Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi xarajatlarini ochiqladi

Iqtisodiyot 12:43 / 15.04.2020 10482

Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi xarajatlari haqidagi ma'lumotni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, xarajatlar miqdori 756 mlrd so‘mga teng bo‘ldi. Shundan, 226 mlrd so‘m - Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga, 123 mlrd so‘m - test sistemalar, reaktivlar va himoya vositalarini sotib olish uchun, 93 mlrd so‘m - hudud markazlariga yo‘naltirilgan.

Bildirilishicha, 72 mlrd so‘m - fuqarolarni karantinda saqlayotgan muassasalar xodimlarining ish haqi, oziq-ovqat, gigiyena tovarlari va boshqa xarajatlarga, 14 mlrd so‘m - jamoat joylarini dezinfeksiya qilish xarajatlariga, 10 mlrd so‘m - karantin tadbirlariga jalb etilgan xodimlarga kunlik qo‘shimcha to‘lovlar va koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolayotgan tibbiyot va boshqa xodimlarga maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari uchun, 7 mlrd so‘m - epidemik holat bilan kurashish bo‘yicha boshqa tadbirlarga ajratildi.

Shifoxonalar va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun esa 411 mlrd so‘m sarflandi. 

Ijtimoiy sohaga esa 117 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Bunda, 30 mlrd so‘m - Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga, kam ta'minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlar qo‘llab-quvvatlash uchun, 50 mlrd so‘m - jamoat ishlari jamg‘armasiga, band bo‘lmagan fuqarolarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun, 26 mlrd so‘m - ijtimoiy nafaqalarga, 11 mlrd so‘m - “Toshkent metropoliteni” va “Toshshahartransxizmat” xodimlariga ish haqi to‘lovlari uchun berildi.

Jamg‘armaning daromadlari hajmi 1,596 trln so‘mga teng bo‘ldi. Bunda, xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy hukumat tashkilotlarining qarz mablag‘lari - 998,3 mlrd so‘m, O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari - 598,5 mlrd so‘mni tashkil qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: