1. Holatni qabul qiling
Eng ochiq-oydin, ammo og‘ir yo‘l. Siz noxush epidemiologik vaziyatni shaxsan barqarorlashtira olmaysiz. Va mijozlaringizga uydan chiqishni taqiqlaydigan ko‘rsatma va qonunlarni bekor qilolmaysiz. Ammo o‘z kuchingiz va asabingizni vahimaga sarflashdan tiyilishga qodirsiz. Hissiyotlar og‘ushida qaror qabul qilish – har qanday biznesning ashaddiy dushmanidir. Yaxshisi jahl va boshqa bosqichlardan darhol voz kechib, qabul qilish bosqichiga o‘tish kerak: chunki undan baribir qochib qutulolmaysiz.
Vaziyat siz uchun biznesning barcha tizimlarini kuchli sinovdan o‘tkazuvchi o‘ziga xos stress-testga aylanadi. Agar siz hozir ishni to‘xtatib, bo‘ronning tinchishini kutadigan bo‘lsangiz, keyinchalik har qanday holatdan xulosa chiqara oladigan, qiyinchiliklardan qo‘rqmaydiganlar bilan raqobatlashishga to‘g‘ri keladi.
2. Qaysi xarajatlarni qisqartirish mumkinligini o‘ylab ko‘ring
Keng ko‘lamli inqiroz sababli odamlar kam sarflay boshlaydilar. Demak, hech qanday chora ko‘rmasangiz, foydangiz barqaror ravishda pasaya boshlaydi.
Foyda – daromad va xarajatlar orasidagi farqdir. Demak, qilmagan xarajatlaringiz kapitalingizni ko‘paytiradi. Biznesingiz nimalardan voz kecha olishi haqida o‘ylab ko‘ring.
Masalan:
- pullik dastur ta'minoti, ularning bepul muqobillari ham bo‘lishi mumkin;
- katta reklama xarajatlari;
- autsorsingga topshirilayotgan vazifalar;
- ta'minotchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki distribyutorlar orqali ishlash;
- xodimlarni rag‘batlantiruvchi to‘lovlar;
- xodimlarni o‘qitish xarajatlari. Ulardan to‘liq voz kechish shartmas, balki bepul turlarini topish mumkin;
3. Xodimlaringiz xavfsizligini ta'minlang
Butun dunyo qo‘rqayotgan COVID‑19 haqiqatdan ham xavfli. Agar mijozlar bilan onlayn emas, bevosita yaqin aloqada ishlaydigan bo‘lsangiz, ularning va xodimlaringizning xavfsizligini ta'minlash – sizning vazifangiz.
Masalan, agar do‘koningiz bo‘lsa, peshtaxta yuzalarini, eshik tutqichlarini muntazam dezinfeksiya qilish, savdo zalidagi odamlar sonini cheklash, pollarni nam latta bilan artib turish, imkoni boricha to‘lovlarni naqdsiz qabul qilish – muhim himoya choralaridir. Va albatta shamollashning har qanday alomatiga ega xodimlarni ishga chiqishini taqiqlash zarur.
4. Yangi ish rejimiga o‘ting
Ko‘plab kompaniyalar xodimlarini masofaviy ish rejimiga o‘tkazmoqda. Buning imkoni yo‘q joylarda (supermarketlar, restoranlar) esa mijozlar bilan yaqin aloqani imkon darajada cheklamoqda.
Yangi rejimdan faqat OAV yoki axborot texnologiyalari sohasida emas, balki ko‘plab boshqa sohalarda ham foydalanish mumkin. Masalan, bir qator restoranlar ovqat yetkazib berish xizmatini ishga tushirgan. Poyabzal yoki elektronika do‘konlari esa tovar berish punktlarida ularni saqlash muddatini uzaytirgan. Ba'zi kompaniyalar kontaksiz yetkazib berish xizmatini taklif qilmoqda. Mijoz tovar pulini oldindan to‘laydi. Kurer esa uni eshik oldida qoldirib, xavfsiz masofaga chekinadi va mijozning qabul qilib olishini kutadi. Siz ham bu formatga o‘tishingiz va mijozlarga ularning sog‘lig‘ini ta'minlash uchun barcha choralarni ko‘rayotganingizni bildirishingiz mumkin.
Pandemiya tufayli biznesingizda yangi mutaxassislarga ehtiyoj paydo bo‘lishi, ba'zilari esa kerak bo‘lmay qolishi mumkin. Xodimlarni ishdan bo‘shatish – eng so‘nggi choradir. Chunki 2-3 oy ichida hammasi iziga qaytishiga umid bor, yangi xodimlarni olish esa qimmatga tushishi mumkin. Bundan tashqari, ish o‘rinlarini ommaviy qisqartirish jamoaning ishtiyoqini so‘ndirishi mumkin.
Ish faoliyatining tizimi qanchalik mukammal bo‘lmasin, uni qayta sozlash mumkin. Masalan, xodimlardan ba'zi biri mijozlar bilan telefon orqali muloqot qilishi, kimdir saytdagi sharhlar va izohlarni kuzatib borishi mumkin. O‘zingiz ham odamlarni ishtiyoqini ko‘tarishingiz mumkin: kassada ishlang yoki tovar yetkazib berishda ishtirok eting.
5. Maxsus takliflarni yarating
Inqiroz — tavakkal qilish payti, shuningdek, marketingda ham. Yangilik qilish mumkin va zarur, muhimi – ahloq me'yorlaridan chiqmaslik va odamlarning qo‘rquvidan pul ishlashga urinmaslik. Savdo hajmini oshirish uchun nimani taklif qilish imkoniyatingiz borligini o‘ylab ko‘ring.
Masalan, tovar va xizmatlarga obuna bo‘lish taklifi – yaxshi g‘oya. Yil davomida, har oyda buyurtma beruvchi mijoz bir martalik ko‘plab mijozlardan foydaliroq bo‘lishi mumkin. Buni o‘z mijozlarga turli chegirmalar bilan taklif qilishing. Obunani to‘liq to‘laydigan mijozlar bilan esa shartlarni alohida kelishib olish mumkin.
6. Murakkab davrda siz bilan birga qolayotganlarni rag‘batlantiring
Og‘ir damlar o‘tib ketadi, agar hammasini to‘g‘ri bajarsangiz va voqealar rivoji omadli kechsa, biznesingiz qoladi. Imkoni boricha, jamoaning har bir a'zosi ishini baholab qo‘ying. Murakkab davrdan o‘tishga yordam beruvchi hamkorlar, ta'minotchilar, kontragentlar bilan aloqada qoling. Munosabatlaringiz sermahsul davom etishi uchun, qiyinchiliklar tugagandan keyin ularga hamkorlikning qanday yoqimli sharoitlari va bonuslarini taqdim etishingizni hozirdan o‘ylab qo‘ying.