Zafar Hoshimov: O‘zbekiston pandemiyadan keyingi davrga «xavfsiz turizm» brendi bilan kirib kelishi mumkin

Iqtisodiyot 08:09 / 17.04.2020 11455

U inqiroz vaqtida tadbirkorlar uchun muhim jihatlarni sanab o‘tdi.

«Inqiroz vaqtida tadbirkor iloji borichi mablag‘larini jamlashi kerak. Masalan, [tadbirkorning mablag‘i] kerak bo‘lmaydigan jihozlar, mulk bo‘lsa, ulardan iloji boricha qutulib, mablag‘ini jamlashi kerak.

Inqirozda eng kerak bo‘ladigan xom-ashyo bu – tadbirkorning hisob-raqamidagi, qo‘lidagi puli. Xarajatlarda ham pullarni bemaqsad ishlatilmasligiga xushyor bo‘lish kerak. Chunki oldinda ko‘p noaniqliklar bor. Korxonalarimizni saqlab qolish – biz uchun eng katta maqsad. Shuning uchun tejamkorlik, aql-idrok bilan ustuvor joylarga pullarni sarflash kerak. Tadbirkor ham likvidlikni saqlashi kerak», – dedi Hoshimov.

Tadbiror inqiroz vaqtida korxonalarning o‘z xodimlari va xaridorlarini qo‘llab-quvvatlashi muhim ekanini ta'kidladi.

«Inqiroz – odamiylik darajasidagi sinov. Biznes odamlarga foydasi tegmasa, u biznes deb tushunilmaydi. Ya'ni har qanday biznesdan manfaatdor xodimlar va xaridorlar bor. Mana shunday inqirozlarda xodim va xaridorlarning g‘ami bilan yashash kerak. Korxonani saqlash – tadbirkor uchun eng katta ustuvor masala; korxona saqlansa, xodimlarni qo‘llab-quvvatlay oladi. Imkoniyati bor darajada xodim va xaridorlarni qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Sharoitdan foydalanib, foydani oshirib olaman deb kalta o‘ylash kerak emas. Bu narsani xaridorlar ham, xodimlar ham ko‘rib turibdi», – dedi Zafar Hoshimov.

U O‘zbekistonda turizm sohasini qayta tiklash uchun davlat, jamiyat va biznes vakillarining roli haqidagi savolga javob berdi.

«Trendlar o‘zgaryapti. Shu jumladan, turizm va boshqa sohalardagi trendlar ham. Hozir odamlar uylarida zerikib o‘tiribdi, karantin tugasa, biror joyga borib aylanaman deb. Lekin ertaga o‘sha turistlar qayerda xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lsa, o‘sha yerga boradi.

Mehmonxona bo‘ladimi yoki boshqa joymi, dizaynlarini qaytadan o‘ylab chiqish kerak. Mehmonxonaning tashrif qog‘ozi – epidemiologik va gigiyenik xavfsizlik bo‘lsin. Kiraverishlarda antiseptik vositalar bo‘lishi, xodimlari qo‘lqoplarda ishlashi, konferensiya zallari, restoranlari bo‘lsa, stollarni bir-biridan uzoq qo‘yish kerak. Chunki ijtimoiy masofa yangi trend bo‘ladi. Karantindan keyin ham odamlar muayyan muddat davomida bu narsadan xavfsirashadi.

O‘zbekiston – MDH, Osiyo uchun yangi brend, ya'ni xavfsiz sayohat nuqtasi, degan brend bilan kirishi mumkin. Bunday imkoniyat bor. Kecha karantinga rioya qilish indeksi chiqdi. Eng yuqori ko‘rsatkich O‘zbekistonda. Bu narsa bilan faxrlansak bo‘ladi. U ertaga marketing qurolimiz bo‘la oladi», – dedi Hoshimov.

To‘liq suhbatni «MFaktor» loyihasining YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: