnoma va boshqa ko‘rinishda ham qilinishi mumkin. Shu bilan birga ko‘chalarda himoya vositalarisiz yurgan odamlarni ham uchratish mumkin. Ochiqchasiga mavjud vaziyatni inkor qilinayotganiga guvoh bo‘lasiz. Lekin ularga nisbatan Toshkentdagi kabi ochiq ta'qib qilish holatlari yo‘q.

Virus yuqish holatlari juda tez sur'atda ko‘payib bormoqda. Bundan ikki hafta avval kuniga 600-700 kishida virus aniqlangan bo‘lsa, hozirga kelib 1,5-2 mingga chiqdi. Shuning yarmidan ko‘pi Moskvaga to‘g‘ri keladi. Bu rasmiy ma'lumot, ammo o‘sha 2 ming odam yana necha kishiga yuqtirgani noma'lum.

— O‘zbekistonda koronavirus yuqtirib olgan birinchi bemor aniqlanganiga bir oydan oshdi. Shundan so‘ng barcha sohada cheklovlar joriy etib kelinmoqda. Chetdan turib bu holatga qanday baho bersa bo‘ladi: karantin rejimi samara beryaptimi?

— O‘ylashimcha O‘zbekistonning hozirgi tutgan siyosati o‘zini oqlaydi, bu — to‘g‘ri yo‘l. Chunki iloji boricha odamlarni o‘z joylarida saqlash kerak. Va bu karantin muddati davomida davlat o‘zining vazifalarini tezkorlik bilan hal qilishi kerak.

Birinchidan, kasallanganlarga yetarli to‘shak joylari, tibbiy vositalar, tibbiy xodimlarni tayinlash yetarli miqdorda tayyor bo‘lishi; ikkinchidan, tezkor test vositalari ta'minlangan bo‘lishi lozim. Chunki bular jamiyat yana o‘z normal yo‘lida davom etishi uchun zarur. Ya'ni davlat ommaviy ishlata oladigan shifoxona tibbiy vositalari, tezkor test vositalari bilan ta'minlangan bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, aholida bu vaziyatda o‘zini tutish ko‘nikmalari hosil bo‘lishi ham kerak.

— Pandemiyaning bevosita iqtisodiy oqibatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda aholida ham, davlatda ham resurslar kamayib bormoqda. Nima deb o‘ylaysiz, ilk qadamlarimiz nima bo‘ladi? Kun.uzʼda e'lon qilgan maqolangizda ham bu haqda batafsil to‘xtalgansiz. Shundan beri vaziyat o‘zgardimi?

— Qanday choralar ko‘rilishi kerak deganda, bu chora ko‘ruvchilarni kim deb bilyapmiz: davlatmi, biznes egalarimi yoki aholimi? O‘shanga qarab bir narsa aytish mumkin. Davlatning o‘z tutgan yo‘li — aholini, birinchidan, tinchlantirishi; ochiq axborot yetkazishi kerak, bu hal bo‘lmaydigan muammo emas. Qabul qilinadigan qarorlar tizimli xulosalar bilan hal qilinsa bo‘ladi. Ikkinchidan, odamlar moddiy holatini ushlab turishga yordam berishi kerak. Undan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda o‘qib qolyapmanki, ocharchilik bo‘yicha vahima tushunchalari bo‘lyapti.

Kun.uzʼda ham ro‘zg‘or masalasi to‘g‘risida jurnalistik so‘rovnoma o‘tkazilgandi. Bu qiziqarli ma'lumot beradi, lekin bu sotsiologik so‘rov emas. Ya'niki, olingan ma'lumotlar asosida aholida bir-ikki haftada pul tugab qoladi degan xulosalarga kelish kerak emas. Chunki hech kim bemalol o‘tirib, qo‘liga qog‘oz- qalam olib batafsil hisobladi deb o‘ylaysizmi – yo‘q, albatta.

Tasavvur qilaylik, vaziyat judayam qiyinlashib ketdi, odamlarda haqiqatan ham daromad to‘xtadi, pul yo‘q — shunday vaziyatda O‘zbekiston uchun ochlik xatari bormi? Mutlaqo yo‘q, davlatda yetarli resurslar, mablag‘lar borki, bir necha oy, balki yil yetarli miqdorda uglevod, oqsillar bilan ta'minlab bera olishiga kuchi yetadi. Ocharchilikdan umuman qo‘rqish kerak emas.

Albatta, mablag‘ kamayadi, kambag‘allashuv bo‘ladi, lekin bunchalik darajada emas.

— Bu yerda yana bir narsaga e'tiboringizni tortaman, kunlik daromadi bo‘lgan, lekin karantin paytida uyida o‘tirib, ro‘zg‘or ishlariga qiynalib qolgan odamlar ham bor. Ularda sotib olish uchun xarid quvvati yo‘q, savol tug‘iladi, bular davlatdan qandaydir yordam kutishga haqlimi?

— Bu haqda bemalol aytishim mumkin, davlat buni reja asosida yo‘lga qo‘ydi. Men buni to‘liq quvvatlayman. Bu muammoga qanday yondashdi? Buni antikrizis yondashuv deyiladi. 2020 yil uchun ajratilgan davlat budjeti bor, unda ijtimoiy majburiyatlarni bajaradigan xarajatlar va daromadlar manbalari ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, qachon tugashi noma'lum bo‘lgan bu holat uchun alohida budjet hisoblandi, aniq hisob-kitoblar deyilmasa-da, birinchi qadamlar to‘g‘ri tashlandi.

Tibbiy vositalar, aholini ijtimoiy himoya qilish, shifoxonalar qurish kabi yo‘nalishlarni Moliya vazirligi ko‘rsatdi. Sizni savolingizga javob beradigan bo‘lsam, albatta, aholi yordam kutishga haqli. Chunki bu davlatning eng birlamchi vazifasi.

— Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov aholiga yordam berish vazifasini bilib turibmiz, lekin qanday qilib yetkazib berishni bilmaymiz, bu ustida ishlayapmiz dedi. Sizningcha, aholiga qanday qilib moddiy yordam berish eng qulay vosita bo‘lishi mumkin?

— Birinchi galda ishda band bo‘lgan odamlar, ular o‘z korxonalari ro‘yxatida orqali moddiy yordamni olishi kerak. To‘g‘ridan to‘g‘ri olish faqat alohida kategoriyadagi odamlar uchun bo‘ladi. Shuningdek, band bo‘lmagan yoki bandligi yashirilgan odamlar bor. Ular bandlikka ko‘maklashish agentligiga ro‘yxatdan o‘tgan holda (kimdir o‘tmagan bo‘lsa, o‘tishi lozim) yordam oladi.

Inqirozning pozitiv tomonlaridan biri shundaki, aholining real holati ko‘rinadigan payt yuzaga chiqdi: ish bilan band bo‘lgan, bandligi yashirilgan va mehnat ish joyi bilan band bo‘lmagan odamlarning toifalari ochiq ko‘rinadi. Bu texnik masala, ya'ni murakkab narsa emas. 

Bundan tashqari, fuqarolik tashabbuslari bo‘lishi mumkin. Ularga aytilsaki, bizga aniqlab bering, qaysi odamlar davlatning nazaridan chetda qoldi. Bu ham yordam berishi mumkin. Kimdadir firibgarlik bo‘lishi mumkin degan tushuncha tug‘iladi, lekin bu paytda firibgarlik minimal darajada bo‘ladi. Bu o‘zaro ishonch bilan, davlat o‘zining tizimlari orqali tepadan pastga va pastdan ijtimoiy tashabbuskorlik faoliyatlarini jamlagan holda hal qilinadigan masala.

Suhbatning to‘liq formatda Youtube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: