Valuta sotish va sotib olish bo‘yicha hech qanday cheklovlar kiritilmaydi – Mamarizo Nurmuratov

Iqtisodiyot 13:05 / 15.04.2020 19101

15 aprel kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan onlayn brifingda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov karantin holatida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, iqtisodiy vaziyat, jumladan valuta bozoridagi vaziyat haqida ma'lumotlar berdi.

«Ichki valuta bozorida shakllangan holatga kelsak, bir narsaga alohida to‘xtalmoqchi edim – Markaziy bank yoki hukumat almashuv kursining bozordagi talab va taklif asosida shakllanishiga aralashmaydi. Agar biz aralashib, bozor qoidalarini buzsak, keyin buni to‘g‘rilash juda ham qiyin bo‘ladi. Birjada va ayirboshlash shoxobchalarida valuta kursi o‘rtacha 6,5 foizga oshishi kuzatildi. Mart oyidan boshlab rivojlanayotgan davlatlar, xususan asosiy savdo hamkorlarimiz valuta kurslari keskin qadrsizlanyapti, bu bizga ham ta'sir qildi.

Biz bu holatni kursning to‘g‘rilanishi, deb hisoblashimiz kerak. Boshqa davlatlardagi, global iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar bizga o‘z ta'sirini o‘tkazdi. Tashqi kirib kelishlar kamayishi, devalvatsion kutilmalar bosim qilyapti. Importga bo‘lgan talab oldingiday emasligi devalvatsion kutilmalarni pasaytiradi. Chetdan pul o‘tkazmalari hajmi mart oyida fevral oyiga nisbatan 23 foizga, aprelning dastlabki 10 kunida 3 barobar qisqargan», deydi Markaziy bank raisi.

U O‘zbekistondagi banklarda so‘nggi kunlarda valuta sotishda cheklov qo‘yilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirgan.

«Valuta almashinuviga nazar tashlaydigan bo‘lsak, joriy yilning 25 mart va 13 aprel oralig‘ida valuta bozoridagi holat dinamikasini ko‘rib chiqdik. Bu yerda talab taklifga nisbatan oshgani kuzatiladi. Mart oyida banklar tomonidan aholiga sutkasiga o‘rtacha 12,3 mln AQSh dollari sotilgan, 10 aprel kuni bu ko‘rsatkich 19,5 mln, 13 aprelda 22 mln AQSh dollariga yetgan. Banklarga sotish, ya'ni taklif sutkasiga 12 mln bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda bu ko‘rsatkich 40 foizga pasaydi. 

Valuta birjasida o‘rtacha 62 mln AQSh dollariga sotilgan. Bugungi kun holatiga AQSh dollari kursi 10 121 so‘mga oshgani tufayli xarid bo‘yicha takliflar 80 foizga qaytarib olindi. Bu holat tabiiy kursga kelishga sabab bo‘ladi. 

Yana bir bor aytib o‘taman – valuta sotish va sotib olish bo‘yicha hech qanday cheklovlar kiritilmaydi. Bunga urg‘u berishimning asosiy sababi, so‘nggi kunlarda ijtimoiy saytlarda go‘yoki shunday cheklovlar to‘g‘risida har xil xabarlar chiqib keldi. Shuning uchun, fursatdan foydalanib, butun xalqimizga shuni yetkazmoqchimanki, valutani sotish va sotib olish bo‘yicha hech qanday cheklovlar kiritilmaydi. Faqat uning narxi bozordagi omillar asosida shakllanib boradi», deya Nurmuratovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: