Bu orqali esa kasallikdan keyin koronavirusga immuniteti borligi tasdiqlangan kishilar ish joylariga qaytishlari mumkin, deb yozadi The New York Times.
Nashrga ko‘ra, antitanachalar testi orqali qaysi tibbiyot xodimlari koronavirusdan himoyalanganini aniqlab, shu yo‘l bilan bemorlarni qo‘rqmay davolashda davom etishi mumkin bo‘lgan shifokorlarni ajratib olsa bo‘ladi.
Yuqumli kasalliklar bo‘yicha AQShning yetakchi eksperti Entoni Fauchining aytishicha, Oq uydagi ishchi guruh bu testdan ijobiy o‘tgan fuqarolarga «immunitet sertifikati»ni berish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu sertifikat kishida koronavirusga immunitet shakllanganini tasdiqlaydi.
«Mamlakatni ochish haqida o‘ylashimiz uchun, avvalo, virusning omma orasida qanchalik tarqalganini bilishimiz zarur», – dedi doktor Fauchi CNN’ga bergan intervyusida.
Xodimlar immunitetini tekshirib, shu asosda ularni o‘z ish joylariga qaytarish ko‘p mamlakatlarda, jumladan Italiya va Britaniyada ham o‘rganib chiqilmoqda.
Yaqinda AQSh Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi aholining qancha qismi virusdan zararlanganini bilish uchun antitanachalar testlari o‘tkazilishi boshlanishini e'lon qildi. Ko‘p o‘tmay, Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab 10 ming nafar ko‘ngilli o‘rtasida antitanacha testlari o‘tkazilishi ma'lum qilindi.
Biroq har qanaqa testning ham mukammal emasligi va ularning aniqligi borasida muammolar borligini ham nazardan qochirmaslik zarur.
Testlar haqida nimalarni bilamiz va bilmaganlarimiz nimalar?
Antitanachalar tahlili serologik test deb ataladi. Serologik testda yangi infeksiya (hozirgi holatda bu – koronavirus)ga immun tizimi qanday reaksiya ko‘rsatishi o‘rganiladi.
Xo‘sh, bu nima uchun kerak?
Tanaga virus kirsa, tana bu dushmanni ilg‘ab olishi va unga qarshi immun tizimini safarbar qilishi uchun ma'lum vaqt ketadi. Antitanachalar deb ataluvchi immun molekulalari esa mana shu safarbarlikda katta rol o‘ynaydi.
Antitananing birinchi turi – M (yoki IgM) immunoglobulin deb atalib, uning qondagi miqdori virus paydo bo‘lgandan keyin bir necha kun ichidayoq oshadi.
Biroq IgM – umumiy kurashchi. Aniq bitta virusni mo‘ljalga olish va uni yo‘q qilish uchun tanada ikkinchi turdagi antitana – G (yoki IgG) immunoglobulin ishga tushishi kerak. Ayni mana shu turdagi antitanacha virusni taniy oladi, uni boshqa infeksiyalardan farqlay oladi.
Qonda IgG miqdorining oshishi va IgM miqdorining tushishi asnosida, IgG antitanachalarining top nuqtaga yetishi infeksiya yuqtirib olinganidan keyin o‘rtacha 28-kuni sodir bo‘ladi.
Yana bir – uchinchi turdagi antitanalar ham mavjud bo‘lib, ular IgA deb ataladi va inson tanasining shilliq qavat to‘qimalarda (masalan, o‘pkada) mavjud bo‘ladi.
IgA nafas yo‘llari infeksiyalariga, masalan, grippga qarshi kurashda muhim rol o‘ynaydi. Koronavirus bilan kurashda ham ayni mana shu antitanacha asosiy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Ko‘pchilik testlar shu 3ta antitana darajasini inobatga olgan holda ishlab chiqilayotgan bo‘lsa, ba'zilari IgM va IgG`ga, qolganlari esa faqat bitta turdagi antitanachaga ahamiyat bermoqda.
Antitanachalarni test qilish bilan nimalar ma'lum bo‘ladi?
Antitanachalarni virus tanaga kirgandan keyin ancha kech aniqlash mumkin va shuning uchun ular infeksiyaga erta tashxis qo‘yishda yordam bera olmaydi.
Biroq antitanachalar testlari ko‘p sonli aholida antitanachalar reaksiyasini tadqiq qilishda qo‘l keladi. Va bu faqat kimning kasallikka nisbatan immun tizimi yaxshi ekanini emas, balki virus aholi orasida qanchalik keng tarqaganini ham ko‘rsatadi.
Chunki koronavirus yuqtirib olganlarning katta qismi kasal bo‘lganini sezmaydi. Tadqiqotlar Covid-19ning alomatsiz kechishi holatlari 25 foizdan 70 foizgachani tashkil etishini ko‘rsatmoqda.
Ayni shu vaziyatda serologik testlar olimlarga mana shu turdagi bemorlarni aniqlashga va Covid-19dan vafot etish bo‘yicha statistik ma'lumotlarni aniqlashtirishga yordam beradi.
Jahon mamlakatlari hukumatlari ham serologik testlarga umid bilan qarashmoqda. Shu orqali kasallikni qayta yuqtirib olmaslikdan kafolatlangan insonlarni aniqlash va ularni xavfsiz ravishda ish joylariga qaytarish mumkin.
Bundan tashqari, bu turdagi test natijalari hududlardagi epidemiya darajasini baholash va karatinni yumshatish-yumshatmaslik bo‘yicha qaror qabul qilishda ham asos vazifasini bajarishi mumkin.
Qolaversa, olimlarda antitanachalar miqdorining oshishi va tushishiga qarab, kishi infeksiyani qaysi sanada yuqtirib olganini hisoblab chiqishi imkoni tug‘iladi.
Serologik testlar kasallikning mavsumiy omillarga ta'sirini ham baholashda qo‘l kelishi mumkin.
Menimcha, koronavirusga chalinib tuzalib ketgan bo‘lsam kerak. Bunga ishonchim komil. Endi serologik test topshirib, bemalol ko‘chaga chiqaversam bo‘ladimi?
Hozircha yo‘q. Ayni paytda sinov jarayonida bo‘lgan immunologik testlarning aksariyati kishida koronavirusga qarshi antitanachalar bor yoki yo‘qligini aniqlay oladi xolos. Lekin kishida antitanacha shakllangani – unda Covid-19ga immunitet borligini anglatmaydi.
«Immunitetga ega bo‘lish degani – agar siz virusga chalinsangiz, virus tanaga infeksiya tarqatishidan oldin immun tizimi uni tozalay olishini anglatadi», – deydi Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti virusologi, doktor Angela Rasmussen.
Yana istisnoli holatlar ham bo‘lishi mumkin: masalan, ba'zi odamlarda virusga chalinish biror simptomsiz yoki yengil o‘tgan bo‘lsa-da, ularni qayta infeksiya yuqtirishdan himoyalaydigan antitanachalar kuchsiz bo‘lishi mumkin.
Yoki aksincha, IgG antitanachalari miqdori kam bo‘lgan odamlarda himoya qobiliyati kuchli bo‘lishi ham mumkin. Sababi – immunitetning kasalliklarga qarshi reaksiyasida antitanachalarning rolini biz ancha yaxshi tushunamiz, lekin immun tizimida yana boshqa hujayralar – oqqon tanachalari (leykotsitlar) ham bor.
«Immunitetning turli qismlari bo‘lgan oqqon tanachalari va antitanachalarning kasallik himoyasi uchun birgalikda qanday ishlashi haqida juda kam narsa bilamiz», – deydi doktor Rasmussen.
Shu bilan birga, qonda antitanachalar bor-yo‘qligidan tashqari, agar bor bo‘lsa, ular tanaga kirgan koronavirusni neytrallashtirish qobiliyati haqida aniqroq ma'lumot beradigan testlar ham takomillashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, qator davlatlarda koronavirusga qarshilik qiluvchi kuchli antitanachalarga ega kishilarning qon zardobidan immuniteti kuchsiz bemorlarni davolashda foydalanilmoqda.
Testda aldamchi pozitiv holat qayd etilishi ancha xavfli...
Antitanachalar haqida ma'lumot beruvchi serologik testlarning ba'zilari foydalanish uchun tayyor, biroq ularning qanchalik effektiv ekanini aytishga hali erta.
Doktor Rasmussenning aytishiga qaraganda, serologik testlar bilan bog‘liq muammoli holatlar ham uchrayapti.
Masalan, Buyuk Britaniyada shunday holat kuzatilgan. Serologik testlar yolg‘on negativ (antitanachalar mavjud paytda ularni ilg‘ay olmagan) va yolg‘on pozitiv (antitanachalar yo‘q paytda ularni mavjud qilib ko‘rsatgan) ko‘rsatkichlarini qayd etgan.
Ba'zi testlar esa yangi infeksiya – koronavirusga qarshi immun tizimi reaksiyasini ko‘rsatish uchun yetarlicha ixtisoslashmagan bo‘lishi mumkin.
Bu yerda yolg‘on ijobiy ko‘rsatkichlar ayniqsa xavfli bo‘lishi mumkin. Chunki shuning natijasida kimdir o‘zida immun tizim yaxshiligiga ishonib xotirjam bo‘lishi, oqibatda esa virus bilan kasallanishi mumkin.
«Kimdir men virusdan himoyalanganman, deb o‘ylasa va aslida unday bo‘lmasa, bu, albatta, yomon», – deydi Rasmussen xonim.
Bundan tashqari, agar kimdadir virusga qarshi immunitet bo‘lsa, bu immunitetning qancha payt saqlanib qolishi ham aniq emas.
Bu – yangi virus va hech kim unga nisbatan immun tizimining qancha payt saqlanib qolishini bilmaydi.
Faqat unga yaqin bo‘lgan SARS va MERS kabi viruslar bilan solishtirsak, immun tizimi 1 yildan 8 yilgacha saqlanib qolishini taxmin qilish mumkin.
Nyu-Yorkdagi Ikan tibbiyot maktabi virusologi Florian Krammerning fikricha, hozircha bir xulosaga kelishning eng yaxshi yo‘li: koronavirusni bir marta yuqtirgan, antitanachalarga ega va ega emas odamlarni kuzatish hamda ularning qayta infeksiya yuqtirish yoki yuqtirmasliklarini solishtirishdan iborat bo‘lmoqda.
Biroq bu – vaqt talab qiladigan jarayon.