Intervyuda koronavirus infeksiyasi tarqalgan sharoitlarda paydo bo‘ladigan moliya va iqtisodiyotga doir muammolar, ularni yechish yo‘llari muhokama qilindi.
Mazkur intervyu davomida yangragan ahamiyatga molik savol-javoblarni e'tiboringizga havola etamiz.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov hozirgi vaziyatni shunday tushuntirdi:
«Albatta, O‘zbekiston iqtisodiyoti ham jahon iqtisodiyotidan ajralib qolgan avtonomiya emas. Tashqi savdomiz YaIMga nisbatan juda katta raqamlarni tashkil etadi. Shunday ekan, koronavirusning jahon iqtisodiyotiga ta'sirini sezmay ilojimiz yo‘q.
Ta'sir qachondan boshlanadi? U mart oyining o‘rtalaridan boshlab sezila boshladi. Pandemiya Xitoyda boshlangach, qo‘shilgan qiymat zanjirining uzilishi nazariyasini hayotda ham ko‘rdik.
Jahonda vujudga kelgan vaziyat ilgarigi biror inqirozga o‘xshamaydi. Ishonch inqirozi, bank inqirozi, moliyaviy inqiroz, talab inqirozlari bo‘lishi mumkin. Hozirgisida barchasi mujassam. Hozirgisida talab bor narsani ham ololmasligimiz mumkin.
Hukumatimiz mart oyining o‘rtalaridan boshlab karantinga doir choralarni amalga oshira boshladi va bu iqtisodiyotga o‘z ta'sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Birinchi chorakda YaIM bo‘yicha 4,5 foiz o‘sishni kutmoqdamiz. Bu albatta, o‘tgan yili tuzgan rejalarimizdan ko‘ra pastroq. Ming afsuski, keyingi choraklarda, ayniqsa ikkinchi chorakda kutayotgan raqamlarimiz yanada og‘irroq bo‘ladi.
Fikrimizcha, ikkinchi chorak eng murakkab chorak bo‘ladi. Chunki aprelda barchamiz o‘ta qat'iy karantin sharoitida yashaymiz. Odamlarga tushunarli bo‘lishi uchun oddiy misol keltirmoqchiman. Masalan, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida realizatsiya qilinayotgan benzin va metan gazining hajmi aprel oyining birinchi o‘n kunligida o‘tgan oylarga nisbatan ikki baravardan ko‘proqqa kamaygan. Yoqilg‘i xarid qilinmayaptimi, ishlab chiqaruvchi ham mahsulot ishlab chiqarilishini kamaytirishi kerak. Ishlab chiqaruvchi kamaytirdimi, uning tushumi kamayadi.
Ishlab chiqarish — tabiatda suvning aylanishi kabi to‘xtamas zanjirga o‘xshaydi. Shu sababli bitta keskin o‘zgarish oxirigacha o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Biz bu yil sanoatning 6,5 foizga o‘sishini kutayotgan edik. Hozirgi holatni funksiya desak, uning o‘zgaruvchan elementi pandemiya hamda karantin choralarining qancha davom etishiga bog‘liq.
Qolaversa, YaIMimizning uchdan bir qismi xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri keladi va ayni sharoitda ular ham ishlamasdan turibdi. Investitsiyalar ham qisqaradi. Agar yil yakuni bilan kutayotgan natijalarimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, birinchi navbatda xavotirlarning oldini olish uchun aytamanki, inflatsiyada 20–25 foizgacha keskin sakrashlar bo‘ladi, degan gaplar uchun asos yo‘q. Iqtisodchilarning konsensus fikriga ko‘ra, bizda oz bo‘lsa ham iqtisodiy o‘sish bo‘ladi va YaIM pasaymaydi.
O‘zbekistonda pandemiyani cheklash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni juda to‘g‘ri va samarali, deb hisoblayman. Kasallanganlar soni ko‘payishi tabiiy edi. Lekin uni jilovlab olamiz, uzoqqa ham cho‘zilmaydi, halokatli holatga ham bormaydi.
Shu sababli jahon iqtisodiyoti oyoqqa turib yurib ketishi biz uchun muhimroq. Xususan, Xitoyda kasallik jilovlanganidan juda xursandmiz. Bizning asosiy savdo hamkorlarimizdan yana biri Rossiya Federatsiyasida ham ahvol tezroq o‘nglanishidan umid qilamiz».
Boshlovchining «O‘zbekistonda kambag‘allik deyilganda nima tushuniladi, uning ma'lum bir ko‘rsatkichi bormi?» — degan savoliga Qo‘chqorov shunday javob berdi:
«Prezidentning parlamentga murojaatida kambag‘allik degan so‘zning o‘zi ilk bor tilga olindi. Bir paytlar kambag‘al u yoqda tursin, ijtimoiy himoyaga muhtoj degan so‘zdan foydalanmasdan, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, degan terminlarni kirgizganmiz.
Endi kambag‘allik so‘zi aytilishi bilan vaziyatga jiddiy baho berildi, uni qisqartirish bo‘yicha jiddiy choralar ishlab chiqish boshlandi. Hattoki Iqtisodiyot va sanoat vazirligining nomi ham o‘zgartirildi. Qabul qilingan qarorda kambag‘allikni baholash, mezonlarini belgilash, minimal iste'mol savatchilari miqdorini ishlab chiqish va hokazo vazifalar qo‘yilgan.
Ko‘pchilik iqtisodchilarning fikricha, O‘zbekistonda kambag‘allarning ulushi aholining 15 foizi atrofida. Jahon banki mezonlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, kunlik iste'moli 1,7 AQSh dollaridan past bo‘lganlar kambag‘al hisoblanadi.
Vazirlik bu masalaga aniqlik kiritish bo‘yicha ishlarni endi boshladi. Hali tizimli va ilmiy asosini yaratish kerak. Biz o‘zimiz uchun qandaydir soxta ko‘rsatkichlar yaratib olmoqchi emasmiz, rahbarimizning siyosatiga to‘g‘ri kelmaydi. Faqat ochiq va haqqoniy ma'lumot bo‘lishi kerak. Shuning uchun Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamjihatlikda yil oxirigacha dastur ishlab chiqamiz. O‘shanda siz aytgan savollarga aniqroq javob beramiz».