«Tadbirkor muammodan ko‘ra ko‘proq imkoniyat izlaydi» – Zafar Hoshimov iqtisodiy inqirozlar haqida

Iqtisodiyot 23:48 / 16.04.2020 10684

«Hozir hamma tadbirkorlar bir-biriga yordam beradigan, qo‘llab-quvvatlaydigan payt. Shuning uchun hammamiz birgalikda, hamkorlikda qiyinchilikni birgalikda bosib o‘tishimiz osonroq.

Tadbirkor deganda tashabbuskor, istiqbolni qo‘ra oladigan, hayotga ijodiy nazar bilan qaraydigan, hayotga, sharoitga moslashuvchan, foyda topaman deb tavakkalchilik qiladigan odamlarni tushunamiz. Ular muammolarga qaraganda imkoniyatlarni izlashga harakat qiladi», – deya Zafar Hoshimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U hozirda kuzatilayotgan inqirozning o‘ziga xos jihatlariga to‘xtaldi.

«Tarixda juda ko‘p inqirozlar bo‘lgan. Iqtisodiyotning siklik rivojlanishi bor, unda inqirozlar muqarrar. Gohida tez-tez, gohida sekin keladi.

Inqiroz – rivojlanishning juda ham muhim bosqichi. Chunki u tadbirkorlarni, iqtisodiyotni o‘zgarishlarga boshlaydigan turtki. Ayrim sohadagi, mintaqaviy va global inqirozlar bo‘lishi mumkin. Hozirgi iqtisodiy inqirozning sababi iqtisodiy omillar emas.

Inqiroz haqiqatda global. Butun dunyo iqtisodi to‘xtab qoldi. Tahlil qilish ham qiyin, chunki hech bir mamlakat, korxonalar bu ahvolga tushmagan edi», – dedi Hoshimov.

Zafar Hoshimov tadbirkorlik va inqiroz tushunchalari haqida fikr bildirdi.

«Tadbirkorlik – bir qayiq. Tadbirkorlar qayiq yasab, ummonga safarga chiqadi. Ummonga safarga chiqqan odam albatta bilishi kerakki, har doim ham quyosh bo‘lmaydi. Suv sathi bir xil bo‘lishiga ham kafolat yo‘q. Ya'ni bo‘ronlar ham bo‘ladi. Ummonga chiqqanimizda turli xil qiyinchiliklar bo‘lishi, ularni bosib o‘tishimiz kerakligini bo‘ynimizga olib chiqishimiz kerak.

Tadbirkor bu yo‘lga eng avvalo Allohga ishonib chiqishi, inqirozni ham Allohning sinovi deb bilishi kerak. Boshqa tarafdan ham ne'mat, rizq, omadni ham Alloh berguvchidir. Tadbirkor Allohga tavakkal qildimi, imkoniyatsiz narsaning o‘zi yo‘q», – dedi u.

Korzinka.uz asoschisi tadbirkorlikni matematikadagi o‘yinlar nazariyasiga taqqosladi.

«Tadbirkorlik ham bir o‘yin, lekin yaxshi tomoni – bu o‘yin hech qachon tugamaydi. Qiyinchilik, past-baland bo‘ladi. Ishonish kerakki, bu o‘yin tugamaydi. Xuddi o‘z-o‘zini yurgizadigan, batareyasi tugaymaydigan mashinaga o‘xshaydi. Agar biz tadbirkorlarning batareyamiz tugab qolmasa, biznesni har qanday sharoitda yurgizish imkoniyati bor», – dedi Zafar Hoshimov.

To‘liq suhbatni «MFaktor» loyihasining YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: