«Og‘izda – bor, amalda – yo‘q». Avstriyada epidemiyaga qarshi kurashdagi tarqoqlik

Jahon 16:00 / 16.04.2020 14736

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ayni damda mamlakatda virus bilan kasallanish holatlari soni 14 mingdan oshiqni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 400ga yaqini vafot etgan.

Ishgl – xavf zonasi

Foto: «Profil» jurnali

Garchi mamlakatdagi ilk holat Tirol viloyatidagi Ishgl chang‘i kurortida aniqlangan bo‘lsa-da, hukumat tomonidan o‘z vaqtida yetarlicha chora ko‘rilmagani bois virus minglab odamlarga yuqtirildi.

4 mart kuni Ishgl shahrida ta'tilni tamomlab, o‘z mamlakatlariga qaytib ketgan ko‘plab islandiyalik sayyohlarning Covid-19 virusini Ishglda yuqtirib olganliklarini jamoatchilikka ma'lum qilishi ortidan Avstriya ma'murlarining javobgarligi inkor etib bo‘lmaydigan holatga keldi.

Buning ortidan Islandiya mart oyi boshida Ishglni xavf zonasi, deb e'lon qildi. Ammo Avstriya rasmiylari ushbu voqeadan 8 kun o‘tgachgina hududni karantinga olishga qaror qilishdi. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakat virusga qarshi chora ko‘rishda kechikdi.

Vaqt o‘tishi bilan Germaniyaning uch nafar fuqarosi vafot etishi va orasida Gollandiya, AQSh, Germaniya fuqarolari bo‘lgan 4,5 mingdan ortiq kishi Avstriya hukumati ustidan shikoyat qilgani vaziyatni yanada jiddiylashtirdi.

Natija yurak hovuchlab kutilmoqda

Sebastyan Kurs

Avstriyadagi so‘nggi yangiliklardan anglash mumkinki, hukumat Covid-19’ning Yevropa qit'asiga tarqalishida asosiy rol o‘ynagan Ishgldagi mojarodan yetarli darajada dars olmagan. Bosh vazir Sebastyan Kurs boshchiligidagi koalitsiya hukumati shuncha mojarolarga qaramay, go‘yo hech narsa bo‘lmaganday Avstriyani mavhumot sari yetaklashda davom etmoqda. Hukumat 14 apreldan e'tiboran, umumiy hajmi 400 kvadrat metrgacha bo‘lgan do‘konlarning ochilishiga ruxsat berdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamda mamlakatdagi ko‘plab ekspert va siyosatchilar tomonidan tanqid qilingan ushbu qarorning natijasi endilikda yurak hovuchlab kutilmoqda.

Hukumat kerakli muhofaza ishlarini amalga oshirishda vaqt yo‘qotgani aniq. Hatto qo‘shni davlat – Italiyani epidemiya ishg‘ol qilganida ham zaruriy choralar ko‘rilmaganini qanday izohlash mumkin? Virusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat rasman qayd etilgan bo‘lsa-da, dori-darmon, qo‘lqop, niqob va boshqa vositalar yetishmovchiligi hanuz bartaraf etilmadi.

Avstriyani «chuv tushirishdi»

Mana endi esa nafaqat Avstriyadagi oddiy aholi vakillari, balki shifokor va hamshiralar ham tibbiy vositalar yetishmovchiligidan aziyat chekishmoqda. Shu bois, hatto uzoq vaqt o‘zaro munosobatlarda adovat hukm surgan davlatlardan ham yordam olishga majbur bo‘lindi. Biroq shundan keyin voqealar rivoji komediya filmlaridagi kabi tus oldi. Xitoydan Avstriyaga yo‘lovchi samolyotlarning o‘rindiqlarida (!) olib kelingan millionlab niqoblar tegishli talablarga javob bermasligi ma'lum bo‘ldi. Boshqacha aytganda, oldi-sotdi masalasida Avstriyani chuv tushirishdi.

Eng qizig‘i, aldanganini his qilgan Avstriya Germaniyadagi Dekra nomli tadqiqot tashkilotidan bu masalaga oydinlik kiritib berishni so‘radi. Keyinchalik Avstriya harbiy ma'muriyatiga qarashli institut mazkur firibgarlikni aniqlagan bo‘lsa-da, davlatning aldangani ilk bor Germaniya tadqiqot kompaniyasi tomonidan oshkor etildi.

Og‘izda – bor, amalda – yo‘q

Avvaliga bosh vazir Sebastyan Kurs ommaviy axborot vositalarida epidemiyaning oldini olish bo‘yicha ko‘plab testlar o‘tkazilayotgani va bu borada ilg‘orlik ko‘rsatgan Janubiy Koreyani namuna sifatida olib, bir kun davomida kamida 15 mingta test o‘tkazilishini e'lon qilgandi. JSSTning bu masaladagi o‘rni va ahamiyatini ta'kidlash uchun «Test o‘tkazish, test o‘tkazish va yana test o‘tkazish» shiorini tilga olgan Kurs 26 mart kunidagi matbuot anjumanida maqsadi butun mamlakat aholisini tekshiruvdan o‘tkazish ekanini ma'lum qilgandi. Ammo epidemiya boshidayoq boshqaruv izdan chiqdi. Hukumat ko‘p o‘tmay, tibbiy asbob-uskunalar yetishmovchiligi sabab bu maqsadidan voz kechishga majbur bo‘ldi. Ayni masala bilan shug‘ullanish vazifasi Qizil Xoch va ilmiy-tadqiqot tashkilotiga topshirildi.

Shunday qilib, Cora nomli tashkilot Qizil Xoch yordamida mamlakatda qancha odamning koronavirus yuqtirganini aniqlash uchun tasodifiy namunalar yordamida 1 ming 500 kishini tekshiruvdan o‘tkazdi. O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, aprel oyida Covid-19 virusini yuqtirganlar soni 10 ming 200dan 67 ming 400 nafargacha bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Ya'ni 6 aprel holatiga ko‘ra, Avstriyada o‘rtacha 28 ming 500 kishi virusni yuqtirib olgan, deb hisoblanmoqda. Bu esa o‘z navbatida ko‘plab mutaxassislarning keskin tanqidlariga sabab bo‘lyapti.

Bu orada hukumat rahbari Kurs tomonidan bozor va savdo do‘konlarida niqob taqish majburiy etib belgilanishi, niqoblar esa xalqqa bepul tarqatilishi aytildi, ammo ular yetarli miqdorda bo‘lmagani uchun bu dastur ham ma'lum vaqtga kechiktirildi. Qolaversa, niqoblar hukumat aytganidek, bepul emas, 1 yevrodan sotilishi ma'lum qilindi.

Nega «You’ll never walk alone» emas?

Bundan tashqari, o‘tgan hafta Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e'lon qilingan ko‘rsatmaga muvofiq, besh kishidan kam jamoaning uyda yig‘ilishi mumkinligi aytilgandi. Ajablanarlisi, ushbu ko‘rsatma Avstriyada Covid-19 munosabati bilan joriy etilgan chora-tadbirlarga zid edi. Shu bois yuzaga kelgan anglashmovchiliklar uchun sog‘liqni saqlash vaziri Rudolf Anschober uzr so‘radi va ko‘rsatmaga tuzatish kiritdi. Unga ko‘ra, bir oilaga mansub bo‘lmagan besh kishining yopiq hududda to‘planishiga oid taqiq o‘z kuchida qolishi ifoda etildi.

Albatta, bu kabi voqealar davlat muassasalari o‘rtasida muvofiqlik yo‘qligini va epidemiyaga qarshi kurashda turli doiralar turlicha yo‘l tutishga intilayotganini ko‘rsatib qo‘ydi.

Qolaversa, Yevropaning aksariyat mamlakatlarida uylariga qamalib o‘tirishga majbur bo‘lgan millionlab odamlarning kayfiyatini ko‘tarish uchun radiokarnaydan «You’ll never walk alone» («Siz hech qachon yolg‘iz yurmaysiz»)  treklari ijro etilayotgan bir paytda Avstriyada mamlakatning norasmiy davlat madhiyasi sifatida qabul qilingan «I am from Austria» («Men Avstriyadanman») qo‘shig‘i politsiya patrullari tomonidan eshittirildi. Shovinizm ko‘rinishi sifatida tanqid qilingan ushbu dastur ham keyinchalik bekor qilindi. Ammo nega aynan shu qo‘shiqning tanlangani, qolaversa, uning politsiya guruhlari tomonidan eshittirilishi Avstriyaning siyosiy yo‘nalishini ifoda etgandek, nazarimizda.

Bundan-da g‘alati ishlar ro‘y berishi mumkin

Covid-19 tufayli mart oyi oxirida Ruminiyadan olib kelingan va 14 kunlik karantin muddatini mehmonxonada o‘tkazayotgan 231 nafar hamshiraning pasportlari olib qo‘yilgani ham Avstriyada inson huquqlarini hurmat qiluvchi demokratik tartib zaiflashayotganidan dalolatdir.

Tabiiyki, ayni damda Avstriyadagi ba'zi media tashkilotlar mamlakatdagi vaziyatni tanqid qilmoqda va huquqiy demokratik mamlakatda sodir bo‘lmasligi lozim bo‘lgan ayrim ishlar yuz berayotganini ta'kidlashmoqda. Shu bois Avstriyada hozirgi kunda erkin ekani aniq-tiniq belgilab qo‘yilmagan barcha harkatlar taqiqlangan, degan umumiy taassurot uyg‘onmoqda. Masalan, Avstriyaning mashhur «Profil» jurnalida parkda o‘rindiqda o‘tirgan va yonidan o‘tgan piyodalar bilan ijtimoiy masofa saqlamagani uchun 500 yevro jarimaga tortilgan shaxs haqida maqola e'lon qilindi. Ijtimoiy tarmoqlarda ulkan reaksiya to‘lqiniga sabab bo‘lgan ushbu jazo jamoatchilik bosimi tufayli keyinchalik bekor qilindi. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, Ichki ishlar vaziri Karl Nexammerning politsiya kelgusida yanada faol bo‘lishini ta'kidlashi kelajakda Avstriyada bundan-da g‘alati voqealar ro‘y berishiga ishora qilmoqda.

Otabek Tillayev tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: